152

Akademiyada dastlabki imtihon jarayonlari davom etmoqda

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriat “Islomshunoslik” va “Dinshunoslik” ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun dastlabki imtihon jarayonlari o‘tkazilayotgan edi. 

Bugun, 13-iyul kuni ham abituriyentlar uchun dastlabki imtihon jarayonlari davom etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 5-iyundagi “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 358-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, bugun ham dastlabki imtihon yozma shaklda Akademiya hududida tashkil etildi.

Imtihon boshlanishidan avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov ishtirok etib, abituriyentlarga muvaffaqiyat tiladi.

Dastavval Akademiya Qabul komissiyasi mutasaddilari tomonidan imtihon o‘tkazish tartib-qoidalari haqida tushuncha berildi. Tartibni buzgan abituriyentlarga nisbatan dalolatnoma tuzilib, o‘sha vaqtning o‘zida ular imtihondan chetlashtirilishi haqida ogohlantirildi. Jarayon adolatli va shaffof tarzda o‘tkazilish maqsadida to‘liq onlayn translatsiya qilindi. Abituriyentlarning ota-onalari mazkur jarayonni faol kuzatib borishdi.

Imtihon nizomiga muvofiq, abituriyentlarning intellektual, ma’naviyat va ma’rifat asoslari bo‘yicha bilim hamda xorijiy tillarni (ingliz, fransuz va nemis) bilish darajalari sinovdan o‘tkazildi.

Shu bilan birga, imtihon paytida abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlarining kutish vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun Akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Shayx Xovandi Tohur, To‘labek (Qaldirg‘ochbek) hamda Yunusxon maqbaralariga ziyorat tashkil etildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov hamda “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi katta o‘qituvchisi Saidafzal Saidjalolov mehmonlarga mashhur allomalar haqida ma’lumot berishdi.

Shu yerning o‘zida allomalar xotirasi yod etilib, Qur’on tilovat qilindi.

Eslatib o‘tamiz, dastlabki imtihonlar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ertaga ya’ni 14-iyul kuni ham davom etadi. 

Imtihon natijalari Akademiyaning rasmiy sayti hamda telegram kanali orqali e’lon qilinadi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining rasmiy sahifalarini kuzatib boring!

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish