208

Hamkorlik aloqalari rivojida yangi sahifa

Bugun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida 2022-2023-oʻquv yili bitiruvchilari hamda ish beruvchi vazirliklar, idoralar, turli tashkilot, korxona va muassasalar oʻrtasida bevosita muloqotini taʼminlash maqsadida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – kelajagimiz va istiqbolimiz poydevori!” shiori ostida ish beruvchi tashkilot vakillari va talabalar uchrashuvi tashkil etildi.  

Tadbir doirasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi, Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi, Yangi asr universiteti hamda Xalqaro Nordik universiteti bilan O‘zaro memorandumlarini imzolash marosimi o‘tkazildi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov, Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi rahbari Alisher Ubbiyev, Yangi asr universiteti rektori Qobiljon Zohidov, Xalqaro Nordik universiteti rektori Sherzod Mustafaqulov, Akademiya O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev ishtirok etdi. 

Akademiya rektori o‘z nutqida yoshlar – kelajagimiz poydevori ekani, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash esa davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadi ekanini qayd etdi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida xassos soha — muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan, fundamental tadqiq etish, ulugʻ allomalar maʼnaviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qoʻshadigan yuksak salohiyatli mutaxassis-kadrlar tayyorlash jarayonida ham koʻplab yangiliklar amalga oshirilganini e’tirof etdi. 

O‘z navbatida mehmonlar mazkur hamkorlik aloqalari kelgusida yoshlar istiqboli, yurt ravnaqiga qo‘shadigan muhim qadam ekanini ta’kidlashdi. 

Shundan so‘ng Memorandum imzolash marosimi o‘tkazildi. Akademiya rektori mehmonlarga esdalik sovg‘alarini topshirdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish