168

“Har holda o‘lim birdur, ikki emas!”

MAQOLA

Mahmudxo‘ja Behbudiy vafotiga oid taxminlar anchadan buyon jadidshunos­larni qiziqtirib keladi.

Ibrohim Gʻafurov qalamiga mansub “Amir nega Behbudiyga qo‘l bermadi?” maqolasi Behbudiyning “Buxoro voqealari va daf’i tuhmat” nomli maqolasi tahliliga bagʻishlangan. Behbudiyning bu asari 1917-yili “Hurriyat” gazetasining 1-may sonida chop etilgan bo‘lib, Buxo­rodagi inqilob davri va o‘zining tuhmatga qolgani haqida hikoya qiladi. Ayni shu pallada Buxoroda usuli qadim va usuli jadid o‘rtasida qattiq tortishuvlar avjiga chiqqan bo‘lib, vaziyat qil ustida turardi. Buxoro amiri esa o‘zi mustaqil qaror qabul qila olmas, rus konsulligi bilan tinmay maslahatlashar edi.

Amir va konsullikka qolsa, o‘sha “eski hammom, eski tos” bo‘lgani ma’qul edi. Biroq Buxoroning shijoatga to‘lib turgan olov yoshlari bu eski an’analarga ko‘nika olmas, yangilik, islohot, o‘zga­rishni tinmay talab qilardilar. Qolaversa, Rusiya hukumatida algʻov-dalgʻovlar bo‘layotgan bir pallada unga tobe bo‘lgan hududda sokinlik hukm surishi aqlga sigʻmas edi. Amir konsul Miller bilan mashvarat qiladi va islohot o‘tkazishga bel bogʻlaydi. Islohotlar manifesti e’lon qilinishi haqida xaloyiq orasida shov-shuv ko‘tariladi, hamma vaziyatning ijobiy tomonga hal bo‘lishini kutardi. Biroq hayratlanarlisi, aslida millat va xalqqa xizmat qilishi kerak bo‘lgan manifest Buxoro amiri Olimxon va uning yaqinidagilar tomonidan emas, rus konsuli Miller tarafidan yozilgan, aniqrogʻi, belgilab berilgan edi.

Ikkinchidan, amir yoxud rus konsul­xonasi Turkiston gubernatori Kuropatkinga murojaat qilib, mazkur manifest, ya’ni islohotlar haqidagi Farmon haqida xabardor qilib, ushbu islohotlar ortidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qo‘zgʻolon va namoyishlar borasida ogohlantirgan edi. General Kuropatkin esa Buxoroga tahdid solinishining oldini olish uchun Samarqand voliysiga ogohlantirish xati yuborgan. Bu xat Samarqand ijroiya qo‘mitasi majlisida maxfiy muhokama qilinadi va vaziyatdan boxabar bo‘lish uchun Buxoroga vakillar yuboriladi.

Ahamiyatlisi, ular orasida Mahmudxo‘ja Behbudiy ham bor edi. U manifest qabul qilinishi jarayonlarida bevosita ishtirok etadi va vaziyatni xolis yoritadi:

“Bizlar 6-aprelda Buxoroga borduk. Vogzalda (Miller) janoblarini ko‘rub, bir vogunda o‘lturub qogʻazlarimizni ko‘rsatduk. Ul kishi dedi: “Bu kun janobi oliy amir hazratlari katta va keng bir manifest e’lon qilurlar, sizlarningda Ark oliyga bormogʻingiz mumkindur…”.

“Safir (elchi) ila bir vogunga o‘lturduk. Mazkur maning ila forscha va ruscha bir heyli so‘yladi: “Sizni gʻoyibona taniyman. Ushbu manifestni hanuz hech kim o‘qigʻon yo‘q, birinchi daf’a sizga ko‘rsaturman” deb matbu’ bir qogʻaz uzatdi. Tashakkur aytib, olib o‘qidum. Ikki-uch yerinda irod aytdim. Ba’zisiga javob berdi. Vogun ichida yana ikki forsidan noibi ham bor edikim, oramizda bir heyli suhbat va bahslar bo‘lub o‘tdi…”.

Bu ajoyib parchadan bizda yana bir necha savollar tugʻiladi: Nega amirning hali e’lon qilinmagan manifesti, ya’ni farmoni rus konsulining qo‘lida turibdi? Nega rasmiy diplomat o‘ta rasmiy va butkul davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan farmonni butunlay begona bir odamga o‘qit­yapti? Bundan oydinlashadiki, Buxoro amirligi garchi mustamlaka bo‘lmasa-da, allaqachon ruslar qo‘liga o‘tib bo‘lgan va boshqaruv ularga topshirib bo‘lingan edi.

Maqolada aytilishicha, Arkka borgach, konsul Miller manifestning asl nusxasini Nasrullo qushbegiga beradi va qushbegi uni o‘qib bo‘lgach, imzo chekadi. Xo‘sh, nima sabab ishning boshida turishi kerak bo‘lgan qushbegi eng oxi­rida manifest bilan tanishmoqda? Unga manifestni nima uchun millatdoshi emas, balki rus konsuli taqdim etmoqda? Millat taqdirini boshqa millat hal qilib berishi qaysi mantiqqa to‘gʻri keladi? Yana bular ochiqchasiga namo­yish etilmoqda, parda tutish holatlari yo‘q. Vaziyat shu qadar oson hazm qilinib ulgurdimi? Manifest bilan tanishib chiqqan Mahmudxo‘ja ham uni musulmonlik bilan tanish bo‘lgan rus vakili yozganini biladi. Negaki, undagi ba’zi mujmal tushunchalar, so‘zlarning noo‘rin qo‘llanishi kabi belgilar uning tub aholi vakili tomonidan yozilmaganiga dalolat qilar edi. “Rahimxoniy” mehmonxonasida mas’ullar va vakillar yigʻilgach, qozikalon Sharif maxdum farmoni humoyunni o‘qib eshittiradi va xalq amirni duo qiladi. Yoshlarning ba’zilari: “Yashasun amir hazratlari!” deb choqirdilar…”.

Buxoroning yangilikka o‘ch yoshlari ham bu manifestdan katta yuksalishlarni umid qilishayotgan edi. Manifest qabul qilinishidan 23 kun keyin Mahmudxo‘ja Behbudiyning hozir tahlil qilayotgan maqolamiz chop etiladi. Behbudiy maqolasida achchiq-achchiq mulohaza­larini keltirar ekan, bu amirning gʻazabini keltirmasligi mumkin emas edi.

Ibrohim Gʻafurovning fikricha, oradan ikki yil o‘tgach, aprel oyida Shahri­sabzda Behbudiyning aynan Buxoro amiri buyrugʻiga binoan qo‘lga olinib, qatl etilishi ham o‘sha xusumatga borib taqaladi. Behbudiyning “Luzumi maktab dar Buxoro” (“Samarqand”, 1913-yil, 26-iyul, 26-son), “Buxoroda to‘ylar” (“Oyi­na”, 1913-yil, 5-son), “Buxoroda muhim qaror” (“Oyina”, 1913-yil, 10-son), “Buxoroning Sherobodidan maktub” (“Oyina”, 1914-yil, 17-son), “Buxoroni istiqboli qorongʻu” (“Oyina”, 1914-yil, 40-son), “Buxorodan qaro xabarlar” (“Oyina”, 1914-yil, 39-son) maqolalarida murakkab va qiyin iqtisodiy, ijtimoiy, maishiy muammolar, aholining ogʻir ahvoli, taʼlim-tarbiya va maorifning inqirozli holati, va albatta, amir va uning hukumati tilga olinib, ayovsiz tanqid qilingan edi.

“Amir yana elchilar ila va biz bila borgan ikki nafar uvrupoyi ila qo‘l uzotib ko‘rushdi. Biz ikki nafar musul­mon-da muntazir edukki, qo‘l uzotsalar, toki ziyorat qilsak. Va illo, oliy huzurda hammamiz aralash turgan eduk. Gʻolibo, salla va choponlarimiz zarar kelturdi. Amir hazratlari na avvalda va na oxirda, agarchi bir kalima bo‘lsun, so‘ylamasdan furan chiqib ketdi…”, deyiladi “Buxoro voqealari yoki daf’i tuhmat” maqolasida. Behbudiy kinoya ila salla va choponi amirga ma’qul kelmaganini aytsa-da, asli­da, tag zamirida nozik ifoda yotar edi.

Buxoro amiri Olimxonning hammani birdek ko‘rmasligi, faqat o‘zi bo‘ysunuv­chi qatlamnigina nazarga ilib, ularga nisbatan itoati alamini o‘ziga bo‘ysunuv­chilardan olishini anglashimiz mumkin. Aygʻoqchilar, badxohlar, qadimchilar Behbudiyning izidan tushgan edilar. Bu haqida hazrat “Hurriyat” gazetasining 1917-yil 16-iyun sonida shunday guvohlik ham berib o‘tadi:

“Maning o‘zumni ham ismsiz maktubda o‘lum ila qo‘rqutadilar. Ammo men yigirma sanalardan beri yomon so‘zlarni xaloyiqdan ko‘p eshitdim va munday adab­siz maktublardan ko‘b ko‘rdum. Niyatimning xolisligi uchun munday so‘z va maktublar manga ta’sir qilmaydur…”.

“Mani yoshlar, savdogarlar, mullalar va ruslar jamiyatiga bormagil demoqqa hech kimning haqi yo‘q va mone ham bo‘lolmaydur…”.

“Takror aytarman kim, mani qo‘rqutarman deb, behuda zahmat chekmasun, o‘shal ismsiz maktubni taklifigʻa muvofiq javobimizni mana gazetada yozduk. Va endi maktub egasining bizga yuboraturgan o‘lumiga muntazirmiz. Har holda o‘lum birdur, ikki emas!”.

Ochiq-oydin ravshanki, Mahmudxo‘jaga ma’rifatni targʻib qilgani ortidan ko‘plab tahdidlar, haqoratlar uyushtirilgan, maqsad esa uni niyatidan qaytarish, ahvolni esa joyidan siljitmaslik edi. Biroq millat fidoiysi o‘zining tanla­gan yo‘lida sobit turguvchilardan edi va u asl maqsadini aniq bilardi. 

Hikoyatda keltirilishicha, bir chumoli Haj safariga otlanibdi. Uning nimjonligini va masofa olis ekanini aytib, malomat qilibdilar. Manzilga yetmasdan burun olam­dan ko‘z yumishini “bashorat” qilibdilar. Chumolining ularga xitoban aytgan so‘zlari Mahmudxo‘ja Behbudiyning qarashlarini beixtiyor yodga soladi: “Manzilga yetib borish-bormasligim ahamiyatsiz. Asosiysi, men ana shu yo‘lda jon bergan bo‘laman”.

Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidchilik harakatining boniysidir. Uning hayoti va ijodiy faoliyati haqida 20-yillarda mahalliy matbuotda Sadriddin Ayniy, Hoji Muin ibn Shukrullo, Laziz Azizzoda kabi zamondoshlari tomonidan bir qator maqola, xotiralar e’lon qilingan. Keyingi yillarda, xususan, mustaqillikka erishilgandan so‘ng jadidlar faoliyatini o‘rganishga qiziqish kuchayishi bilan Beh­budiy ham qayta kashf etila boshlandi.

Inson yorugʻ olamga hur bo‘lib, teng huquqlar asosida dunyoga keladi. Har bir odam baxtli bo‘lib yashashga haqlidir. Biroq baxtli hayotga o‘z-o‘zicha erishish gʻoyat mushkul. Buning uchun kurashmoq, jonni fido qilmoq kerak! Chunki haq olinur, berilmas! – munavvar bobolarimiz bizga shuni vasiyat qilganlar. Ulugʻ ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy va hammaslaklari ana shu e’tiqodda bo‘lganlar, ana shu buyuk e’tiqod yo‘lida jon fido qilganlar.

Yana bir jadidimiz Abdulla Qodiriy “Mushtum” oynomasining 1928-yil 27-sonida Ovsar imzosi bilan “Yigʻindi gaplar” maqolasini e’lon qiladi. Bu maqola o‘sha paytda ko‘p gap-so‘z va turli mulohazalarga sabab bo‘ladi. Adib O‘zbekiston Jinoyat Qonunlari majmuasining “Rahbar xodimlarni obro‘sizlantirish” degan moddasi bilan qoralanadi. Qariyb uch oylik so‘roq-tergovdan so‘ng, yozuvchi sudda o‘zining haqligini isbotlovchi yozma nutqini o‘qib beradi. U suddagi nutqida shunday degandi:

“Soʻzim oxirida odil sudlardan soʻrayman: Garchi men turlik boʻhton, shaxsiyat va soxtalar bilan, ham angla­shilmovchiliklar orqasida, ikkinchi oqlanmaydurgʻon boʻlib qoralandim. Loaqal ularning, qoralovchi qora koʻzlarning koʻngli uchun boʻlsa ham, menga eng oliy boʻlgʻon jazoni bera koʻringiz. Koʻnglida shamsi gʻuboroti, teskarichilik maqsadi boʻlmogʻon sodda, goʻl, vijdonlik yigitga bu qadar xoʻrlikdan oʻlim tansiqroqdir. Bir necha shaxs­larning orzusicha, maʼnaviy oʻlim bilan oʻldirildim. Endi jismoniy oʻlim menga qoʻrqinch emasdir. Odil sudlardan men shuni kutaman va shuni soʻrayman”.

Endi Mahmudxo‘ja Behbudiyning quyidagi so‘zlariga diqqatimizni qaratamiz: “Takror aytarman kim, mani qo‘rqutarman deb, behuda zahmat chekmasun, o‘shal ismsiz maktubni taklifigʻa muvofiq javobimizni mana gazetada yozduk. Va endi maktub egasining bizga yuboraturgan o‘lumiga muntazirmiz. Har holda o‘lum birdur, ikki emas!”.

O‘xshashlik sezmayapsizmi? Ha, biz­ning bu dargʻalarimizni adolat, hurriyat, ma’rifatga bo‘lgan tashnalik, xalqqa ziyo ulashishdek ezgu niyatga harismandlik, va albatta, kelajakka bo‘lgan yorqin ishonch birlashtirib turar edi.

Zamonlar o‘tib, biz haqimizda “oldidan oqqan suvning qadri bo‘lmagan ekan”, deb xulosa bermasliklari uchun ham mas’uliyatimiz bir necha barobar ortganini har birimiz chuqur his qilishimiz lozim. Ajdodlarimiz bizga qadar e’zozlab yetkazib kelgan bu buyuk merosni biz kelgusi avlodga omonat sifatida topshirishimiz lozim. Ana shunda yelkalardagi burchimizni bajargan bo‘la­miz.

E’zoza USMONXO‘JAYEVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Mumtoz sharq filologiyasi” fakulteti 3-bosqich talabasi

Manba: “Ma’rifat” gazetasi

Izoh qoldirish