52

Nufuzli anjuman ishtirokchilari Oʻzbekiston Prezidentiga murojaat yoʻllab, deklaratsiya qabul qildilar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 19-sentabrda boʻlib oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi tashabbusi o‘laroq, joriy yilning 15-16-oktabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida nufuzli xalqaro konferensiya oʻtkazilishi belgilangan edi.

Shu maqsadda kecha poytaxtimizdagi “Hilton” majmuasining anjumanlar zalida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi nufuzli xalqaro konferensiyaning birinchi kuni turli sho‘balarga bo‘lingan holda bo‘lib o‘tdi.

Bugun esa Xiva shahrida “O‘zbekiston – buyuk sivilizatsiyalar chorrahasi” mavzusida sho‘ba yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mazkur anjuman ishiga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov moderatorlik qildi.

Anjuman ishida Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Iordaniya, Oʻmon, Rossiya, AQSH, Fransiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Hindiston va Pokiston kabi dunyoning 22 mamlakatidan 70 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar ishtirok etdi.

Konferensiyada Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiysi Naurizbay Tagʻan oʻgʻli, Musulmon donishmandlari kengashi huzuridagi Tinchlik tadqiqotlar markazi ijrochi direktori, doktor Samir Budinar (Marokash), Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez, Namik Kemal nomidagi Tekirdagʻ universiteti professori Xalit Eren (Turkiya), Fransiya milliy ilmiy tadqiqotlar markazi loyiha direktori, professor Karim Ifrak, Din ishlari boʻyicha qoʻmita boshqarma boshligʻi Behzod Soipov hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Xorazm viloyati vakili Xayrulloh Abdullayevning ma’ruzalari tinglandi.

Shuningdek, Xiva shahrida davom etayotgan “Islom – ezgulik va tinchlik dini” mavzuidagi xalqaro konferensiyada Xalqaro musulmon ulamolari kengashi raisi Ali Muhyiddin Qoradogʻiy, Musulmon donishmandlari kengashi huzuridagi Tinchlik tadqiqotlar markazi ijrochi direktori Samir Budinar, Misr muftiysi doktor Nazir Muhammad Ayyod, Hindiston “Dar al-Huda” Islom universiteti prorektori Jamoluddin Nadavi, Bulgʻor islom akademiyasi doktori Sayful Asriy, Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navroʻzbay Tagʻan oʻgʻli, Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez, Turkiya Tekirdagʻ universiteti professori Xalit Eren, Fransiya milliy ilmiy tadqiqotlar markazi loyiha direktori Karim Ifrak soʻzga chiqib, anjuman mavzusi boʻyicha maʼruza qildilar.

Jumladan, qatnashchilar yurtimizdan buyuk alloma va ulamolar yetishib chiqqani, ularning ilmiy merosini oʻrganish bugungi kunda naqadar muhim ekanligi, shuning bilan birga, ularda Islomning asl insonparvarlik mohiyati ochib berilgani, eng ulugʻ neʼmatlardan boʻlgan tinchlik va omonlikni asrab-avaylash borasida dolzarbligini yoʻqotmaydigan chaqiriqlar aks etganini taʼkidladilar.

Hozirgi paytda islomofobiya, ayrim davlatlar oʻrtasida turli majorolar davom etayotgani, globallashuvning salbiy jihatlari avj olayotgani qayd etilib, bu kabi muammolarning oldini olish uchun dinimiz taʼlimotlarini chuqur oʻrganish, yoshlar oʻrtasida ilmni targʻib qilish lozimligi qoʻllab-quvvatlandi.

Konferensiyadan koʻzlangan asosiy maqsad – shiddatli globallashuv sharoitida islom dini qadriyatlari, uning tinchlikparvarlik mohiyatini keng targʻib qilish, yoshlarni diniy bagʻrikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda islom diniga yot radikal qarashlarga qarshi murosasizlik tuygʻusini shakllantirish va bunda Oʻzbekiston tajribasini, diniylik va dunyoviylik muvozanatini saqlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarini xalqaro jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan mamlakatimizda soʻnggi 7 yil mobaynida diniy-maʼrifiy sohada ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil qilindi.

Bu muassasalarning barchasi nafaqat diniy, balki dunyoviy ilmlarda ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritgan buyuk allomalarimizning merosini asrab-avaylash, bugungi kun voqeligi nuqtai nazaridan chuqur tadqiq etish, yoyish va targʻib qilish, nafaqat musulmon olami, balki butun jahon jamoatchiligiga tanitishga xizmat qiladi.

Ayni paytda Oʻzbekistonning “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shioriga muvofiq ravishda islom dinining tinchlikparvarlik, bagʻrikenglik va maʼrifatparvarlik gʻoyalarini tarqatishga, shu tariqa mamlakat, mintaqa va dunyo miqyosida radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirish, bu illatlarni tag-tomiri bilan yoʻq qilishga oʻz hissasini qoʻshadi.

Shuningdek, ishtirokchilar mavzu doirasida bir qator ezgu tashabbuslarni ilgari surdilar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat yoʻllab, anjuman deklaratsiyasini qabul qildilar.

Muxtasar aytganda, anjuman dunyo xalqlarining birdamligi va mushtarak taraqqiyotini taʼminlashda islom taʼlimotining, buyuk ajdodlar merosining oʻrni va ahamiyatini koʻrsatib berish bilan birga, islom dinini niqob qilib, manfur maqsadlarni amalga oshirishga intilayotgan buzgʻunchi toifalarga qarshi kurashda ulamolarning yakdil fikrini qoʻllab-quvvatlashi bilan ham gʻoyat ahamiyatlidir.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish