535

“Har bir ustoz va do‘stdan biron narsa ol”

Tarbiya — meros

Buyuk ajdodlarimiz yoshlarning ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratgan. Xalqimiz bejiz “Ustoz otangdek ulug‘”, deya ta’rif bermagan. Yangi O‘zbekistonda ustozlar maqomi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganida ham hikmat mujassam. Millatning ma’rifati, ma’naviyati va tarbiyasi ustoz-murabbiylar, ilm ahlining sa’y-harakati bilan yuksaladi. Bu — yurtimizda kuzatilgan ilmiy renessanslar bilan isbotlangan tarixiy haqiqat.

Markaziy Osiyo tarixining oltin davri — IX-XII asrlarda yurtimiz allomalari vatan sarhadlaridan chiqib, dunyo tamadduniga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladigan kashfiyotlar qildilar. Bu dunyo ahli tomonidan e’tirof etilgan. Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy insoniyatning ma’rifiy taraqqiyotiga, shuningdek, dunyo mamlakatlarining ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy hayotiga beqiyos ta’sir ko‘rsatdi.

Muhammad ibn Ismoil Buxoriy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abdulhamid Keshiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy kabi ulug‘ allomalar butun islom olamining faxr-u iftixoriga aylandi. Bu davr tarixda “Islom madaniyatining oltin asri” deb e’tirof etildi.

Ushbu zotlarning mutafakkir bo‘lib yetishishiga o‘sha paytdagi ijtimoiy, siyosiy hamda ma’rifiy muhit, mamlakatda ilmga hamda ilm ahliga bo‘lgan hurmat, ularni qadrlashi, qo‘llab-quvvatlashi sabab bo‘ldi, deyish uchun barcha asoslar bor.

Amir Temur bobomiz tomonidan ahli ilm, ulamolarga katta hurmat-ehtirom ko‘rsatilib, ularga nafaqalar, xos imtiyozlar ajratilgani yurtimizda tom ma’nodagi ikkinchi Renessans davrini boshlab bergan. Bu davrda o‘lkamizda Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, Gʻiyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari buyuk olimlar, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar yetishib chiqdi. Tarixchilar Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir, musavvirlar Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod va boshqa ijod ahli vakillari, ko‘plab xattot va sozandalar, musiqashunos va me’morlar diyorimiz shuhratini dunyoga taratdi.

E’tibor qilinsa, har ikki davrda ilm qadrlangan, olim-u ulamolar va ustoz-u murabbiylar e’zozlangan. Insoniy g‘oyalar qo‘llab-quvvatlangan. Zero, har qanday insonni ustoz-murabbiy tarbiya qiladi.

Ayniqsa, Amir Temur davrida xalqaro ilmiy munosabatlar rivojlandi. Alloma ajdodlarimiz xorijiy mamlakatlarga ilmiy safarlar qilishi barobarida Amir Temurning taklifi asosida Mir Sayyid Sharif Jurjoniy, Imom Jazariy, Ibn Arabshoh, Sa’diddin Taftazoniy kelib, yurtimizda Qur’oni karim tilovati, kalom, fiqh, mantiq va tarix ilmlari rivojiga hissa qo‘shgan.

Shunday ulug‘ tarixni o‘rganish, olimlar ilmiy merosini tadqiq qilgan holda iste’molga kiritish Prezidentimiz takliflarida bildirilgan Uchinchi Renessans uchun poydevordir. Buning uchun barcha imkoniyatlar, to‘la asoslar mavjud. Masala, mana shu imkoniyatlardan qay darajada foydalana olishda.

Uchinchi Renessans asoslari davlatimiz rahbari tomonidan ham quyidagicha asoslandi: “Biz maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni bo‘lg‘usi Renessansning to‘rt uzviy halqasi, deb bilamiz. Bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uyg‘onish davrining to‘rt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz”.

Mazkur to‘rt tayanch ustunlariga ko‘rsatilgan e’tibor tarixda ham ijobiy samarasini bergan. Zamon bilan hamnafas, dunyoga bo‘y cho‘zayotgan O‘zbekiston tarixi shundan dalolat qiladi. Bugun yurtimizda yoshlarimiz, aziz farzandlarimiz qalbiga ilm ziyosini singdirib, ularni el-yurtga munosib insonlar etib tarbiyalayotgan ulug‘ ustozlar mehnati qadr topayotgani ham bor gap. Prezidentimiz Parlamentga qilgan Murojaatnomada 2021-yilda mazkur sohalarni tubdan isloh qilish va yanada rivojlantirish bo‘yicha quyidagi keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish lozimligini ta’kidladi:

— maktab ta’limi sifatini tubdan yaxshilash, muallimlarga munosib sharoit yaratish borasidagi islohotlarni jadal davom ettirish;

 — boshlangan yilda 30 ta yangi maktab qurish, 320 ta maktabni ta’mirlash va moddiy-texnik bazasini tubdan yaxshilash;

— sohada yagona “elektron ta’lim” tizimini joriy etish;

— o‘quv dasturlari, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalarni ilg‘or xalqaro dasturlarga moslashtirish;

— bolalarning tahliliy va kreativ fikrlash qobiliyatini rivojlantirish uchun sermazmun va tushunarli darsliklar yaratish;

— boshlang‘ich sinflarda davlat ta’lim standarti o‘rniga, ilg‘or xorijiy tajriba asosida, bolaga ortiqcha yuklama bermaydigan “Milliy o‘quv dasturi” joriy etish;

— fidoyi, vatanparvar o‘qituvchilarni munosib rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy qilish.

Bularning barchasi yurt ravnaqi uchun xizmat qilishi, shubhasiz. Qaysi jamiyatda o‘qituvchilik eng nufuzli va obro‘li kasbga aylanib, ta’lim sifatli, muallim fidoyi, eng muhimi, bularning barchasi davlat darajasida qo‘llab-quvvatlanar ekan, u yerda taraqqiyot sodir bo‘ladi.

Ustoz — tabarruk zot, ota-ona, mahallaning jonkuyar kayvonisi. Ustoz — qo‘lga qalam tutqazgan, harf o‘rgatgan muallim. Kasb, hayotning og‘ir-yengil, past-balandlarini o‘rgatuvchi tarbiyachi.

Ustozni otaga mengzagan millat buyukdir. Uning olim farzandlari yaratgan asarlar jahonning oltin fondiga aylangan. Bunday noyob merosga vorislik qilish kamdan-kam xalqlarga nasib etgan.

Prezidentimiz bu merosni “doimiy harakatdagi hayotiy dastur”, deb atadi hamda uning “bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bag‘ishlashi lozimligini” ta’kidladi. Haqiqatan, “eng katta boylik — bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros — bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik — bu bilimsizlikdir”. Ko‘rinib turganidek, har qanday muvaffaqiyat negizida ilm-ma’rifat va chiroyli niyat turadi.

Buyuk mazhabboshi Abu Hanifa — Imom A’zam: “Ustoz shogirdiga o‘z farzandidek munosabatda bo‘lsa, ular o‘rtasida manfaatli ilm hosil bo‘ladi”, degan edi. Alloma Burhoniddin Termiziy esa barchani har bir ustoz va do‘stdan biron narsa olishga intilishga da’vat qilib, o‘rgatuvchi muallimni oynaga qiyoslagan.

Buyuk ajdodlarimizni tarbiya qilgan ustozlari ham ulug‘ bo‘lgan. Chunki o‘rgatuvchi qanday bo‘lsa, o‘rganuvchi ham shunday bo‘ladi. Bu — buyuklar hikmati. Shunday ekan, yurtimizda ilmiy-ma’rifiy, ijtimoiy-ma’naviy sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, shubhasiz, yaqin kelajakda o‘zining ijobiy natijalarini beradi.

Shukurillo Umarov,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,

hadisshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2021-yil 9-yanvar, 6-son.

 

Izoh qoldirish