231

Konferensiya muhim mavzuga bag‘ishlandi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Yangi Oʻzbekiston tarixshunosligida Turkiston Muxtoriyati tarixining oʻrganilishi: yangicha yondashuv va tadqiqotlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib o‘tdi. 

Mazkur anjuman Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va OʻzR FA Tarix instituti hamkorligida oʻtkazildi.

“Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan konferensiyada OʻzR FA Tarix instituti direktori, tarix fanlari fanlari doktori, professor Azamat Ziyo, Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Hasanov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor, filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov, Akademiya professor-oʻqituvchilari, olim va mutaxassislar hamda talabalar ishtirok etdi.

Jadid taraqqiyparvarlarning saʼy-harakatlari natijasida 1917-yil 27-noyabrda Qoʻqon shahrida “Turkiston Muxtoriyati” nomli milliy-hududiy avtonomiya tashkil etilganiga 2022-yilda 105 yil toʻldi. Turkiston Muxtoriyati va uning ayanchli qismati, shubhasiz, xalqimiz tarixidagi eng muhim voqealardan biridir.

Maʼlumki, XX asr boshlarida 1917-yil Fevral va Oktyabr inqiloblari natijasida yer yuzining eng yirik mustamlakachi imperiyalaridan biri boʻlgan Chor Rossiyasi tarixga aylandi. Uning oʻrnida qisqa muddat davom etgan qoʻsh hokimiyatchilikdan soʻng tayziq va qurol kuchi bilan bolsheviklar hokimiyatga keldi. Bugungi kunda jahon tarixshunoslari tomonidan mazkur voqeliklar yana bir karra tadqiq va tahlil etilmoqda. Oʻzbekiston tarixida keskin mafkuraviy va qurolli kurashlarga boy boʻlgan ushbu davrda vujudga kelgan Turkiston Muxtoriyati hukumati, mamlakatimiz, umuman turkiy xalqlar tarixida oʻta nodir hodisa hisoblanadi. Mazkur tarixiy voqeliklarni chuqur ilmiy tahlil asosida oʻrganish, uning oʻzbek davlatchiligi tarixidagi oʻrni va rolini koʻrsatib berish yanada muhim ilmiy ahamiyatga molikdir.

Konferensiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi “Qatagʻon qurbonlarining merosini yanada chuqur oʻrganish va ularning xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishi asosida “Turkiston Muxtoriyati tarixini yorituvchi www.muxtoriyat.uz elektron platforma va mobil ilova yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha doirasida oʻtkazildi.

Ilmiy anjumanda yuqorida bayon qilingan masalalarni oʻrganish, ilmiy baholash bilan birga Oʻzbekistonning mustaqillik davrida milliy taraqqiyot yoʻlidan dadil ketayotganini asoslovchi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning saʼy-harakatlari tufayli Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi koʻp asrlik mustahkam doʻstlik rishtalari, umumiy tarix, maʼnaviy va madaniy qadriyatlarga asoslangan anʼanaviy yaqin va yaxshi qoʻshnichilik aloqalari mustahkamlanayotgani chuqur mamnuniyat bilan eʼtirof etildi.

Konferensiya ishtirokchilarining ilmiy maʼruza va axborotlari mazkur davrni siyosiy, ijtimoiy, adabiy va falsafiy jihatdan tadqiq qilish, tarixiy jihatdan toʻgʻri xulosalar chiqarishga zamin yaratdi.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish