Temuriylar davrida ziyorat an’analari
XIV asrda Movarounnahrda Amir Temurning markazlashgan hokimyatga asos solishi natijasida yuzaga kelgan siyosiy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyot ilm-fan va madaniyat, jumladan, diniy ilmlar rivoji bilan birgalikda ziyorat an’anasi ham yanada keng yoyilishiga sabab bo‘ldi. Darhaqiqat, Mirzo Muhammad Haydar “Tarixi Rashidi” asarida Movarounnahrda mo‘g‘ul xonlaridan keyingi qayta yuksalish Amir Temurning siyosiy maydonga kirishi bilan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidlaydi.
Temuriy hukmdorlar buyuk ulamolar va mashoyixlarga katta hurmat bilan munosabatda bo‘lib, ularning qabrlari boshida mahobatli maqbaralar bunyod etishdi. Shuningdek, bir qancha mashhur avliyolar-u ulamolar hamda ustozlarining maqbaralarini qurishga amr etgan va shuning bilan ularning qabrlarini ziyorat qilishni kanda qilishmagan. Hatto Amir Temur tashabbusi bilan islom olami namoyandalari, sahobalar, avliyolarga bo‘lgan hurmat ma’nosida ramziy qabrlar ham tashkil etilgan.
Yozuvchi Vladimir Cherevanskiy “Amir Temur” nomli asarida “Sohibqiron nafaqat Movarounnahr diyoridagi ziyoratgohlar, balki, mamlakatning boshqa sarhadlaridagi qadamjolar, jumladan, Mashhad va Isfahondagi aziz avliyolar qabrlarini ziyorat qilishni ham ahd qiladi” deb keltiradi.
Ulug‘lar maqbarasini ziyorat qilish Amir Temurning odatiga aylangan edi. Tantanavorroq vaziyatlarda Amir Temur ularning qabri qoshida Qur’on oyatlarini o‘qir, bu o‘sha davrada bo‘lib turgan behisob mo‘minlarning ko‘ngilchanlik bilan ko‘z yosh to‘kishiga sabab bo‘lar edi.
Amir Temur 1390-1391-yillar To‘xtamishga qarshi qo‘shin tortganda, qish faslida Xo‘jandga borib shayx Muslihiddin Xo‘jandiy maqbarasini ziyorat qilgan va 10 dinor nazr-u niyoz bergan. Sharofiddin Aliy Yazdiy o‘zining “Zafarnoma” asarida 1399-yil, 11-sentabrdan Keshdan Balxga yo‘lga chiqqan Amir Temur bir qancha termizlik allomalar, Hakim Termiziy hamda Shayx Abu Bakr Varroq qabrlarini ziyorat qilganini keltiradi.
Ushbu manbalarda berilgan ma’lumotlarga ko‘ra ziyorat masalasi bugungi kunda aholimiz uchun yangilik emas, balki azaldan yurtimizda bu kabi an’analar bo‘lib kelganini Amir Temur va Temuriylar davri misolida ko‘rishimiz mumkin. Ikkinchidan, Amir Temur oliy hukmdor sifatida bevosita ushbu ishlarda ishtirok etishi, jamiyatda ulug‘lar mozori va ularga atab quriladigan maqbaralar muhim ekanini ko‘rsatadi.
Amir Temur chet el fuqarolari, jumladan, elchilarga ham shaharning go‘zal maskanlari va muqaddas joylarini ziyorat qilishlariga ham imkon hozirlagan. Jumaldan, Rui Gonsales de Klavixoning kundaligida shunday deyiladi: “...30-oktabr elchilar shaharni ziyorat qilish, muqaddas joylarni, cherkovni ziyorat qilish va boshqa diqqatga sazovor joylarni ko‘rish istagini imperatorga (Amir Temur) ma’lum qildilar. Amir Temur ular istagan barcha joylarni ko’rsatishni buyurdi”. Bu esa Amir Temurning turli din vakillariga diniy bag‘rikenglik asosida munosabatda bo‘lganini ko‘rsatadi.
Fransuz tarixchisi Jan Pol Ru o‘z asarida Amir Temur Mordindagi sharqiy xristianlarning muqaddas qadamjolari sanaladigan avliyo Iona va avliyo Sergey qabrlarining tashlandiq ekani hamda bir paytlar ularning yonida qurilgan cherkovning vayrona ahvolda ekanini ko‘rgach, ushbu maskanni obod qilish uchun o‘z hisobidan mablag‘ ajratib, vayrona va tashlandiq bo‘lib qolgan cherkovni qayta tiklashga buyruq berganligiga alohida urg‘u beradi.
1973-yil Prinseton Universitetida doktorlik ishini himoya qilgan, Markaziy Osiyo tarixi bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan tarixchi R.D.Makchesneyning “Markaziy Osiyoda vaqf: musulmonlar ziyoratgohlari tarixida to‘rt yuz yil, 1480-1889” (Waqf in Central Asia: Four Hundred years in the History of a Muslim Shrine, 1480-1889) nomli asarida qadimdan aholi orasida mashhur bo’lgan ziyoratgohlar va ushbu maskanlarda musulmonlar tomonidan bajariladigan ziyoratga xos marosimlar Markaziy Osiyoda aynan Amir Temur va Temuriylar davrida “qayta tirilganligi” hamda ziyoratgohlarga bo‘lgan e’tibor yanada shakllanaverganini keltiradi.
Xususan, har kuni ziyoratgohdagi fuqaro va masokinga osh tarqatilib, ziyoratgoh har doim Qur’on tilovat qiluvchi odamlar bilan to‘lgan va u yerda har doim nur va yorug‘lik (ravnaq) mavjud bo‘lgan.
Temuriylar shaharlarining tabiiy landshaftida ziyoratgohlarning ko‘pligi bilan bir qatorda, o‘rta asrda Xuroson va Movarounnahr musulmonlari hayotida ziyoratning keng tarqalganini ko‘rsatadi. Ushbu omillar buni ziyorat marosimi ushbu ziyoratchilar uchun odat tusiga kirgan kunning tabiiy bir qismiga aylantirdi. Ziyoratni amalga oshirishda katta tayyorgarlik ko‘rish shart emas edi, chunki ular ziyorat uchun zarur bo‘lgan duolar va amaliyotlarning ko‘p qismini allaqachon bilishgan.
Ziyorat an’analari Amir Temurdan keyin ham davom etganini ko‘rishimiz mumkin. Xususan, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn” (“Ikki saodatli yulduzning chiqish va ikki dengizning qo‘shilish joyi”) nomli asarida Shoxruh Mirzoning Samarqandga kelganida o‘z otasi bo‘lmish Amir Temurning va boshqa tabarruk zotlar qabrlarini ziyorat qilgani keltiriladi. Shuningdek, ushbu asarda 30 ga yaqin joyda Shoxruh Mirzoning doimiy odati bo‘yicha har bir shahar va mamlakatda mashoyix va akobirlar maqbaralarini ziyorat qilganligi ta’kidlanadi.
Umuman olganda, Movarounnahr hududida ziyorat an’analari qadimdan shakllanib kelgan. Masalan, turli davrlarda qurilgan masjid, madrasa va chillaxonadan iborat bo‘lgan Shohi Zinda majmuasi Samarqandda uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lgan, an’anaviy ziyoratgoh va qabristonning yaxshi misolidir.
Muhammad alayhissalomning amakivachchalari bo‘lgan sahoba Qusam ibn Abbosning maqbarasi joylashgan ansambl qurilishi XI asrga borib taqaladi va ushbu maqbara Samarqand qabristonidagi qadimiy an’anaga asoslanib, yer yuzidagi eng sharafli ziyoratgohga aylangan. Temuriylar davrida sahoba maqbarasiga yaqin joylarda o‘z maqbaralarini bunyod etilishini ko‘rishimiz mumkin.
Jasur Abduqodirov,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi o‘qituvchisi
Izoh qoldirish