Yangi Oʻzbekistonning bagʻrikenglik pozitsiyasi
Davlat tinchligi va barqarorligi koʻp jihatdan xalqaro munosabatlarda hamjihatlik, bagʻrikenglik, murosakorlik siyosatidagi pozitsiyasi bilan belgilanadi. Shu jihatdan, oʻz qatʼiy pozitsiyasiga ega boʻlgan Oʻzbekiston xalqaro munosabatlarda tinchliksevarlik, hamjihatlik siyosatini qoʻllagan holda ish olib bormoqda. Bu jarayon, dunyo maydonida roʻy berayotgan voqealar, turli nizo va mojarolarni bartaraf etishga doir ilgʻor taklif va gʻoyalarni ilgari surishida koʻrinmoqda.
Jumladan, 2024-yil 11-noyabr kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida navbatdan tashqari oʻtkazilgan arab-islom sammitda Oʻzbekiston Respublikasi ham oʻz hamjihatlik, bagʻrikenglikka qaratilgan ilgʻor takliflarni ilgari surishi, bugungi globallashuv davrida dolzarb chiqishlardan boʻldi.
Xususan, urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni Oʻzbekiston shifoxonalarida begʻaraz davolashga tayyor ekani hamda Falastin xalqiga amaliy yordam koʻrsatish masalalarini kelgusi yili Samarqandda oʻtadigan “Koʻrfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” sammitida ham muhokama qilish niyati borligi kabi ilgʻor takliflar Oʻzbekiston oʻz tashqi siyosatida naqadar bagʻrikeng diyor ekanini yana bir bor koʻrsatdi.
Shuningdek, mazkur xalqaro sammitda Oʻzbekiston tinchlik yoʻlida jonkuyar davlat sifatida dunyo hamjamiyatini Gʻazo va Livandagi keskinlikni kamaytirish, yuzaga kelayotgan vaziyatni tez fursatda siyosiy yoʻl bilan hal etishga qaratilgan saʼy-harakatlarini birlashtirish masalalarini koʻrib chiqish, Falastin – Isroil muammosini tinchlik va diplomatiya yoʻli bilan hal etishga qaratilgan barcha amaliy tashabbuslarni toʻliq qoʻllab-quvvatlash, harbiy harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish, xavfsiz gumanitar yoʻlaklarni taʼminlash va tinchlik muzokaralarini boshlash masalalari Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Xavfsizlik Kengashining doimiy eʼtibor markazida turishi zarurligini qayd etish, Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan tashkil etilgan Ikki davlat yechimi uchun global alyans faoliyati qoʻllab-quvvatlash, Falastin va Livan hududidagi gumanitar inqirozning oldini olish maqsadida yetakchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan, shu jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Maxsus agentligi doirasida yordam koʻlamini kengaytirish hamda muqaddas Al-Aqso masjidi, Quddusdagi boshqa noyob tarixiy-madaniy yodgorliklarning daxlsizligini taʼminlash hamda ularni beshikast saqlab qolish kabi dolzarb masalalarga eʼtibor qaratishga chorlovi muhim vazifalardan boʻldi.
Darhaqiqat, dunyo hamjamiyatida Oʻzbekiston oʻz pozitsiyasiga ega davlat sifatida hamisha bagʻrikenglik, tinchliksevarlik siyosati asosida ish olib bormoqda. Bu bagʻrikenglik siyosati mintaqamizda turli millat va elatlarga, diniy konfessiya vakillariga boʻlgan eʼtibor hamda ular uchun yaratilgan shart-sharoitlarda koʻrinadi. Ayniqsa, Oʻzbekistonning yaqin yillar ichida qoʻshni davlatlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, chegaralar daxlsizligini taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlari misli koʻrilmagan darajaga yetganligini koʻrish mumkin. Ijtimoiy, iqtisodiy, taʼlim, madaniyat sohasida davlat ahamiyatiga molik yuqori ishlar olib borildi. Favqulodda vaziyatlarda qoʻshni davlatlarga yordam qoʻlini choʻzish, maʼnaviy koʻmak masalalari, shuningdek, ularning bilim olishlari uchun mamlakatimizda taʼlim muassasalarining barpo etilishini aytish mumkin. Jumladan, Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida afgʻon yoshlari uchun oʻquv markazi faoliyat yuritmoqda. Albatta, bunday xayrli ishlarni turli millat vakillariga boʻlgan hurmat va ayni paytda, Oʻzbekistonda yashayotgan 130 dan ortiq millat vakillariga nisbatan ehtiromning amaliy ifodasi, deyish mumkin.
Maʼlumki, milliy nizolar, etnik qarama-qarshiliklar hamisha davlatlar taraqqiyotiga toʻsiq boʻlgan. Qayerda, milliy birdamlik boʻlmasa, oʻsha yerda rivojlanish, tamaddun boʻlmaydi. Albatta, tinchlik va farovonlik ulugʻ neʼmat sifatida har bir ongli mavjudot uchun qadrlidir. Shunday ekan shu zaminda yashayotgan har bir inson, tili, dini, irqidan qatʼiy nazar tinch va farovon yashash huquqiga ega. Bu esa, jamiyatda oʻzaro maʼnaviy sogʻlom muhit qay darajada yaratilganligi bilan belgilanadi. Xususan, davlat rahbari tomonidan hamjihatlik va hamkorlikka chorlov boʻlsa-yu, biroq insonlar millatchilik kayfiyati bilan yashasa va shunday harakat qilsa, shubhasiz, jamiyatni tanazzul holiga olib kelishi muqarrardir. Eng muhim birlashtiruvchi kuch bu birdamlik, hamjihatlik, jipslikda yashashdir. Shu jihatdan, davlatimiz tashqi va ichki siyosatida milliy birdamlik, hamjihatlik, bagʻrikenglik masalasiga alohida eʼtibor qaratgan. Amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar zamirida ham mintaqa davlatlarining manfaatlarini koʻzlagan holda ish yuritish muhim vazifalardan ekanligini aytish mumkin. Xususan, Harakatlar strategiyasining beshinchi yoʻnalishi sifatida Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash masalasi ustuvor vazifa qilib belgilangan. Zero, ushbu masalalar bugungi globallashuv davrida strategik vazifalardan biri sifatida dolzarblik kasb etayotganligi, hech kimga sir emas. Shubhasiz, bir makon doirasida yashayotgan turli millat, din vakillari bahamjihat, birdam, ahil boʻlsa, tashqi aloqalar, doʻstona munosabatlar va eng asosiysi, xavfsizlikni taʼminlanishga erishgan boʻlamiz. Zero, davlatning ichki totuvligi – tashqi xavfsizligining muhim garovi hisoblanadi.
Taʼkidlanganidek, yurtimiz koʻp millatli zamin boʻlib, fuqarolarning emin-erkin yashashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Hatto millatlar jipsligi, hamkorligi uchun madaniy aloqalar sifatida tojik, turkman, qozoq, qirgʻiz madaniyat kunlari doirasida tadbirlar, uchrashuvlar, ilmiy va ijodiy suhbatlar oʻtkazilmoqda. Shuningdek, millatlar hamdoʻstligini yanada mustahkamlash hamda ularga boʻlgan doʻstona munosabatning ehtiromi sifatida milliy bogʻ va koʻcha nomlari berildi.
Bilamizki, azal-azaldan shu zaminda turli millat vakillari ahil va inoq yashashgan va hatto quda-andachilik munosabatlari orqali qarindoshlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishgan. Bu anʼana hali-hanuz oʻz ahamiyatini yoʻqotmay kelmoqda. Turli millat vakillarining yashash tarzi shu zaminga hurmatning ifodasi sifatida oʻzbeklar turmush tarzi bilan uygʻunlashib ketgan. Rus millatiga mansub bir ayolning oʻzbek zaminida shu millatga nisbatan cheksiz muhabbatu shukronalik bilan yashashi meni hayratga soladi. Oʻtgan asr oxirlarida zamona taqozosi bilan shu zaminga kelib qolgan Roziya opa (asli ismi Roza) oʻzbek turmush tarziga tezda moslashib, sakkiz farzandni voyaga yetkazdi. Onaxon oʻzbek ayollariga xos fazilatlarni oʻzida singdirib, farzandlarini ham oʻzbekona milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalagan. Eng muhimi, non-tuz yegan makoni boʻlmish oʻzbek zaminiga muhabbati, sadoqati yuqori ekanligi yashash tarzida, qoʻshnilar bilan oʻzaro munosabatlarida yaqqol koʻrinadi. Onaxon bir suhbatda “men borini oʻzgalar bilan baham koʻradigan bu qadar bagʻrikeng, samimiy, sodda xalqni koʻrmadim”, degan edi. Hamisha qoʻli duoda yurtga tinchlik, osudalik soʻraydigan onaxon qiyofasida oʻzbek ayollariga xos sifatu fazilatlarni koʻrdim. Ona qiyofasi millat tanlamasligiga amin boʻldim.
Oʻzbek xalqi borini oʻzgalar bilan baham koʻradigan millatdir. Bu xalq barcha insonlarni birdek koʻrib, dasturxoni hamisha ochiq boʻlgan. Yaqin yillarga qadar qardosh xalqlarga hurmatining ifodasi sifatida suhbatdoshi tojik boʻladimi yoki turkman, qaysi tilda boʻlsa, oʻsha tilda munosabatga kirishgan. Xususan, betakror ijod namunalarining fors-tojik tilida yozilganini buning amaliy ifodasi, deyish mumkin. Shunday ekan, bu anʼanani davom ettirgan holda turli millat vakillariga hurmatda boʻlishimiz, ahillikda hayot kechirishimizni bugun oʻzaro milliy nizolar kuchaygan, dunyo maydoni gʻoyalar kurashiga aylangan, fitnalar avjiga chiqib, mafkuraviy poligonlar ongu qalbni manqurtlik domiga tortishga intilayotgan shiddatli davr taqozo etadi.
Yuqorida taʼkidlanganidek, tinchlik va xavfsizlik, bagʻrikenglikning eng muhim garovi bu hamjihatlik, ahillik, milliy xususiyatlarni saqlab qolish va insoniy sifatlar bilan hayot kechirishdir. Qachonki, bir zaminda yashayotgan insonlar ahil, birdam, hamjihat, bagʻrikeng boʻlsa, shundagina hech qanday kuch oʻz taʼsirini oʻtkaza olmaydi. Davlatning ichki xotirjamligi, tinchligi va farovonligi hamisha tashqi munosabatlarining muhim asosi boʻlib kelgan. Shunday ekan, yangi Oʻzbekistonning mustahkam poydevorini qoʻyishda shu yurtda yashayotgan har bir inson masʼuliyat bilan yondashgan holda insonparvarlik, tinchliksevarlik, bagʻrikenglik tuygʻusi bilan faoliyat olib borishi kerak. Shundagina davlat va jamiyat taraqqiy etib, yanada yuksaladi.
Lola Azimova,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Oʻzbek va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti v.b.
Izoh qoldirish