19

Islom – tinchlik va ezgulik dini

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 19-sentabrda boʻlib oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi tashabbusi o‘laroq, joriy yilning 15-16-oktabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida nufuzli xalqaro konferensiya oʻtkazilishi belgilangan edi.

Shu maqsadda bugun poytaxtimizdagi “Hilton” majmuasining anjumanlar zalida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi nufuzli xalqaro konferensiyaning birinchi kuni turli sho‘balarga bo‘lingan holda bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov xalqaro konferensiya ishtirokchilariga davlatimiz rahbarining tabrigini o‘qib eshittirdi.

“Konferensiyamizning “Islom – tinchlik va ezgulik dini” deb nomlanishi ham bejiz emas. Hammamiz yaxshi bilamizki, islom dini odamzod uchun tinchlik va omonlik dini hisoblanadi. Muqaddas Qurʼoni karimning “Baqara” surasi 208-oyatida “Ey imon keltirganlar! Barchangiz yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz” deyilishi bejiz emas.

Bugungi globallashuv davrida jumladan islomofobiya koʻrinishlari musulmon jamiyatlarining tafakkur tarziga, madaniyati, urf-odatlari va qadriyatiga taʼsir koʻrsatayotganiga hammamiz guvohmiz”, deyiladi tabrikda.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Muzaffar Komilov, BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi raisi Umar Zniber, Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissar vazifasini bajaruvchi Volker Turk, ICESCO – Islom olami talim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti Bosh kotibi Doktor Solim al-Malik, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayxulislom Allohshukur Poshozoda, Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi raisi Sodiq Toshboyev, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar tabrik soʻzlari bilan ochib berdilar.

Anjuman ishida Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Iordaniya, Oʻmon, Rossiya, AQSH, Fransiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Hindiston va Pokiston kabi dunyoning 22 mamlakatidan 70 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar ishtirok etmoqda.

Konferensiyadan koʻzlangan asosiy maqsad – shiddatli globallashuv sharoitida islom dini qadriyatlari, uning tinchlikparvarlik mohiyatini keng targʻib qilish, yoshlarni diniy bagʻrikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda islom diniga yot radikal qarashlarga qarshi murosasizlik tuygʻusini shakllantirish va bunda Oʻzbekiston tajribasini, diniylik va dunyoviylik muvozanatini saqlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarini xalqaro jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan mamlakatimizda soʻnggi 7 yil mobaynida diniy-maʼrifiy sohada ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil qilindi.

Bu muassasalarning barchasi nafaqat diniy, balki dunyoviy ilmlarda ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritgan buyuk allomalarimizning merosini asrab-avaylash, bugungi kun voqeligi nuqtai nazaridan chuqur tadqiq etish, yoyish va targʻib qilish, nafaqat musulmon olami, balki butun jahon jamoatchiligiga tanitishga xizmat qiladi.

Ayni paytda Oʻzbekistonning “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shioriga muvofiq ravishda islom dinining tinchlikparvarlik, bagʻrikenglik va maʼrifatparvarlik gʻoyalarini tarqatishga, shu tariqa mamlakat, mintaqa va dunyo miqyosida radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirish, bu illatlarni tag-tomiri bilan yoʻq qilishga oʻz hissasini qoʻshadi.

Mazkur anjumanda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov ham o‘z ma’ruzasi bilan qatnashdi.

Akademiya rektori o‘z ma’ruzasida ushbu konferensiya buyuk olimlarning boy merosini oʻrganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida o‘tkazilayotganini e’tirof etarkan, bugungi shiddatli globallashuv sharoitida islom dini qadriyatlari, uning tinchlikparvarlik mohiyatini keng targʻib qilish, yoshlarni diniy bagʻrikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash muhim ekanini qayd etdi.

Konferensiyaning birinchi kuni “Islom qadriyatlarini asrab-avaylashda hanafiy-moturidiy taʼlimotining oʻrni”, “Globallashuv sharoitida islom: moʻtadillik va bagʻrikenglik” hamda “Zamonaviy jamiyatda gʻoyaviy tahdidlarning oldini olish omillari va amaliy yechimlar” mavzusidagi sho‘balarga bo‘lingan holda davom etdi.

Konferensiya 16-oktabr kuni Xiva shahrida davom etadi. Unda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiyasining yakuniy deklaratsiyasi qabul qilinadi.

Anjuman dunyo xalqlarining birdamligi va mushtarak taraqqiyotini taʼminlashda islom taʼlimotining, buyuk ajdodlar merosining oʻrni va ahamiyatini koʻrsatib berish bilan birga, islom dinini niqob qilib, manfur maqsadlarni amalga oshirishga intilayotgan buzgʻunchi toifalarga qarshi kurashda ulamolarning yakdil fikrini qoʻllab-quvvatlashi bilan ham gʻoyat ahamiyatlidir.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish