32

Ijtimoiy tarmoqlardagi yolgʻon axborot

Ijtimoiy tarmoqlar bugungi kunda global axborot almashishning asosiy vositalaridan biriga aylandi. Mazkur platformalar insonlar oʻrtasidagi muloqot, yangiliklar olish va bilim almashishda muhim rol oʻynaydi. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yolgʻon axborot (feyk yangiliklar) ham jiddiy muammo sifatida yuzaga chiqdi. Yolgʻon axborot odamlarga salbiy taʼsir koʻrsatib, jamoatchilik fikrini notoʻgʻri shakllantirishi, siyosiy va iqtisodiy beqarorlikka sabab boʻlishi mumkin. 

Ijtimoiy tarmoqlarda yolgʻon axborotning taʼsiri keng koʻlamli boʻlib, u insonlarning kundalik hayotiga, siyosiy qarorlariga va ijtimoiy munosabatlariga taʼsir qilishi mumkin. Yolgʻon axborotning bir necha asosiy taʼsirlari mavjud.

Birinchi, ijtimoiy va siyosiy tanglik. Yolgʻon axborot koʻpincha siyosiy manipulyatsiyalar uchun ishlatiladi. Bu, ayniqsa, saylovlar yoki siyosiy jarayonlar paytida koʻrinadi. Masalan, bir mamlakat ichidagi siyosiy partiyalar yoki xorijiy kuchlar raqib partiyalarni obroʻsizlantirish uchun notoʻgʻri maʼlumotlarni tarqatishi mumkin. Bu jamoatchilik oʻrtasida nizolarga sabab boʻlishi, hatto ommaviy norozilik harakatlariga olib kelishi mumkin.

Ikkinchi, sogʻliq va xavfsizlikka taʼsiri. Pandemiya davrida yolgʻon axborotning sogʻliqni saqlash sohasiga qanchalik katta taʼsir koʻrsatgani koʻrindi. COVID-19 davrida notoʻgʻri tibbiy maʼlumotlar va davolash usullari haqidagi feyk yangiliklar koʻpchilikning sogʻligʻiga jiddiy xavf tugʻdirdi. Bu nafaqat odamlarga notoʻgʻri davolanish usullarini tanlashga olib keldi, balki vaksinalarga nisbatan ishonchsizlikni ham kuchaytirdi.

Uchinchi, ishonchni yoʻqotish. Yolgʻon axborot doimiy tarqalganda odamlar haqiqiy axborotni yolgʻondan ajratish qiyinlashadi va ishonch muammosi yuzaga keladi. Natijada ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalariga boʻlgan ishonch pasayadi, bu esa axborot vakuumiga olib kelishi va notoʻgʻri qarorlar qabul qilinishiga sabab boʻladi.

Yolgʻon axborotning keng tarqalishiga qarshi kurashish bir qator strategiyalarni talab qiladi. Bu jarayonda nafaqat hukumatlar va texnologik platformalar, balki foydalanuvchilar ham faol ishtirok etishi kerak. Quyidagi usullar feyk yangiliklarga qarshi samarali kurash yoʻllari hisoblanadi.

To‘rtinchi, axborotni tekshirish platformalari. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan maʼlumotlarning ishonchliligini tekshiradigan maxsus platformalar va xizmatlar faoliyat koʻrsatmoqda. Misol uchun, “Snopes” yoki “FactCheck.org” kabi xizmatlar yolgʻon axborotni aniqlash va foydalanuvchilarni xabardor qilishga xizmat qiladi. Bu platformalar orqali foydalanuvchilar tarqalgan axborotni mustaqil ravishda tekshirish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Beshinchi, sunʼiy intellekt asosidagi vositalar. Koʻplab texnologik kompaniyalar ijtimoiy tarmoqlarda yolgʻon axborotni aniqlash va tarqalishiga toʻsqinlik qilish uchun sunʼiy intellektdan foydalanishmoqda. Facebook va Twitter kabi platformalar yolgʻon yangiliklarni tarqatadigan akkauntlarni aniqlash va ularni bloklashga qaratilgan maxsus algoritmlarni ishlab chiqishmoqda. Bunda sunʼiy intellekt texnologiyalari foydalanuvchilar faoliyatini kuzatib, shubhali yoki manipulyativ kontentlarni aniqlashda samarali boʻladi.

Oltinchi, mediasavodxonlik dasturlari. Foydalanuvchilarning media savodxonligini oshirish ham feyk yangiliklarga qarshi kurashning muhim qismidir. Odamlar yolgʻon axborotni aniqlashda bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishlari uchun maxsus treninglar va oʻquv dasturlari oʻtkazilishi kerak. Bu jarayon orqali odamlar tarqatilayotgan axborotni tahlil qilish, manbalarni tekshirish va yangiliklarni tanqidiy yondashish bilan qabul qilishni oʻrganadilar.

Yettinchi, huquqiy choralar. Ayrim mamlakatlar yolgʻon axborot tarqatgan shaxslar yoki tashkilotlarga nisbatan qonuniy javobgarlik choralari qoʻllashadi. Bu jarayon ijtimoiy tarmoqlarda notoʻgʻri maʼlumot tarqatishni toʻxtatishga qaratilgan. Masalan, baʼzi mamlakatlarda yolgʻon axborot tarqatgan shaxslar uchun katta jarimalar yoki jinoiy javobgarlik belgilangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda yolgʻon axborot tarqalishi jiddiy ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ammo feyk yangiliklarga qarshi kurashish uchun samarali strategiyalar mavjud boʻlib, ular axborotni tekshirish platformalari, sunʼiy intellekt texnologiyalari va medial savodxonlik dasturlarini oʻz ichiga oladi. Shuningdek, huquqiy choralar orqali yolgʻon axborot tarqatgan shaxslar jazolanishi kerak. Ushbu choralar yordamida jamiyatda ishonchli va haqiqiy axborotning ustuvorligini taʼminlash mumkin boʻladi.

 

Zuhra Aripova,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi professori

Izoh qoldirish