3

Islom dinida tinchlik va hamjihatlik masalasining yoritilishi

Islom dini tinchlik va hamjihatlikni jamiyat barqarorligi hamda taraqqiyotining asosiy qadriyatlaridan biri sifatida qarab, insonlar o‘rtasida totuvlikni mustahkamlashga katta ahamiyat beradi. Qur’on va hadislar insonlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, tinch-totuv hayot kechirish, nizolarni adolatli va tinch yo‘llar bilan hal etish kabi masalalarga keng o‘rin bergan. Islom ta’limoti insonlar o‘rtasida rahm-shafqat, adolat va yaratuvchanlik tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan. 

Tinchlik – jamiyat va shaxslar uchun osoyishtalik va xavfsizlik manbayi bo‘lib, o‘zaro ishonch va totuvlik muhiti hukm surgan jamiyatlar barqaror va farovon hayot kechirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tinchlik tushunchasi barcha xalqlarning birdamligi va o‘zaro totuvligini ifodalovchi keng qamrovli mafkuraviy va ijtimoiy fenomen bo‘lib, u hamjihatlik, ahillik va bag‘rikenglik tamoyillariga asoslangan muhitni anglatadi. 

Tinchlik so‘zi kechirimlilik, zo‘ravonlikdan saqlanish, vazminlik, mehribonlik, bag‘rikenglik, nizolarni hal qilish, odil hakamlik kabi ma’nolarida qo‘llaniladigan keng qamrovli tushuncha bo‘lib, barcha samoviy dinlarda tinchlik masalasi o‘ziga xos o‘ringa ega. Barcha ilohiy dinlarning maqsadi insonlarning ikki dunyo saodati va farovonligini ta’minlashdan iborat bo‘lib, barcha payg‘ambarlar tinchlikka erishish uchun harakat qilganlar. Din odamlarni halollik va poklik, mehr-shafqat, birodarlik va bag‘rikenglikka da’vat etadi. Jahon dinlaridan hisoblangan islom dinida tinchlik mavzusi alohida e’tibor berilgan bo‘lib, Islom so‘zi arabcha “سلم” o‘zagidan olingan bo‘lib, “itoat etish”, “taslim bo‘lish”, “bo‘ysunish” ma’nolarini ifoda etadi. 

“سلم” so‘zi islom bilan bir ildizdan olingan bo‘lib, bu “xavfsizlik”, “tinchlik”, “osoyishtalik” va “najot” ma’nolarini bildiradi. Shu sababdan islomda biror kishi boshqa kimsaga duch kelsa, unga yaxshilik va omonlik tilab salom berishi dinning asl mohiyati sifatida izohlanadi. Islomda odamlar bir-birlari bilan uchrashganlarida salomlashishlari, ya’ni tinchlik va farovonlik ma’nosini anglatuvchi “سلام” – “Salom” so‘zi “سلم” so‘zi ildizdan kelib chiqqan. Salom berish orqali salom berayotgan kishi boshqa odamga ishonch, tinchlik va farovonlik tilaydi va undan hech qanday zarar kelmasligini bildiradi. 

Qur’oni karimda “سلم” o‘zagidan olingan so‘zlar ishtirokida insoniyatni tinchlikni da’vat etuvchi 150 ga yaqin oyat mavjud bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinchlik ma’nosini anglatuvchi “صلح” o‘zagidan olingan 180 ga yaqin oyat bor. Ushbu oyatlarda umumiy tinchlik insoniyat uchun foydali ekanligi, buzg‘unchilikni oldini olish, tartibni ta’minlash kabi masalalar bayon etilib, tartibni ta’minlash, jon va mulk xavfsizligi, huquq va adolatni ta’minlash, odamlar o‘rtasidagi murosasizlikka barham berish, o‘zaro adovatga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirilgan. 

Tinchlik va osoyishtalikning teskarisi bo‘lgan nifoq va buzuqlikka dinimiz toqat qilmaydi. Xususan, Qur’oni karimda “A’rof” surasi 56-oyatda tinchlikka teskarisi bo‘lgan buzg‘unchilik qilmaslikka chaqiriladi. Alloh taolo bandalarini o‘zaro ittifoqlikda, ahillikda, tinchlik-omonlikda yashashga da’vat etib: “Agar mo‘minlardan ikki toifa o‘zaro urishib qolsalar, darhol ular o‘rtasini isloh etingiz!”, deb buyuriladi. 

Payg‘ambar (s.a.v.) hamisha insonlarni o‘zaro hamjihatlikka chaqirganlar. Xususan, Abdulloh ibn Amr (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: “Qo‘li va tili bilan musulmonlarga ozor bermagan kishi haqiqiy musulmondir” – deb musulmon o‘z qo‘li va tiliga ehtiyot bo‘lishi alohida ta’kidlangan (Imom Buxoriy rivoyati). Yana boshqa bir hadisda payg‘ambar (s.a.v.) biror jonga zarar berishdan, joniga qasd qilishdan qaytarganlar “Nabiy (s.a.v.): “Kim ahdnomasi bor (g‘ayridin) bir kishini o‘ldirsa, jannatning hidini ham hidlamaydi. Albatta uning hidi, qirq yillik masofadan sezilib turadi” – dedilar” (Buxoriy, Termiziy rivoyati). 

Islom dinida tinchlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta bo‘lishi bilan bir qatorda bag‘rikenglik uning negizi hisoblanadi. Islom insonlarni ahil, tinch-totuv bo‘lib yashashga buyurib, yer yuzida buzg‘unchilik qilishdan qaytaradi. Tinchlik insoniyatning umumiy maqsadi bo‘lib, shu orqali taraqqiyotga va farovon hayotga erishiladi.

Tinchlik Alloh taolo butun insoniyatga in’om etgan eng ulug‘ ne’matdir. Islom dini tinchlik tushunchasini o‘zining bosh g‘oyasi va muhim shioriga aylantirgani ham bejiz emas. Bu din kishilarni tinchlikni asrab-avaylash va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida imon, insof, adolat, hamjihatlik va birdamlik bilan harakat qilishga, fitna va o‘zaro adovatga barham berishga chaqiradi. Haqiqiy diniy e’tiqod dunyoviy taraqqiyot va dunyoviy ma’rifatga zid bo‘lmaganidek, dunyoviylik ham dahriylik emas. Qur’oni karim va hadislarda qanchadan-qancha dunyoviy masalalar yoritilgan. Zero, hamma narsa inson uchundir, barcha ta’limotlar inson kamoloti, inson qalbi, xohish-orzulariga xizmat qilishi asosiy mezon sifatida izohlanadi. Shu nuqtayi nazardan, Yer yuzida hayotni asrab qolish, insonning tinch, erkin va farovon yashashi yo‘lida turli din, millat va elat vakillari, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘zaro muloqotga kirishayotgan hozirgi davrda, din va dunyoviy davlatchilik munosabatlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish jahon xalqlari o‘rtasida hamkorlik va hamjihatlik muhitini qaror toptirish bugungi kunning dolzarb masalalaridan hisoblanadi. 

Muhabbatxon Agzamova,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi dotsenti

Izoh qoldirish