Kurrayi qutlug‘ni asramoq kerak!
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, akademik Nurislom To‘xliyev bilan suhbat
– Hurmatli Nurislom aka, davlatimiz rahbarining tashabbusiga binoan 2025-yil mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilindi. Yil nomida o‘z aksini topgan ikki katta muammo yechimiga qaratilgan davlat dasturi loyihasi ham jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Dastavval, ana shu ikki tushuncha mohiyatiga to‘xtalib o‘tsangiz.
– Bu yilga bunday nom berilishi teran ramziy ma’noga, ayni chog‘da, katta amaliy ahamiyatga ega. Darhaqiqat, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash insoniyat uchun hayot-mamot ahamiyatiga molik masalaga aylangan bugungi davrda an’anaviy iqtisodiyotning zamonaviy muqobili sifatida “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish lozim bo‘ladi.
Xayrli ishning kechi yo‘q, deydilar. Biz bunday xulosaga kechikibroq bo‘lsa-da kelganimiz ayni muddao bo‘ldi. Barchamiz ko‘rib, guvoh bo‘lib turibmizki, atrof-muhit ifloslanishi allaqachon milliy doiradan chiqib umuminsoniy muammoga aylandi. Mashhur naqlda aytilgandek, “Amazon o‘rmonlarida jajji kapalakning bir qanot qoqishi AQShda bo‘ronga sabab bo‘lishi mumkin”. Chindan ham, iqlim o‘zgarishi, ozon qatlami siyraklashuvi kabi muammolar bugun nafaqat bir mintaqa, balki butun dunyo xalqlariga tahdid tug‘dirmoqda. Nima deysiz endi, bobo quyoshning nurlaridan barchamiz bab-baravar bahramand bo‘lganimiz kabi atrof-muhit ifloslanishi oqibatida yuzaga keladigan salbiy asoratlardan ham bu tun insoniyat ulush olishga majbur-da!
Bunday fojiaviy holatlarga o‘rganib, befarq bo‘lib qolayotganimiz ayniqsa achi narlidir. Nazarimda, hozir insoniyatning istiqboliga soya solayotgan eng katta tahdid bu – ekologik muammolar. Negaki, urushlar, ziddiyatlar, muhorabalarni odamzod sog‘lom tafakkurga quloq tutib, o‘zaro kelishib hal etishi mumkin. Ammo bashariyat ekologik muammolarga bugun jiddiy e’tibor qaratmasa, ertaga vaziyat butkul nazoratdan chiqib ketishi tayin. O‘tgan asrning oxirlarida shakllangan va mutaraqqiy dunyo kun tartibidan muqim o‘rin egallagan “yashil” iqtisodiyot konsepsiyasi ham aynan atrof-muhitni asrab-avaylash, inson iqtisodiy faoliyatining uni o‘rab turgan makonga salbiy ta’sirini kamaytirishga qa ratilgandir. Ya’ni endilikda iqtisodiyotda asrlar mobaynida hukm surib kelgan “Manfaat – birlamchi” degan qoidadan, xalqona aytganda, “Taka bo‘lsin-u sut bersin” qabilidagi yondashuvlardan voz kechilmoqda. Iqtisodiy o‘sishga har qanday yo‘l bilan emas, balki atrof-muhitga zararni imkon qadar kamaytirish orqali erishish g‘oyasi ilgari surilmoqda.
Olimjon Davlatov suhbatlashdi.
Manba: “Jadid” gazetasi 31-yanvar 2025-yil, 5-son
Izoh qoldirish