521

Aholi salomatligini mustahkamlash – davr talabi


MUNOSABAT

2020-yil – butun dunyo aholisi uchun sinovli yil bo‘ldi. Koronavirus pandemiyasi hamon chekingani yo‘q. Bu ham yetmagandek, ayrim davlatlarda notinchlikdan aholisi xotirjamligini yo‘qotgan. Bugun bu kabi davlatlarda aholi ilm-fanni rivojlantirish o‘rnida tinch-osoyishta yashash umidvorligi bilan kun o‘tkazmoqda. Albatta, bunday holatlarda aholining salomatligi ikkinchi o‘ringa tushadi. Ular na ma’nan, na aqlan sog‘lom hayot tarzida yashaydi.

Bizda esa qaysi bir xonadonga kirmang, keksalarimiz duoga qo‘l ochib, eng avvalo Yaratgandan xalqimiz bunday sinovlarni eson-omon yengib o‘tib, yurt tinchligini tilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak, yurtimizda pandemiya ortga chekinmoqda. Ammo ayrim davlatlarda virus balosi butunlay yo‘q bo‘lib ketmadi. Kasallarning soni kun sayin ortib borayotir. Bu bilan bizda tugab ketdi degani emas, albatta.

Aholining sog‘lig‘ini mustahkamlashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Kuni kecha Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham dunyoning 191 mamlakatida 81 million kishi koronavirus bilan kasallangani, ulardan 1 million 765 ming nafari vafot etgani, jahon iqtisodiyoti har oyda qariyb 400 milliard dollar miqdorida zarar ko‘rayotgani, bugungi kunga qadar dunyo bo‘yicha 500 millionta ish o‘rni yo‘qotilgani alohida ta’kidlandi. Murojaatnomada ushbu davrda bizga yaqindan amaliy ko‘mak bergan BMT, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro moliya institutlari, Rossiya, Xitoy, AQSH, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya kabi davlatlar rahbarlariga tashakkurlar bildirildi. Shuningdek, mamlakatimiz bilan yaqin do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan chet davlatlarning hurmatli elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillariga minnatdorchilik izhor etildi.

Ayni paytda nafaqat aholini sog‘lomlashtirish ishlari, balki yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi borasidagi olib borilayotgan islohotlarning ko‘lami kengayib bormoqda. Buning davomi sifatida yurtboshimiz mamlakatimizda 2021-yilga “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nom berishni taklif etganliklarida ko‘rishimiz mumkin.

Demak, bu borada yechimini kutayotgan ishlarimiz ko‘pligi va uni barcha soha vakillari hamjihatlik bilan birgalikda amalga oshirilishi zaruriyatini keltirib chiqarmoqda. Xalqimizda “Sog‘lom tanda, sog‘lom aql” deb bejiz aytilmagan. Aholini salomatligini yanada mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish kerak ekanini hayotning o‘zi ko‘rsatdi. Har tomonlama insonni ham ma’nan ham jismonan sog‘lom, immuniteti yuqori bo‘lishi bugun nihoyatda dolzarb. Oilalarda bolalar salomatligiga jiddiy e’tibor qaratish zarur.

Agar oilada farzandlarni har tomonlama sog‘lom bo‘lishiga eng ko‘p e’tibor qaratilsa, bu vazifani kundalik dasturiga kiritilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Zero, oiladagi har bir bola dunyoga kelganidan boshlab, to 30 yoshga to‘lgunga qadar aqliy faolligi oshirilsa, axloqiy-estetik va jismoniy xislati to‘liq shakllantirilsa, yutuqlarning eng yuksagi bo‘lardi.

Munira Qahhorova,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

 Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i

Izoh qoldirish