4

Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror”ida bir olam hayrat

Alisher Navoiy asarlari ma’rifat, poklik, ezgulik chashmasi bo‘lib, inson ruhiy olamining ma’naviy yuksalishida xizmat qilib kelmoqda. Besh asrdan ortiq vaqt o‘tibdiki, buyuk shoir ijodi ulkan mazmun-mohiyat kasb etib, hali hanuz katta qiziqish va chuqur falsafiy mushohadar asosida tadqiq etilmoqda, o‘rganilmoqda. Bundan Navoiy dahosiga chuqur kirib borish va mohiyatini anglash imkoni naqadar teran ekanini ko‘rish mumkin. 

O‘z zamonida qalamga olgan va keng tarannum etgan axloqiy masalalar bugungi davr uchun dolzarblik, ahamiyatlilik kasb etmoqda. Ayniqsa, asarlarida ilgari surilgan adolat, saxiylik, qanoat, vafo, kamtarlik, hayo, adab, rostlik kabi axloqiy tushunchalar va ularga qarama-qarshi riyo, kibr kabi illatlarning badiiy ifodasi orqali buyuk ijodkorning falsafiy mushohadasi, tafakkur olami naqadar yuksakligini bilishimiz mumkin.

Bu kabi tushunchalar inson olamidan jamiyat, ijtimoiy hayot mezoniga aylanib, bir butun umr mazmuni sifatida yashash garmoniyasini tashkil etadi. Navoiy qalamga olgan insoniy jihatlar bugungi globallashuv davrida odamiylikdan saboq beradi, tiriklik mohiyati va umr mazmunini anglashga o‘rgatadi. 

“Hayrat ul-abror” o‘z mohiyati bilan falsafiy, axloqiy-didaktik asardir. Navoiy insoniy fazilatlar ta’rifini asosan 20 maqolat va unga ilova sifatida keltirilgan 20 hikoyatda alohida bayon etadi. Har bir tushunchani alohida ta’riflab, sharhlaydi. Ijodkor axloqiy masalalarning asosida iymon tushunchasini qo‘yadi va insoniylik asosi bu iymonli bo‘lishdir, iymonli inson esa, bu komil insondir, deydi. Ya’ni: 

Kimki jahon ahlida inson erur, 

Bilki nishoni anga iymon erur. 

Dastlabki maqolatni ham imon sharhi bilan boshlaydi. Kimda iymonning uch belgisi, ya’ni sabr, shukr va hayo kabi axloqiy sifatlar bo‘lsa, unday insonni haqiqiy, yetuk inson deb bilgin deydi. Shuningdek, imonning asosiy olti sharti sifatida Haqning borligiga, farishtalarga, muqaddas kitoblarga, payg‘ambarlarga, qiyomat kuniga va taqdiri azalga iymon keltirishni aytib, bular insonni olti tomondan qo‘rg‘on kabi himoyalashi va najotga boshlashi hamda odamiylik mohiyati va umr mazmuni ham shular asosiga qurilganligini falsafiy mushohadalar orqali izohlaydi. Ijodkor axloqiy qarashlarini davom ettirib, 5-maqolotda karam va saxovatni, 6-maqolotda adabni, 7-maqolotda qanoat, 8-maqolotda vafo, 10-maqolotda rostgo‘ylik va 11-maqolotda ilmni ta’riflaydi. Xususan, karam va saxovat borasida quyidagilarni yozadi: 

Eyki sanga Tengri nasib etti joh, 

Berdi karam qilmoq uchun dastgoh. 

Ya’ni agar senga Alloh mansab, taxt, boylik bergan bo‘lsa, bilginki, karam, saxovat qilishing uchun imkon beribdi, ya’ni senga shu taxtni ravo ko‘rdi va buni karam qilishing uchun bir vosita deb bil deydi ijodkor. 

Navoiy o‘z qarashlarini ijtimoiy masalalar bilan bog‘liq holda talqin etadi. Xususan, odamlar ko‘rishi uchun yaxshilik, saxovat qilma, balki ezgulik, insoniylik nuqtayi nazardan xayr qilgin, deydi va bu yo‘lda riyokorlikni qoralaydi. Ya’ni riyo uchun to‘q odamga karam, saxovat qo‘lini cho‘zma, balki yo‘qsilga, muhtojga yaxshilik qil. Agar to‘q odamga ehson qo‘lini cho‘zsang, bu saxovat emas, balki riyodir: 

Yoyar anga supraki, ul och emas, 

 Berur anga to‘nki, yalang‘och emas. 

Ijodkor bu boradagi fikrlarini davom ettirib, shunday yozadi:

Anda karamdurki talab bilmagay, 

Kimda diram bilsa tama’ qilmagay. 

Karam shunday fazilatki, u ta’masiz bo‘lishi kerak. Ya’ni diram (pul birligi)i ko‘p inson, ta’masiz, hech qanday manfaatsiz saxovat, karam qo‘lini cho‘zadi. So‘ngra Hotami Toyi hikoyatini keltirib, karam, saxovat haqidagi fikrlarini misollar orqali izohlaydi. 

Oltinchi maqolotda hayo, kamtarlik va tavozeli bo‘lish haqida fikr yuritiladi. Ijodkor, tavoze, kamtarlik, hayoni adabning asosiy belgilari sifatida baholaydi. Ya’ni tavozeli kishida odob, axloq bo‘ladi. Xususan: 

Lek bu yo‘l qat’ida sharti talab, 

Bilki tavozu’ bila kelmish adab. 

Bu kabi insoniy fazilatlarni falsafiy fikrlar asosida izohlab, insonga mansab, taxt, boylik va nasabi sharaf keltirmadi, balki hayo, tavoze va kamtarlik ulug‘lik, sharaf keltirdi, deydi buyuk shoir: 

Elga sharaf bo‘lmadi johu nasab, 

Lek sharaf keldi haovu adab.

Adabning yuksak namunasi sifatida ota-onaga yaxshilik qilish, ular haqqini ado etishdir. Ularning xizmatini teng bilgin va so‘zsiz xizmatlariga tayyor tur:

Bu ikining xizmatini bir bil,

Har necha ifrot esa, taqsir bil. 

Agar ikki jahon yaxshiligini tilasang, ularning roziligini olishga himmat etgin:

Ikki jahoningg‘a tilarsen fazo –

Hosil et ushbu ikisidin rizo. 

Shuningdek, insoniy fazilatlar sifatida kattalarga hurmat ko‘rsatib, ularga xizmat qilish, kichiklarga esa, shafqatda bo‘lish kabi jihatlar ham ulug‘lanadi:

Kimki ulug‘roq anga xizmat kerak,

Ulki kichikroq anga shafqat kerak. 

Insonlarga nisbatan shafqatli bo‘lish ham ulug‘ fazilatlardan hisoblanadi. Chunki shafqatli insonda ezgu fazilatlar mujassam bo‘ladi. 

Qanoat bobida ham falsafiy fikrlar ilgari suriladi. Navoiy fikricha, kimki o‘ziga qanoatni kasb qilgan bo‘lsa, u eng boy insondir. Haqiqiy boylik oltin, kumushli bo‘lishda emas, balki qanoatli bo‘lishdadir. Ijodkor fikrlarini davom ettirib, Alloh bergan narsalarga qanoat qilgan inson ham saxovatli insondir, chunki qanoatli insonda itoatkorlik bo‘ladi, har bir qiyinchilikka sabr qiladi va oqibat matonat bilan yaxshilikka yetadi. Ya’ni:

Har neki Haq bersa qanoat qilur,

Ham neki amr etmish itoat qilur. 

Ko‘rinadiki, boriga qanoatli bo‘lish va bergan ne’matiga shukr qilish ham insoniylik fazilatlaridan biridir. Qanoatli inson hamisha boydir, chunki unda qanoatdek ulug‘ fazilat bor:

Kimgaki ish bo‘ldi qanoat fani, 

Bilki, ani qildi qanoat g‘ani. 

Qanoatning aksi sifatida tama’ni qoralaydi. Tama’ gadolar ishidir, tama’ qildingmi, bilki, gadodursan:

Chunki tama’ bo‘ldi gadolar ishi,

Bilki gadodur tama’ etgan kishi. 

Kimki qanoatni hayotining asosi, umrining shiori deb bilsa, el ichra hech qachon xor bo‘lmaydi. Aksincha, qanoatli bo‘lmasang, sabrsizlik bilan odamlar qo‘liga boqib, nimadir ilinjida yashasang, ya’ni tama’ni shior qilsang, el ichra xor bo‘lasan, deydi shoir:

Ulki etib tarki qanoat shior,

Aylab ani ul tama’ el ichra xor.

Navoiy, rostlik bobi ta’rifida, rostlik – insonni sharaflovchi axloqiy fazilat, imon-e’tiqod asosi, deydi. Rostgo‘y odam jasur, ma’naviy sog‘lom, osoyishta va xotirjam bo‘ladi. Ijodkor bu xislatni odamning ichki olami, tarbiyasiga bog‘lab tushuntiradi. Chunki asl mohiyati, niyati to‘g‘ri bo‘lgan odam har yerda, har qanday sharoitda to‘g‘rilik tarafida turib, uni himoya qiladi. Ya’ni: 

Rostdur ul kim, nazari to‘g‘ridur... 

Bu bilan dunyoga, odamlarga, hayotga to‘g‘ri nazar bilan qaraydigan, munosabati, muomalasi ham to‘g‘ri odamni rost yo‘ldan yuradigan odam deyish mumkin. 

Navoiy davlat va jamiyat barqarorligi rostlik, to‘g‘rilik, adolat ustiga qurilishini aytar ekan, buning aksi bo‘lgan yolg‘onchilik bo‘lgan joyda yemirilish, axloqiy nopoklik yuzaga keladi, deydi. Shu bois ulug‘ mutafakkir rostlikning qadri, ahamiyatini ko‘rsatish uchun yolg‘onning falokat keltiruvchi oqibatlarini ham tasvirlab o‘tadi. Chunonchi:

Kimki bu davronda qilur rostliq, 

Yo‘qtur ishi g‘ayri kam-u kostliq. 

Rostgo‘y odamgina qalloblik, makr-u hiyla kabi illatlarga qarshi kurashadi, o‘zini ham tozalab, yuksalib boradi. Shu ma’noda rostlik ma’naviy kamolotni belgilovchi asosiy sifatdir. Rostlikka muhabbat ilmga, olimlarga, yaxshi insonlarga mehr-u muhabbatni keltirib chiqaradi va oxir-oqibat ezgu ishlarga yetaklaydi. Yolg‘onchilik esa aksincha, makr, hiyla, ko‘z bo‘yamachilik, laganbardorlik kabi qator nuqsonlarni keltiradi. Bu nuqsonlar faqat o‘zigagina emas, balki boshqalarga ham zarar keltiradi, natijada, jamiyat muvozanatini izdan chiqaradi .

Ijodkor, insoniy fazilatlarni tashbeh-u tamsillar orqali tasvirlar ekan, kitobxon dunyosida buyuk shoirning ma’naviy olami, teran mushohadasi va so‘z sehrining kuchi naqadar cheksizligi gavdalanadi. Buni har bir axloqiy tushunchalar ta’rifida ko‘rish, anglash mumkin. Chunonchi, o‘n birinchi maqolatda ilm bobi ta’rifida misollarni so‘zning betakror jozibasidan foydalangan holda tavsif etadi. Ilm shunday xazinaki, u egasini yuksaltiradi, sharaflaydi. Ijodkor, ilmni yaxshilik, ezgulik qilish uchun sarflash tarafdori. Olim ilm yo‘lida qat’iy turib, ilmiga amal qilsa, dunyoga berilmasdan, halol, pokiza yashasa, bunday odamni insonlarning sharafi, gavhari bil, deydi. Ammo olim dunyoga berilib, mansab, martaba uchun pastkashlik qilsa, uni bilimsiz deb bilgin, bunday insonni olim emas, balki johil hisoblagin: 

Ilmni kim vositai joh etar, 

O‘zini-yu xalqni gumroh etar... 

Bundan ko‘rinadiki, ijodkor, amal qilingan ilmni haqiqiy ilm deb biladi. Haqiqiy olimni konga, yuzini gavharga va har tarafi yulduzlar bilan o‘ralgan osmonga qiyoslaydi. Olim xazinasi to‘la dur, yuzi ilmdan nurli, qalbi osmon kabi keng, borlig‘i misoli yulduzlar kabi hammaga barobar ziyo, poklik taratadi. Uni sharaf gavharining koni deb bilgin, gavhar ham, kon ham unga tegishlidir: 

Oni sharaf gavharining koni bil, 

Gavhar-u kon, harne desang oni bil. 

Navoiy ilgari surgan axloqiy masalalar bugungi kun uchun ijtimoiy ahamiyatga ega. Chunonchi, asarda keltirilgan tushunchalar tahlili orqali inson jamiyatda qanday yashashi kerakligi, tiriklik mazmun-mohiyati nimadan iborat ekanligi haqidagi teran falsafiy mushohadani anglab yetadi. Ijodkor axloqiy sifatlar ta’rifi orqali komil inson siyratu suratini bergan va insonlarda ham komillik sifatlarini ko‘rishni istagan. Buni falsafiy didaktik asarlarida ilgari surgan g‘oyalar orqali bilish mumkin. Buyuk ijodkor kichik olam bo‘lgan inson ma’naviy pokligi orqali jamiyatni axloqiy yetuklik ustiga qurilishini orzu qilgan. 

Umuman olganda, yuqorida tahlil etilgan insoniy tushunchalar orqali daho shoirning qalb olamini anglash barobarida insoniylik, ezgulik, axloqiy poklik, ma’naviy yetuklikka bo‘lgan chorlov, ezgu da’vatni ko‘rish mumkin. Bugungi kunda ham jamiyat ma’naviy taraqqiyoti uchun ushbu axloqiy tushunchalarni iste’foda etish har jihatdan dolzarblik kasb etadi. 

 Lola Azimova,

 O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish