5

Bagʻrikenglik – saodat asosi

Oʻzbekiston – qadim-qadimdan diniy bagʻrikenglik oʻlkasi sifatida eʼtirof etilgan. Bu diyorda yashab kelayotgan turli millat va konfessiya vakillari azaldan shu yurt taraqqiyoti, tinchligi uchun bir tan-u bir jon boʻlib harakat qilganlar. 

Bagʻrikenglik goʻzal insoniy fazilatlardan hisoblanadi. Bagʻrikenglik – insonlar bilan muomala qilishda, turli munosabatlarda rioya qilish zarur boʻlgan goʻzal xislatdir. 

“Bagʻrikenglik” (“tolerantlik”) soʻzi deyarli barcha tillarda bir xil yoki bir-birini toʻldiruvchi mazmunga ega. Ularni umumlashtirib “bagʻrikenglik” chidamlilik, bardoshlilik, toqatlilik, oʻzgacha qarashlar va harakatlarga hurmat bilan munosabatda boʻlish, muruvvatlilik, himmatlilik, kechirimlilik, mehribonlik, hamdardlik kabi maʼnolarga ega deyish mumkin. Xalqimizda “Keng feʼl, ketmas davlat bersin” degan ezgu tilak bor. Kengfeʼllik bagʻrikenglikning maʼnodoshi boʻlib, mayda-chuyda yoqimsiz narsa va holatlarga asabiylashmaslikni, jahl qilmaslikni bildiradi. Bagʻrikenglik – najot va muvaffaqiyat, baxt-u saodat xazinasidir.

Oʻzaro bir-birini tushunmaslik butun insoniyat tarixi davomida turli ixtiloflar va nizolarning sababi boʻlgan. Ulugʻ vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniyning “Odamlar bilmagan narsalariga dushmanlik koʻzi bilan qaraydilar”, degan fikrlari chuqur mazmunga egadir. Insonlar oʻzaro munosabatlarda bagʻrikeng boʻlsalar, bir-birlarini hamisha hurmat qilsalar hayot goʻzal, turmush yanada farovon boʻladi. Bagʻrikenglik boshqalardan kutiladigan fazilat emas. Bu dolzarb fazilatni hayotiga singdirishni har bir inson, avval, oʻzidan boshlashi kerak. Shunda bu benazir xislat atrofga yoyiladi va olamni yanada munavvar etadi.

Bagʻrikenglikning gender, irqiy, milliy, lisoniy, diniy, mulkiy va ijtimoiy turlari mavjuddir. Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 30-aprelda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining 19-moddasida jamiyat aʼzolari oʻrtasidagi tenglik tamoyili quyidagicha oʻz ifodasini topgan: “Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar”.

Gender bagʻrikengligi ikki jins, erkak va ayol toifalari oʻrtasidagi bagʻrikeng munosabatdir. Bugungi kunda ayrim oilalarda maishiy zoʻravonllik holatlari kuzatilayotgani, ayol va qizlarga nisbatan kamsitish, tahqirlash kabi illatlar koʻzga tashlanayotgani, odam savdosiga uchragan fuqarolarning 60 foizi ayollar va oʻsmirlar ekani kabi noxush vaziyatlar va raqamlarga barham berish gender bagʻrikengligining ahamiyatini koʻrsatib beradi. 

Irqiy bagʻrikenglik – insonlarni tashqi qiyofasi va koʻrinishi qarab kamsitmay, rang-roʻyidan kamchilik axtarmay, barchaga barobar muomalada boʻlishdir. Afsuski, dunyoning turli nuqtalarida, hatto eng rivojlangan mamlakatlarda ham irqiy kamsitish muammosi hanuz bartaraf etilgan emas. Koʻhna qitʼada oʻn minglab muxlislar toʻlib toshgan maydonlardagi sport musobaqalari “No rasizm” – “Irqchilikka oʻrin yoʻq” shiori ostida oʻtkazilayotgani bunga misol boʻladi. Insonlarning rang-roʻyiga qarab emas, insoniylik jihatlariga eʼtibor qaratish irqiy bagʻrikenglik asosidir. 

Milliy bagʻrikenglik – insonning qaysi millat, elat, urugʻ va qabila vakili boʻlishi, kelib chiqishi va nasli nasabidan qatʼi nazar unga teng munosabatda boʻlishdir. Bugun  Ona Vatanimiz – Oʻzbekistonda 130 dan ortiq millat vakillari ahillik va inoqlikda hayot qechirmoqdalar. Oʻzbekistonning mazkur yoʻnalishdagi erishgan natijalari dunyoga namuna boʻlmoqda. 

Lisoniy bagʻrikenglik – barcha til va shevalarni kamsitmay, teng koʻrish va ularga birdek hurmatda boʻlishni anglatadi. Mutaxassislar fikricha yer yuzida 6800dan orti til va shevaalar bor ekan. Inson oʻz ona tilini, oʻz shevasini qanchalik ardoqlasa, oʻzga til va sheva sohiblarini ham shunchalik eʼzozlashi darkor. Bu borada baʼzi yoshlar orasida uchraydigan mahalliychilik illatiga, sen falon yerlik, men pismadon yerlik, saning tiling unaka, mening shevam bunaqa shaklidagi ixtilof va ziddiyatlarga chek qoʻyilishi lozim. 

Mulkiy yoki iqtisodiy bagʻrikenglik – insonlarni mulkdor yoki mulksiz,  boy yoxud kambagʻalga ajratmay, barchaga teng muomala va munosabatda boʻlishdir. Insoniyat yaralibdiki, turli-tumanlik unga xosdir. Iqtisodiy salohiyati, molu davlati, boyligu sarvatining miqdoriga qarab qadim-qadimdan odamzot boy, oʻziga toʻq, oʻrta hol va iqtisodiy nochor kabi holatlarda turmush kechirgan. Lekin molu mulk koʻpligi yoki ozligiga qarab odamlarni toifaga ajratish ulugʻ ajdodlarimiz, olimu mutafakkirlarimiz tomonidan qoralanib kelingan. 

Bugun jismoniy holati va salomatligi turlicha boʻlgan insonlarga duch kelamiz. Koʻrish, eshitish, gapirish, turish, yurish va harakatlanish jihatdan nuqsonga uchragan jismoniy nogironligi bor shaxslar ham uchrab turadi.  Ijtimoiy bagʻrikenglik – ijtimoiy yordam va koʻmakka muhtoj boʻlgan kishilar, jismoniy nogironligi boʻlgan shaxslarni kamsitmay, ularga teng munosabatda boʻlishdir. 

Dunyoda mavjud 7,5 milliard odamning har biri oʻz diniy va eʼtiqodiy dunyoqarashiga ega. Dunyo aholisini insoniyat deb atalmish yagona tushuncha birlashtiradi. Barcha odamzotning ilk otasi Odam Ato va dastlabki onasi Momo Havoning farzandlaridir. Shu jihatdan diniy bagʻrikenglik tushunchasi bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega.

Diniy bagʻrikenglik – biror kishiga nisbatan uning dini va eʼtiqodiga qarab emas, balki uning avvalo inson ekanligini eʼtiborga olgan tarzda muomala qilishni anglatadi.

Diniy bagʻrikenglik – har bir inson oʻz diniga eʼtiqod qilishga haqqi borligini tan olishdir.

Diniy bagʻrikenglik – oʻzga din va eʼtiqod vakillariga nisbatan hurmatda boʻlishdir.

Diniy bagʻrikenglik – oʻzi uchun begona boʻlgan dunyoqarash vakillariga nisbatan xavotir va qoʻrquv bilan emas, balki xotirjamlik va samimiyat bilan munosabat koʻrsatishdir. 

Diniy bagʻrikenglik madaniyati – oʻzga din va eʼtiqod vakillari bilan umuminsoniy qadriyatlarga amal qilgan holda samimiy muloqot qilishni ifodalovchi xatti-harakatlar yigʻindisidir. Diniy bagʻrikenglik madaniyati – turli din va eʼtiqod vakillari oʻrtasida hamjihatlik va ijtimoiy hamkorlikni taʼminlovchi meʼyorlar majmuasidir. U oʻzga din va eʼtiqod vakili bilan turli holatlarda: soʻzlashganda, suhbatlashganda, qoʻni-qoʻshnichilik, kasbdoshlik kabi munosabatlardagi axloq-odob qoidalarini belgilab beradi. 

Buyuk allomalardan meros mazkur qadriyatlarga amal sabab azal-azaldan yurtimizning yirik shaharlarida minglab masjid va madrsalar qatorida kam sonli boʻlsa-da cherkov va sinagogalar emin-erkin faoliyat yuritgan. Buxoroda Magʻoki Attor qadimiy masjidi bor. Uning nomidagi “Magʻ” aslida, otashparastlikni anglatadi. Qadim otashparastlik ibodatxonasi oʻrnida barpo etilgan bu masjid oʻziga “magʻoki” nomi bilan muayyyan maʼnoda islomdan avvalgi davr va uning eʼtiqodini eslatib turadi. Bagʻrikenglik sabab, bu tarixiy obidaning nomi asrlar davomida oʻzgarmagan. Hatto Buxoro xoni Abdulazizxon (1614-1683) davrida “Magʻoki Attor” taʼminlamasdan, buzib tashlash fikri oʻrtaga tashlanganda mashhur tariqat arbobi Maxdumi Aʼzam Kosoniy (1461-1542) bunga qarshilik qilib, tarixiy obidaning saqlanib qolishiga sabab boʻlgan. Ul zot bu masjidda vaqt oʻtkazishni yaxshi koʻrgani manbalarda oʻz ifodasini topgan. 

Keyingi vaqtlarda global tarmoqda faoliyat olib borayotgan ayrim yovuz kuchlar tomonidan yoshlar ongida toqatsizlik, oʻzgalarga nisbatan nafrat va adovat hissini singdirishga urinishlar koʻzga tashlanmoqda. Bugungi kunda bagʻrikenglik, tolerantlikning yangi bir jihatiga juda katta ehtiyoj bor: u ham boʻlsa virtual bagʻrikenglikdir. Ushbu maqolada ilk bor bagʻrikenglik madaniyatining mazkur jihati borasidagi mulohazalar ilgari suriladi:

Virtual bagʻrikenglik – internet olamida muloqot chogʻida turli profil va akkaunt egalari oʻrtasida oʻzaro hurmat-oqibatni unutmaslikdir.

Virtual bagʻrikenglik – shaxsi, millati, eʼtiqodi, dunyoqarashidan qatʼi nazar biror kimsani haqorat qilishdan, obroʻsini toʻkishdan, kamsitish va tahqirlashdan saqlanishdir. 

Virtual bagʻrikenglik – kishilarni parokanda qiladigan, odamlar orasida adovat va buzgʻunchilikka sabab boʻladigan maʼlumotlarni tarqatmaslikdir. 

Virtual bagʻrikenglik – diniy bagʻrikenglikning, diniy bagʻrikenglik- tinchlikning, tinchlik – taraqqiyot va farovonlikning, Yer yuzida farovon hayot istiqbolining eng muhim asoslaridandir. 

Bagʻrikenglik – tinchlik asosidir. Mahallalar, ovul va qishloqlarda tinchlik va osoyishtalik barqaror boʻlmogʻi uchun qoʻni-qoʻshnilar oʻrtasida oʻzaro mehr-oqibat, hurmat-izzat munosabatlari mustahkamlanib bormogʻi zarurdir. Qoʻshniga yaxshilik qilish, bemor boʻlsa holidan xabar olish, biror narsaga muhtoj boʻlsa yordam qoʻlini choʻzish, hamsoyaga tansiq taom ulashish kabi xislatlar milliy va diniy qadriyatlarimizning amaldagi ifodasi boʻlishi bilan birga tinchlik va barqarorlikni quvvatlantiruvchi omillardandir.

Yangi Oʻzbekistonda bugun ham mamlakatda millatlararo va konfessiyalararo birlik va birdamlikni taʼminlash, yoshlar ongiga bagʻrikenglik gʻoyalarini singdirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasining “Maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish” deb nomlangan 5-yoʻnalishidan oʻrin olgan 74-maqsad jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashni oʻzida ifoda qiladi. Mazkur maqsadni amalga oshirish yoʻlida mamlakatimizda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik muhitining barqaror va bardavomligini taʼminlash yoʻlida tizimli ishlar amalga oshirilayotgan nafaqat mahalliy, balki xorijiy ekspertlar tomonidan eʼtirof etilmoqda. 2024-yil 5-6-noyabrda Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida boʻlib oʻtgan “Butunjahon diniy yetakchilarining global sammiti”da Yangi Oʻzbekiston tajribasi yuqori baholangani mazkur haqiqat ifodasidir. 

Saidafzal Saidjalolov,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori

Izoh qoldirish