258

Axborot isteʼmoli madaniyatini shakllantirishdagi dolzarb muammolar va yechimlar

XXI asrni axborot texnologiyalari va jahon axborot tarmog‘isiz tasavvur qilish mushkul. Globallashuv davrida axborotlar oqimi bois, yoshlar keng bilimga ega bo‘lish barobarida tobora kuchayib borayotgan maʼnaviy tahdid va xatarlarga duch kelyapti. Ularni axborot xurujlaridan asrash esa eng asosiy vazifaga aylandi.  

Shu maqsadda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti hamda “Ziyo” media markazi hamkorligida “Radikallashuv va yot gʻoyalarga qarshi kurashish hamda axborot isteʼmoli madaniyatini shakllantirish” mavzusida oʻn kunlik maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi doirasida 15-noyabrdan oy oxiriga qadar oʻtkaziladigan uchrashuvlarda ijtimoiy-siyosiy, diniy, madaniy-maʼrifiy sohada nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo miqyosida tan olingan davlat va jamoat arboblari, oʻz sohasining dong taratgan ekspertlari hamda dinshunos olimlari ishtirok etdi.

Mazkur tadbirlar doirasida soha mutaxassislari va ekspertlar ishtirokida turli mavzularda davra suhbatlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bugun o‘nkunlik doirasida “Axborot isteʼmoli madaniyatini shakllantirishdagi dolzarb muammolar va yechimlar” mavzusida navbatdagi ma’naviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektor maslahatchisi Oʻtkir Hasanboyev, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti dekani Habibullo Sadibaqosev, Oriental universtiteti talabalari, Akademiya professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Davra suhbatini O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, “Ziyo” media markazi direktori Abduhamid Muxtorov olib bordi.

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti professori Halim Saidov hamda “Yangi O'zbekiston” va “Правда Востока” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov ekspert sifatida ishtirok etdi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzgʻunchi yot gʻoyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, maʼrifat oʻrnini jaholat egallashiga yoʻl qoʻymaymiz”, degan soʻzlari o‘nkunlikning shioriga aylangan.

Uchrashuv davomida mavzuga oid muammolarning tub mohiyatini ochib berishga qaratilgan teran tahlillar, radikalizmning adoqsiz yoʻliga kirib, ayni vaqtda jabrini tortayotganlarning iqrorlari aks etgan roliklar, mavzuga oid foto suratlar va adabiyotlar namoyish etildi.

Ekspertlarga “Ma’rifatchilar klubi”ning koʻkrak nishoni tantanali tarzda topshirildi.

Mazkur klub ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk allomalarimiz merosini, jadidlarning hayot yoʻlini, ilmiy-maʼnaviy xazinasini oʻrganish, ziyorat turizmini rivojlantirish, Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat hamda turli millat va eʼtiqod vakillariga nisbatan bagʻrikenglik gʻoyalarini keng targʻib etishi;

globallashuv taʼsirida insoniyat hayotiga xavf solayotgan muammolar, axloqning dolzarb masalalari tahlili borasida diniy-maʼrifiy soha mutaxassislari, olimlar, davlat va jamoat arboblari, fan, sanʼat, madaniyat va adabiyot namoyondalarining klub aʼzolari bilan muloqotlari, uchrashuvlari, davra suhbatlarini tashkil etish;

ziyorat turizmi rivojiga informatsion koʻmak maqsadida klub aʼzolarining sayohatlarini uyushtirish;

ommaviy axborot vositalarining barcha turlarida faol boʻlgan lider talabalar guruhini shakllantirish orqali yoshlarni gʻarazli kuchlar va oqimlarning taʼsiridan ogoh etish;

terrorizm va ekstremizm gʻoyalarining asl maqsadlarini fosh etish, “ommaviy madaniyat”ning zararli illatlaridan himoya etishni maqsad qilgan.

Ushbu tadbir yoshlarni buzgʻunchi va radikal gʻoyalar taʼsiriga tortish bilan mashgʻul boʻlayotgan kimsalarning asl maqsadi, shaxsi, bilim darajasi, kimga yoki nimaga xizmat qilayotganini anglatishga qaratilgan.

Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish