220

Hojilarning ovoz berish jarayoni boshlandi

Ayni kunlarda Saudiya Arabistonida haj safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari erta tongdan “Roshidiya” mehmonxonasi foyesida tashkil etilgan saylov uchastkasida yurtimiz tarixidagi muhim siyosiy jarayon – muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashib, eng munosib nomzodga ovoz bera boshladilar.

Saylovchilar o‘zlarining konstitusiyaviy huquqlaridan foydalangan holda mamlakatimiz va chet davlatlarda tashkil etilgan barcha shart-sharoitga ega saylov uchastkalarida ovoz beryaptilar. Toshkent shahridagi 14-saylov okrugiga biriktirilgan O‘zbekiston Respublikasining Saudiya Arabistonidagi Jidda shahrida joylashgan Bosh konsulxonasidagi 39-uchastka saylov komissiyasi tomonidan ziyoratchilar uchun Makka shahridagi “Roshidiya” mehmonxonasida ovoz berish punkti tashkil etildi.

Saylov qonunchiligiga ko‘ra, ziyoratchilar uchun saylov byulletenlari keltirilib, yashirin ovoz berish uchun kabinalar hozirlandi. Prezidentlikka nomzodlarning tarjimai hollari saylovchilar uchun ko‘rinadigan joyga ilib chiqildi.

Hatto, yoshi ulug‘ kishilar, bemorlar va harakatlanishga qiynaladigan ziyoratchilar uchun ham ularning xonalarida ovoz berish imkoniyatlari yaratildi.

Bir so‘z bilan aytganda, muborak zamindagi vatandoshlarimizning saylovga oid huquqlarini amalga oshirish uchun barcha sharoit va imkoniyat yaratilib, jarayon saylov qonunchiligi talablari asosida olib borilmoqda.

Manba:

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish