1

Mutafakkir ijodida davlat boshqaruvi va rahbarlik mas’uliyati

9-fevral – Alisher Navoiy tavalludi kuni 

“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishga kirishilgan bir paytda Alisher Navoiy merosini o‘rganish katta ahamiyat kasb etadi. Zero, o‘zbek xalqi adabiyoti va madaniyatini o‘rganish Navoiydan boshlanadi. Ulug‘ shoirimiz hayotlik davridayoq Xitoydan to Xurosongacha bo‘lgan hududda shuhrat qozongan edi. Zamondoshlari va keyingi davr ijodkorlari Hazrat Navoiyning ulkan merosidan katta ilhom olgan. 

Buyuk mutafakkir “Lison ut-tayr” (“Qush tili”) dostonini 1499-yili yozib bitirdi. Bir paytning o‘zida hokimiyat vakili sifatida xalq bilan, odamlar dardi bilan yashashda ularning orzu-umidlari bayon etilgan ertaklar, dostonlar, matallarni bilishi qo‘l kelgan. Hayotiy tajribasidan kelib chiqib, xalq va hokimiyat birligini mukammal tarzda ko‘rish choralarini izlagan. Asarda ramzlardan unumli foydalangan. 

Xalq ishonchiga ko‘ra, afsonaviy Qof tog‘i ortida yashaydigan Semurg‘ soyasi ostidagi kishi baxt va farovonlikka erishar ekan. Dostonda keltirilishicha, qushlar o‘ziga rahnamo-podshoh — Semurg‘ni izlab safarga chiqadi. Ko‘p sinovlardan so‘ng o‘ttizta qush belgilangan manzilga yetadi. Ma’lum bo‘ladiki, Semurg‘ aslida o‘sha o‘ttizta qushning birlashgan holati ekan. Mazkur rivoyatning turli talqinlari bor: agar qushlar xalq, qushlar sultoni Semurg‘ – davlat deb faraz qilinsa, xalq va hokimiyat o‘z mohiyatiga ko‘ra yagonadir. Qachonki xalq va hokimiyat birlashsa, baxt va saodat timsoli bo‘lmish Semurg‘ mamlakat va xalq boshiga soyabon bo‘ladi. 

Mansur Yunusov,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi dotsenti,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2025-yil 4-fevral, 24-son

Gazetani yuklab olish uchun

Izoh qoldirish