![](https://iiau.uz/storage/f9/a3/25/9115/conversions/1656-large.jpg)
Alishеr Navoiyning forsiy qasidalari
Alisher Navoiy zabardast zullisonayn shoirdir. Forsiy til Navoiyning ikkinchi ona tilidek edi. Adibning forsiy tilidagi badiiy ijodi uning “Devoni Foniy” lirik to‘plamida jamlangan. “Devoni Foniy”ning yetakchi janri g‘azaldir. Navoiyning forsiyda ijod qilishidan maqsad, o‘z ona tilini ko‘kka ko‘tarar ekan, uning raqiblari forsiy tilini bilmaslikda ayblamasliklari edi. Shuning uchun u forsiyda boshqa janrlar qatori qasida janrida ham muvaffaqiyat bilan ijod qildi.
“Fusuli araba” to‘plamida tabiatning to‘rt fasli – bahor, yoz, kuz va qish tasvirlanadi. Bu qasidalar Sulton Husayn Boyqaro madhiga bag‘ishlangan. Shoir to‘rt fasl xususiyatini juda yorqin bo‘yoqlar bilan vasf etadi.
“Bahor” qasidasi 57 bayt, “Saraton” (“Yoz”) qasidasi 71, “Xazon” (“Kuz”) qasidasi 33 baytdan iborat. Unda kuzning yorqin badiiy lavhalari, oltin manzaralari kuylanadi. “Day” (“Qish”) qasidasida qish yuksak va nodir o‘xshatishlar bilan ta’riflanadi. Qumush bulutlar osmondan kumush sochadilar. Yer yuzini qoplab olgan kumush qor simob daryosiga o‘xshaydi.
“Sittai zaruriya” to‘plamidagi qasidalarda Navoiyning diniy falsafiy dunyoqarashlari aks etgan. Ular quyidagilardan iborat: “Ruh ul-quds” (“Muqaddas ruh”), “Ayn ul-hayot” (“Hast chashmasi”), “Tuhfat ul-afkor” (“Fikrlar tuhfasi”), “Qut ul-qulub” (“Qalblar g‘izosi”), “Minhoj un-najot” (“Qutilish yo‘li”), “Nasim ul-xuld” (“Jannat nasimi”).
“Ruh ul-quds” qasidasida xudo vasfiga bag‘ishlangan. Navoiyning dunyo va undagi butun mavjudot, faqat xudo tomonidan yaratilgan deya talqin qiladi. Navoiy qasidada yakkayu yagona yaratuvchi kuch xudo ekanini uqtirarkan, ayni vaqtda, insonni ikkinchi qudratli kuch sifatida targ‘ib qiladi. Navoiy “Ayn ul-hayot” qasidasida xorazmlik shayx Najmiddin Kubroni (1145-1226) faxr bilan esga oladi.
“Tuhfat ul-afkor” qasidasi Xusrav Dehlaviyning “Daryoyi abror” (“Yaxshi kishilar daryosi”) qasidasiga tatabbu shaklida yozilgan. Unda dunyo o‘tkinchi bir narsa sifatida ta’rif qilinadi: shohlar ham, gadolar ham o‘tadi; bu dunyo hech qanday maqsad hosil bo‘lmaydigan bir sahrodir; u shunday bir o‘tkinchi yo‘ldirki, uning na boshi va na oxiri bor. “Nasim ul-xuld” qasidasi Xoqoniy qasidalariga javoban yozilgandir. Bu asar ham, “Minhoj un-najot” qasidasidagi kabi xudo mavzuiga bag‘ishlangan.
Navoiy yolg‘ondan yuz martalab toat qiluvchi homiylar, hiylagar shayxlar, g‘aflatda qolgan voizlarning puch nasihat va pandlariga quloq solmaslikka chaqiradi:
Turo sad bahri toat gar buvad, lekin riyo olud,
Chi go‘yi bahri toat, beh, ki go‘yi bahri is’yonash.
Ba tarki zarq shayxi hiylagarro nest juz nuqson,
Chi yobad sud bozore, ki shud bar basta do‘konash.
Ba pandi voizi g‘ofil mayafkan go‘shu z-on biguzar,
Ki dar xobast az g‘aflat hamon afsona haz’yonash.
Tarjimasi:
Sen yuz martalab toat qilsang ham toatlaring riyo oluddir.
Ular toat emas, balki ular is’yondur.
Hiylagar shayx yolg‘on so‘zlashni sira tark qilmaydi,
Do‘konlari yopiq bozor qanday foyda ko‘rsin?
Gʻofil voiz pandiga quloq solma va undan yiroq bo‘l,
Ki u g‘aflat uyqisidadir, so‘zlari afsona, vasvasadir.
Qasidaning oxirida mamlakatni darvishlardek idora qilish fikri uqtiriladi. Sulton Husayn Boyqaro darvishvash, “faqr-oyin” (o‘zini faqir tutgan) shoh sifatida madh etiladi:
Shahi darvishvash – sultoni faqr-oyin, az ezid
Farozi taxti shohi faqru darvishist dar shohash.
Tarjimasi:
U darvishvash, faqr-oyin sultondir, ki xudo
U faqr shoh taxtini yuksaklarga ko‘tarmish va darvishlik uning shonidadir.
Navoiy qasidada Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Xoqoniylarni faxr bilan esga oladi, ular boshlagan yo‘lni davom ettirganini qayd qiladi.
Adib ushbu qasidalarida dinni adolat bayrog‘i sifatida targ‘ib va tashviq qiladi. Adolatsizlikka qarshi isyon ko‘taradi. Qasidalarda riyokor din arboblari tanqidi Umar Xayyom ruboiylaridagi isyonkor tanqid ruhi bilan juda hamohangdir.
Navoiy “Sittayi zaruriya” to‘plamiga kirgan qasidalarda Qur’onga, Muhammad payg‘ambarga nisbat berilgan, shariat qonun-qoidalariga amal qilishga, odil, faqirona hayot kechirishga chaqiradi. U faqirona hayotni (“faqru fano”, “Nasib soz tariqi fano, ki ayni baqost”) adolatsizlikka, zulmga, jaholat dunyosiga qarshi qo‘yadi. Uning forscha qasidalarida naqshbandiylik ruhi chuqur iz qoldirgan. Qasidalar yuksak san’at, badiiy mahorat bilan yozilgan. Ularni hayotdan olingan xilma-xil badiiy vositalar, rang-barang lavhalar bezab turadi.
Feruza Nizamova,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti
Izoh qoldirish