Yangi Oʻzbekiston yoshlari – kelajagimiz va istiqbolimiz poydevori
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Bu borada yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish muhim masala hisoblanadi. Chunki aynan yoshlar mamlakat salohiyatini tashkil qiladi. Mehnat bozorida yoshlarga munosib ish oʻrinlarini topib berish mamlakat istiqboli uchun muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida 2022-2023-oʻquv yili bitiruvchilari hamda ish beruvchi vazirliklar, idoralar, turli tashkilot, korxona va muassasalar oʻrtasida bevosita muloqotini taʼminlash maqsadida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – kelajagimiz va istiqbolimiz poydevori!” shiori ostida ish beruvchi tashkilot vakillari va talabalar uchrashuvi oʻtkazildi.
Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish soʻzi bilan ochib berdi. Akademiya rektori o‘z nutqida yoshlar – kelajagimiz poydevori ekani, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash esa davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadi ekanini qayd etdi.
Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida talabalar hamda ish beruvchi tashkilotlar bilan “Karyera kuni” uchrashuvning oʻtkazilishi muntazamlik kasb etgan.
Unda Akademiyaning Mumtoz sharq filologiyasi, Islomshunoslik va Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakultetlarining bakalavriat yo‘nalishi bitiruvchi talabalari ishtirok etdi.
Chindan ham yoshlar – ertamiz egalari. Bu borada Prezidentimiz yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Eng muhim vazifa, avvalo, yoshlar bandligini ta’minlash, munosib daromad olishi uchun ularga sharoit yaratib berish. Bu boradagi eng katta imkoniyat va zaxiramiz bu – tadbirkorlik, ayniqsa, kichik va o‘rta biznesdir”, deb ta’kidlaganlari bejiz emas.
2022-2023-oʻquv yilida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasini 457 nafar talaba bakalavriat va 141 nafar yigit-qiz esa magistratura bosqichini tamomlamoqda. Akademiyada Islomshunoslik, Mumtoz sharq filologiyasi hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti va 10 dan ziyod kafedralar faoliyat yuritmoqda.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi respublika oliy taʼlim muassasalari Milliy reytingida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy salohiyati boʻyicha – 1-oʻrinni, ijtimoiy-gumanitar soha boʻyicha OTMlar reytingida 4-oʻrinni egalladi.
Taʼkidlash joizki, globallashuv davrida zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlish, uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak. Shu bois, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida xassos soha — muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan, fundamental tadqiq etish, ulugʻ allomalar maʼnaviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qoʻshadigan yuksak salohiyatli mutaxassis-kadrlar tayyorlash jarayonida ham koʻplab yangiliklar amalga oshirildi.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida talaba-yoshlar xalqaro taʼlim standartlari asosida tahsil olmoqda. Ularga oʻz sohasining yetuk olimlari, mutaxassislari saboq beryapti. Xalqaro miqyosda ham oʻz nufuziga ega boʻlib borayotgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi muntazam ravishda oʻz moddiy-texnik bazasini ham rivojlantirib, talabalarning xalqaro taʼlim standartlari asosida taʼlim olishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib bermoqda.
Bitiruvchilarni munosib ish oʻrni bilan taʼminlash maqsadida bugungi kunda ko‘plab korxona, tashkilot va muassasalar bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan. Jumladan, talabalar respublikamizdagi barcha taʼlim muassasalari, tashkilot va idoralarda amaliyot olib boryapti.
Tadbir doirasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi, Yangi asr universiteti hamda Xalqaro Nordik universiteti bilan O‘zaro memorandumlarini imzolash marosimi o‘tkazildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov, Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi rahbari Alisher Ubbiyev, Yangi asr universiteti rektori Qobiljon Zohidov, Xalqaro Nordik universiteti rektori Sherzod Mustafaqulov, Akademiya O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev ishtirok etdi.
Akademiya rektori o‘z nutqida yoshlar – kelajagimiz poydevori ekani, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash esa davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadi ekanini qayd etdi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida xassos soha — muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan, fundamental tadqiq etish, ulugʻ allomalar maʼnaviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qoʻshadigan yuksak salohiyatli mutaxassis-kadrlar tayyorlash jarayonida ham koʻplab yangiliklar amalga oshirilganini e’tirof etdi.
O‘z navbatida mehmonlar mazkur hamkorlik aloqalari kelgusida yoshlar istiqboli, yurt ravnaqiga qo‘shadigan muhim qadam ekanini ta’kidlashdi.
Rasmiy marosimlardan soʻng ishga tanlov yuzasidan ish beruvchilarning bitiruvchilar bilan suhbat jarayonlari tashkil etildi. Mazkur jarayonda 50 ga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlarining vakillari ishtirok etdi.
Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi yoshlarning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi yoʻlida zamonaviy, ilgʻor-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib bermoqda. Bugungi tadbir esa ana shu ishlarning amaliy davomidir.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish