60

GLOBAL GʻOYA VA TASHABBUS mamlakatimiz nufuzli anjumanga mezbonlik qilmoqda

Xalqaro konferensiya

BMT Bosh Assambleyasining 2023-yil 19-sentabrda boʻlib oʻtgan 78-sessiyasida Prezidentimiz “Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan, islomni ilm-maʼrifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy singari ulugʻ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Shunday buyuk olimlarning boy merosini oʻrganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024-yil Oʻzbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish tashabbusini ilgari suramiz”, degan edi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi. Bu ezgu taklif natijasi oʻlaroq, 2024-yil 15-16-oktabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida nufuzli xalqaro konferensiya oʻtkazilmoqda.

Tadbir avvalida davlatimiz rahbarining xalqaro konferensiya ishtirokchilariga tabrigini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov oʻqib eshittirdi. 

“Konferensiyamizning “Islom – ezgulik va tinchlik dini” deb nomlanishi ham albatta bejiz emas. Hammamiz yaxshi bilamizki, islom dini odamzod uchun tinchlik va omonlik dini sifatida yuborilgan buyuk taʼlimotdir. Muqaddas Qurʼoni karimning “baqara” surasi, 208-oyatida: “Ey, iymon keltirganlar, yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya daʼvat qilingani ham fikrimizni tasdiqlaydi...

...Soʻnggi yillarda jahonda kuzatilayotgan globallashuv jarayonlarining ijobiy jihatlari bilan birga, ayrim noxush holatlar, jumladan, islomofobiya koʻrinishlari musulmon jamiyatlarining tafakkur va turmush tarzi, madaniyati, urf-odat va qadriyatlariga ham taʼsir koʻrsatayotganiga hammamiz guvohmiz”, deyiladi tabrikda.

Anjumanda Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Iordaniya, Oʻmon, Rossiya, AQSH, Fransiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Hindiston va Pokiston kabi 22 mamlakatdan 70 dan ortiq xalqaro tashkilot rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar ishtirok etmoqda.

Konferensiyadan koʻzlangan asosiy maqsad shiddatli globallashuv sharoitida islom dini qadriyatlari, tinchlikparvarlik mohiyatini keng targʻib qilish, yoshlarni diniy bagʻrikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, islom diniga yot radikal qarashlarga qarshi murosasizlik tuygʻusini shakllantirish va bunda Oʻzbekiston tajribasini, diniylik va dunyoviylik muvozanatini saqlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarni xalqaro jamoatchilikka yetkazishdan iborat.

Mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir arab oliy madrasasi, Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil etildi. 

Bu muassasalarning barchasi nafaqat diniy, balki dunyoviy ilmlarda ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritgan buyuk allomalarimiz merosini asrab-avaylash, bugunning voqeligi nuqtai nazaridan chuqur tadqiq etish, targʻib qilish, nafaqat musulmon olami, balki butun jahon jamoatchiligiga tanitishga xizmat qiladi.

Ayni paytda Oʻzbekistonning “jaholatga qarshi – maʼrifat” shioriga muvofiq ravishda islom dinining tinchlikparvarlik, bagʻrikenglik va maʼrifatparvarlik gʻoyalarini tarqatishga, shu tariqa mamlakat, mintaqa va dunyo miqyosida radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirish, bu illatlarni tag-tomiri bilan yoʻq qilishga hissa qoʻshadi.

– Oʻzbekiston respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat qurilishida shunday ulugʻvor merosga, boy maʼnaviy manbaga va chuqur mazmunli asosga tayanadiki, bu yutuqlar oʻz nomini tarixga zarhal harflar bilan yozdirib, Oʻzbekiston davlatining asrlar davomida choʻqqida boʻlishiga mustahkam kafolat beradi, – deydi Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda. — Oʻzbekiston Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulugʻbek kabi dongdor olimlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi ulugʻ din peshvolari, Amir Temur va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkardalari, Alisher Navoiydek taniqli mutafakkirlari bilan bashariyat tarixiga beqiyos hissa qoʻshib, islomning ulugʻ madaniy-maʼnaviy merosini boyitgan, shuningdek, Yevropa uygʻonish davriga turtki bergan. Boy tarixiy va maʼnaviy merosga asoslanib, Oʻzbekiston bilan madaniy-maʼnaviy aloqalarni saqlash va rivojlantirish Ozarbayjon uchun ham har doim katta ahamiyatga ega boʻlib kelgan. bugun prezidentimiz ilhom aliyev va muhtaram shavkat Mirziyoyev oʻrtasidagi birodarlik rishtalari xalqlarimiz va davlatlarimiz hamkorligini yanada yuksaltirishga, jumladan, maʼnaviy sohalardagi aloqalarning rivojlanishiga asos boʻlmoqda.  Bir xil etnik ildizlarga, oʻxshash tarix va mentalitetga ega qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning yangi sifat bosqichiga koʻtarilishi – Shavkat Mirziyoyev janoblarining taʼbiri bilan aytganda, tarixiy hodisa boʻlgan Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ittifoqchilik qarorini biz uchun beqiyos faxr va iftixor manbai deb hisoblaymiz. Qorabogʻ zaminida qad rostlagan Mirzo Ulugʻbek nomidagi maktab oʻzbek xalqining qardoshlik sovgʻasi sifatida ozarbayjon xalqi uchun nihoyatda azizdir. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev janobi oliylarining 2017-yilni “Islom hamjihatligi yili” deb eʼlon qilish qarorini Prezident Shavkat Mirziyoyev islom olami uchun zarur deb baholagan va Toshkentda “Oʻzbekiston va Ozarbayjon misolida islom hamjihatligi” xalqaro konferensiyasini oʻtkazishimizga xayrixohlik bildirgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Uchinchi Renessans poydevorini yaratish maqsadida islom sivilizatsiyasi markazini barpo etishi din, ilm va zamonaviylikning uygʻunlashgan birligi ramzi va rivojini ifodalaydi. Bugungi nufuzli tadbirni oʻtkazish qarorini Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari BMT Bosh Assambleyasining yuksak minbarida turib bayon qilgan edi. Shukrki, global gʻoya va tashabbus samarasini bermoqda hamda islom dinining gumanistik mohiyatini yuksak darajada taqdim etish nuqtai nazaridan muhim forum Oʻzbekiston mezbonligida amalga oshmoqda. bugungi nufuzli forumda islom olamining mashhur, obroʻli diniy va jamoat arboblari ishtirok etmoqda. Ishonchim komilki, Toshkent forumi islom olami manfaatlarini himoya qilish va yuqori darajada taqdim etish yoʻlida oʻziga xos hissa qoʻshadi. Qardosh Oʻzbekiston murakkab davrlarda ham islom nuri oʻchmagan mayoq vazifasini bajargan. yana bir bor Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqi va davlati rivoji hamda islom olamining yuksalishi yoʻlidagi ezgu faoliyatiga Allohdan baraka tilayman.

Konferensiya 16-oktabr kuni Xiva shahrida davom etadi.

Jonibek Alijonov,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2024-yil 16-oktabr, 209-son

Izoh qoldirish