Akademiyada jonkuyar va fidoyi ustoz – Nurislom Tuxliyevni taqdirlash marosimi o‘tkazildi
Inson maʼnaviy kamolotida ustoz va murabbiylarning ta’lim va tarbiyasining ahamiyati katta. Dunyoda shunday kasblar borki, rohatidan mehnati, muvaffaqiyatidan zahmati koʻp. Ustoz-u murabbiylarning fidoyi mehnatini ham shunga qiyoslash mumkin.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi PF-27-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 173-bandiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tashkil topganligining 80 yilligini keng nishonshlash, mamlakatimiz ilm-fani nufuzini yanada oshirish, ilmiy-texnologik salohiyatini yuksaltirishda akademik ilm-fanning rolini kuchaytirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilingan edi.
Mazkur farmonga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori Nurislom Tuxliyev O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib tasdiqlandi.
Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Nurislom Tuxliyevni taqdirlash maqsadida tadbir tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, Akademiya prorektorlari, professor-o‘qituvchilar, kafedra mudirlari, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi a’zolari hamda olimning shogirdlari ishtirok etdilar.
Uchrashuvni Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor, filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov kirish soʻzi bilan ochib berdi.
Marosimda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov soʻzga chiqib, taniqli olimning ibratli umri, ilmiy faoliyati yoshlarga o‘rnakligi, Akademiya tarixida ilk akademik ilmiy unvoniga ega bo‘lgan inson ekanini, Nurislom Tuxliyev yurt ravnaqiga hissa qo‘shayotgan ko‘plab mutaxassislarning ustoziligini e’tirof etdi. Akademiya jamoasi nomidan tabrikni yetkazib, ustozga zarbof to‘n kiydirdi.
Darhaqiqat, tadbir davomida so‘zga chiqqanlar jonkuyar ustozning diniy-maʼrifiy sohadagi ilmiy faoliyatini alohida eʼtirof etishdi.
Boy ilmiy va amaliy tajribaga ega boʻlgan, tajribali ustoz bugungi kunda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom ensiklopediyasi” bo‘limi mudiri hisoblanadi. Shu bilan birga, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasida talabalarga saboq berib kelmoqda. Olimning yosh iqtisodchilarni tayyorlash hamda oʻquv jarayonlari va ilmiy muhit rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgani tahsinga sazovor.
Nurislom Tuxliyev oʻz ilmiy faoliyatini iqtisodiyotni intensivlashtirish va agrosanoat integratsiyasining iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish muammolarini oʻrganishdan boshlagan. Bozor munosabatlarining shakllanishi va rivojlanishi, Oʻzbekiston va postsovet mamlakatlari iqtisodiyotini bozor munosabatlariga oʻtkazishga bagʻishlangan dastlabki maqolalar, monografiyalar va oʻquv qoʻllanmalari muallifidir. Uning “Osiyo va Bozor” (1992), “Bozorga oʻtishning mashaqqatli yoʻli” (1999), “Taraqqiyotning oʻzbek modeli” (2014), “Oʻzbekiston iqtisodiyoti” (2019), “Oʻzbekiston iqtisodiyoti anatomiyasi” (2021) “Mintaqaviy iqtisodiy integratsiya: rivojlanish qonuniyatlari, xususiyatlari” (2020) asarlari koʻpchilikka maʼlum va yuqori baholangan.
Jonkuyar inson Oʻzbekistonni innovatsion asosda iqtisodiy rivojlantirish muammolari boʻyicha noyob ilmiy maktab asoschisi. Uning tashabbusi bilan 90-yillarning oʻrtalarida oliy oʻquv yurtlarida “Oʻzbekiston iqtisodiyoti” yangi oʻquv kursi ishlab chiqildi va joriy etildi, darslik va kurs dasturi yaratildi. U 3 nafar iqtisodiyot fanlari doktori va 22 nafar fan nomzodlarini tayyorlagan. 300 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan, 45 ta kitob, monografiya, oʻquv-uslubiy qoʻllanma va darsliklar muallifi. “Islom banklari standartlari” (2023), “Milliy sanoatlashuv jarayonining institutsional muammolari” (2019), “Трансформация промышленной политики Узбекистана в условиях глобализации” (2018) kabi darslik va monografiyalarga ilmiy muharrirlik qilgan.
Ustoz koʻp jildli “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”ning bosh muharriri. Hozirda yigirma jilddan iborat boʻlishi kutilayotgan “Islom ensiklopediyasi”ning bosh muharriri. Shu bilan birga, u koʻp tilli universal internet ensiklopediya – Vikipediya uchun maqolalar tayyorlash guruhining rahbari. Uning “Oʻzbekiston Respublikasi” va “Moя страна” asarlari oʻzbek, rus va ingliz tillarida nashr etilgan.
Hozirgi paytda ustoz milliy iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri sifatida umumiy va ziyorat turizmini rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. Uning bevosita rahbarligida qator fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borildi, Oʻzbekistonda ilk bor “E-ziyorattourism” noyob elektron integratsiyalashgan platformasi yaratilib, bugungi kunda nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham foydalanilmoqda. Hozirda loyiha tijoratlashtirilmoqda.
Nurislom Tuxliyev iqtisodchilar orasida kam uchraydigan, bilimlar tizimida faol izlanish va yangi marralarni topishga intilayotgan olimlar toifasiga kiradi.
Jonkuyar va talabchan ustoz, mohir pedagog, ilm yoʻlining chinakam fidoyisi boʻlgan Nurislom Tuxliyev koʻplab shogirdlarga ustozlik qildi. Yoshlar kamoloti yoʻlida beminnat mehnat qilmoqda.
Tadbir yakunida akademik Nurislom Tuxliyev yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirdi.
Fursatdan foydalanib, Akademiya jamoasi Nurislom Tuxliyevni yana bir bor tavallud mazkur ilmiy unvon bilan tabriklab, u kishiga mustahkam sogʻlik, uzoq umr, koʻtarinki kayfiyat, oilaviy farovonlik va ish faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi!
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish