7

Tinchlik – farovon va osoyishta hayot garovi

Tinchlik – bu insoniyat uchun eng buyuk boylik, farovon va osoyishta hayotning garovidir. Har bir xalq, har bir millat tinchlikda yashashni orzu qiladi, chunki tinchlik barqarorlik, rivojlanish va baxtning asosiy omilidir. Tinchlik o‘z-o‘zidan kelmaydi, u insonlar o‘rtasidagi hurmat, birdamlik va o‘zaro hamkorlik asosida qaror topadi. 

Agar insonlar o‘rtasida birdamlik mustahkam bo‘lsa, jamiyat tinchlikni ta’minlash yo‘lida katta qadam tashlaydi. Tinchlikka bo‘lgan intilish bizni yanada kuchliroq, qat’iyatliroq qiladi. Tinchlik va osoyishtalik hukmron bo‘lgan joyda esa insonlar o‘z hayotidan rozi va baxtiyor bo‘lib yashaydi.

Tinchlikning muhimligini tushunish uchun biz tarixga nazar solishimiz kerak. O‘tmishda insoniyat ko‘p marta urushlar, nizolar tufayli katta zarar ko‘rgan. Urushlar tufayli ko‘plab insonlar jonidan, mol-mulkidan ayrilgan, xalqlar orqasidan iztirob va qayg‘u izlarini olib kelgan. Shu bois, tinchlikning qadrini bilish va uni saqlash har bir insonning, har bir davlatning asosiy burchlaridan biridir. Agar jamiyat tinch bo‘lsa, unda insonlar o‘z maqsadlariga yetishish, o‘z orzularini amalga oshirish uchun katta imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Tarixdan ko‘rinib turibdiki, tinchlikka erishish uchun ko‘plab kurashlar, jonbozlik va matonat talab etilgan. O‘tmishda qilingan xatolardan saboq olib, hozirgi va kelajak avlodlar tinchlikni qadrlashlari zarur. Har bir inson tinchlik uchun o‘z hissasini qo‘shsa, jamiyat tinch va barqaror bo‘ladi. Tinchlikning qadriga yetgan xalq esa doimo bir-birini qo‘llab-quvvatlab, rivojlanishga intiladi.

Bugungi kunda dunyoda tinchlikni saqlash masalasi dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Bir necha hududlarda davom etayotgan nizolar va urushlar sababli millionlab insonlar tinch hayotdan mosuvo bo‘lib, og‘ir sharoitlarda yashashga majbur. O‘zbekiston hamisha tinchlik va barqarorlik tarafdori bo‘lib kelgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan siyosatning ham asosiy yo‘nalishlaridan biri mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdan iboratdir. Bu borada qo‘shni davlatlar bilan yaqin hamkorlikda ishlash, xalqaro munosabatlarda do‘stona aloqalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik olib borilib, tinchlikni mustahkamlash yo‘lida muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda. Tinchlikka erishish faqat O‘zbekiston uchun emas, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham katta ahamiyatga ega. Shu bois, tinchlik va barqarorlikni saqlash uchun har bir davlat o‘z mas'uliyatini his qilishi va hamkorlikda harakat qilishi zarur.

Tinchlik – farovonlikning negizi. Insonlar tinch sharoitda yashaganda, ularning yashash sharoitlari yaxshilanadi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat va iqtisodiyot kabi sohalarda rivojlanish kuzatiladi. O‘zbekistonda ham tinchlikning mevasini har bir sohada ko‘rishimiz mumkin. Mamlakatimiz iqtisodiyoti yildan-yilga rivojlanmoqda, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, aholi farovonligi oshmoqda. Bu esa tinchlik va osoyishtalikning insonlar hayotiga qancha quvonch va baxt olib kelishini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, tinchlik o‘rnatilgan yurtlarda turizm sohasining rivojlanishi ham jadallashadi, bu esa mamlakatning iqtisodiy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Tinch va osoyishta jamiyatda yoshlar o‘z kelajagini qurish uchun keng imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Shuningdek, tinchlik o‘rnatilgan davlatlarda madaniy almashinuvlar ham kuchayadi, bu esa xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlaydi. 

Tinchlikni saqlash faqat hukumatlar yoki xalqaro tashkilotlarning vazifasi emas, balki har bir insonning o‘ziga ham bog‘liq. Har birimiz tinchlikni saqlashga hissa qo‘shishimiz mumkin. Buning uchun boshqalarni hurmat qilish, muammolarni tinch yo‘l bilan hal etishga harakat qilish, o‘zaro birdamlik va mehr-muruvvatni targ‘ib qilish muhimdir. Oilada tinchlik bo‘lsa, jamiyatda tinchlik bo‘ladi, jamiyatda tinchlik bo‘lsa, davlatda barqarorlik qaror topadi. Shunday ekan, har bir inson o‘z atrofida tinchlik va osoyishtalik muhitini yaratishga intilishi kerak. Chunki har birimizning qilayotgan ezgu ishlarimiz jamiyatimiz va mamlakatimiz tinchligiga o‘z ulushini qo‘shadi. 

Biz yoshlar tinchlikning qadriga yetishimiz, uni asrab-avaylash uchun o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim. Yosh avlod tinchlikning naqadar muhim ekanligini chuqur anglab, jamiyatning rivoji va farovonligi uchun mas’uliyatli bo‘lishi kerak. Tinchlik uchun harakat qilish nafaqat bugungi kunimiz, balki kelajagimiz uchun ham muhim ahamiyatga ega. Shu sababdan, tinchlik va osoyishtalikni avaylab, uni saqlashga astoydil harakat qilishimiz kerak. 

Xulosa qilib aytganda, tinchlik – bu farovon va osoyishta hayotning garovi! Tinchlik bor joyda mehr-oqibat, do‘stlik va ahillik mavjud. O‘zbek xalqining bag‘ri keng va samimiyligi tufayli, yurtimizda tinchlik va barqarorlik qaror topmoqda. Keling, biz ham bu tinchlikni saqlashga, uni yanada mustahkamlashga o‘z hissamizni qo‘shaylik. Tinchlik – bu hamma uchun birdek qadrli boylikdir, uni asrash va kelajak avlodga meros qilib qoldirish bizning asosiy vazifamizdir. 

Feruza Shirinova,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Oʻzbek va xorijiy tillar” kafedrasi katta oʻqituvchisi, (PhD)

Izoh qoldirish