392

Sohibqironning Misr sultonlariga yo‘llagan maktublari tashqi siyosatni mohirona yuritishda muhim o‘rin tutgan

9-APREL – AMIR TEMUR TAVALLUD TOPGAN KUN

O‘zbekiston va Misr xalqlari ming yillik mushtarak tarixga ega. Bizni umumiy din, o‘xshash an’ana va urf-odatlarga asoslangan azaliy do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. Qolaversa, Misr davlatchilik tarixida turkiy elatlar, xususan, Movarounnahr zaminidan borib, “ehromlar yurti”da sultonlik qilgan ajdodlarimizning ishtiroki va hissasi katta bo‘lgan. O‘z navbatida, ko‘hna tarix har ikki mintaqada yirik saltanatlar barpo etgan hukmdor-u sarkardalarning keskin to‘qnashuvlari va o‘rni kelsa, nozik diplomatik munosabatlariga ham guvoh.

Munosabatlar nega keskinlashdi?

Tarixchilar XIV asr oxiri XV asrlar boshini Movarounnahr va Misr o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan davr sifatida tilga oladi. Bu paytda mo‘g‘ullar hukmronligidan xalos bo‘lgan hozirgi Markaziy Osiyo hududi sohibqiron Amir Temur tomonidan yirik davlatga birlashtirilgan edi. Misrda esa 1382-yili cherkes mamluklari boshlig‘i Barquq hokimiyat tepasiga  kelib, bu guruhga mansub sultonlar to 1517-yilgacha Misr, Shom, Iroq va Hijozni o‘z ichiga olgan katta mamlakat jilovini qo‘lda tutgan.

Manbalarga ko‘ra, kelib chiqishi qipchoq, o‘g‘uz va boshqa turkiy qabilalardan bo‘lgan bahriy mamluklar bilan cherkes jamoasi o‘rtasida 100 yilcha hokimiyat uchun kurash davom etgan. Bu ziddiyatlarda cherkeslarning Kavkazdan kelishi, ular sonining keskin ortishi kabi omillar katta rol o‘ynagan. 

Ana shu davrda Movarounnahrda Amir Temur markazlashgan davlat qurgani sababli bironta ham bahriy mamluk bu o‘lkadan Misrga asir yoki qul sifatida keltirilmagan. Balki XIV asr ikkinchi yarmida Oltin O‘rdaning tugatilib, unga qaram bo‘lgan Kavkaz mintaqasi mamluklar yetkazib beruvchi asosiy manzilga aylangan, Markaziy Osiyodan qul keltirilishi esa to‘xtatilgan. 

Amir Temur Furot daryosining yuqori qismidagi, asosan, Misr sultoniga vassal bo‘lgan bir talay mayda hokimliklarni o‘ziga tobe qilgach, har ikki yirik davlat chegaralari tutashdi va XIV asr oxirlarida ular orasidagi munosabatlar keskinlashdi. Amir Temur askarlarining Bag‘dodni ishg‘ol qilishi va, ayniqsa, Misr mamluklar sultonligi tarkibiga kirgan Suriyaga kelishi o‘zaro urushni muqarrar qilib qo‘ygandi. 

Salomga nomunosib “alik”

Amir Temur 1386-1405-yillar mobaynida Misr sultonlari Barquq (1382-1399) va Nosir Faraj (1399-1412) hamda ularning Suriyadagi noiblari bilan 25 martadan ziyod xat va elchilar almashgan. Bu maktublar aynan kimga yo‘llanganiga ko‘ra bir-biridan keskin farq qiladi. 

Masalan, Maridin hokimi Majd ad-Din Iso, Bag‘dod hokimi Ahmad bin Uvays, Qaysariya, To‘qot va Sivos hokimi Al-Qozi Ahmadlarga yozilgan xatlarda Sohibqiron ularning Misr hukmdoriga nisbatan u yoki bu shaklda ifoda etilgan ayirmachilik kayfiyatidan foydalanishga harakat qildi. Ba’zi hollarda muayyan noibga o‘z vazifasida qoldirishni ham va’da qilgan. 

Sultonlarga bitilgan nomalarda esa buyuk bobokalonimiz, bir tomondan, o‘z kuch-qudrati va musulmon olamidagi yetakchilik mavqeini namoyish qilishga intilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bevosita to‘qnashuvdan o‘zini chetga olmoqchi bo‘lgani yaqqol anglashiladi. 

         Misr tarixchilarining aksariyati guvohlik berishicha, Amir Temur Misr sultoni Barquqqa birinchi xatini 1393-yili yo‘llagan. Sohibqiron o‘sha yili oktabr oyida Bag‘dod shahrini ishg‘ol qilgach, Movarounnahrning taniqli kishilaridan hisoblangan Shayx Suvoh boshchiligidagi o‘z elchilarini Qohiraga qimmatbaho hadyalar hamda sulton nomiga bitilgan maktub bilan jo‘natgan. Ammo Barquqning buyrug‘iga ko‘ra, Shom chegarasidagi ar-Rahba degan joyda elchilar hibs etilib, xat va sovg‘alar tortib olingan. 

Bu nomada Amir Temur do‘stona munosabatlar o‘rnatish, elchilar almashish va savdogarlarga ikkala mamlakat uzra erkin harakat qilish imkonini yaratishni taklif etgan edi. Sulton Barquq esa diplomatiya qoidalariga xilof ravishda Shomdagi noibiga elchilarni qatl qilish amrini bergan. Ayni vaqtda, Misr hukmdori usmoniylar sultoni Boyazid, Qora quyunlilar qabilasi boshlig‘i Qora Yusuf va boshqalar bilan Amir Temurga qarshi ittifoq tuzishga uringan.

Barquqning da’vosi safsatamidi?

O‘sha yili Barquqqa Sohibqirondan ikkinchi noma keladi. Bu gal maktub keskin ruhda yozilgan bo‘lib, elchilar qatl qilingani va Bag‘doddan qochib kelgan Ahmad ibn Uvaysga homiylik qilingani uchun urush bilan tahdid qilingan. Xat arab tilida, sajj uslubida bitilgan bo‘lib, unda Qur’oni karimdan 7 ta oyat keltirilgan. Javob xatida sulton Barquq, o‘z navbatida, Qur’ondan 9 ta oyat keltirib, Amir Temurni xudosizlikda aybladi, o‘zini esa islom dinining homiysi deb atab, faqat “amir al-mu’miniyn”, ya’ni xalifagagina itoat qilajagini bildirdi. Ammo Qohira xalifalarining diniy rahnamoligi batamom ramziy bo‘lib, aslida, ular sultonning qo‘g‘irchog‘iga aylanib qolgandi. Shu nuqtayi nazardan Barquqning da’vosi quruq safsata bo‘lganligi o‘sha davrda hammaga ayon edi.

1398-yili dekabr oyida Amir Temur yana sulton Barquqqa xat yuboradi. Bu safar ham elchilar Shom chegarasida ushlab qolindi, maktub esa Qohiraga yetkazildi. Biroq 1399-yili sulton vafot etadi.

Sulh uchun chorlov…

1400-yil oxirida sohibqiron Damashq shahriga yaqinlasha turib, yangi sulton Farajga sulh tuzish shartlarini o‘z ichiga olgan maktub yo‘llaydi. Markaziy Osiyo – Misr munosabatlarida ilk bor sulton elchilarni e’zoz-ehtirom bilan qabul qilib, ularni katta sovg‘alar bilan, qolaversa, o‘z choparlarini qo‘shib Vataniga jo‘natadi. Javob xatida esa sulton temuriylar davlati bilan do‘stona  munosabatlar o‘rnatishga tayyor ekanligini bildiradi.

Shunga qaramay, Misr sultoni askarlarini to‘plab, xalifa al-Mutavakkil va qozilar hamrohligida o‘z qo‘shinini Shom tarafga surdi hamda 1401-yil yanvarda Damashqqa kirib keldi. Garchi ikki hukmdorning so‘nggi maktublari do‘stona ruhda yozilgan bo‘lsa-da, qo‘shinlar to‘qnashuvga hozirlik ko‘rayotganligi hammaga ayon edi. Shunday vaziyatda Misr sultoniga Lochin ismli mamluk amiri tomonidan Qohirada unga qarshi fitna uyushtirilayotgani haqida xabar kelgan. Sulton Damashqni o‘z holiga tashlab, yashirin tarzda Qohiraga ravona bo‘ldi. Shundan so‘ng Amir Temur askarlari uzoq davom etmagan qamaldan keyin Damashqni ishg‘ol qildi. 

Diplomatik “bahona”

1403-yili Amir Temur sulton Farajga yana bir xat yo‘llaydi. Elchi orqali jo‘natilgan nomada u Misr mamluk davlati bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatish rag‘batini bildirgan bo‘lsa-da, sultonga ko‘k rangdagi maxsus ikki bayroqcha berib yuborgan edi. Bundan Farajni o‘ziga vassal bilib, Misr va Shomga noib sifatida tayinlagan, degan ma’no kelib chiqqan.

         Shu yili sultonga Sohibqirondan yana bir noma keldi. Unda Ahmad ibn Uvays va Qora Yusuf Turkmoniylar Amir Temur tomonidan Bag‘dodda qoldirilgan garnizonga hujum qilgani munosabati bilan norozilik bildirilgandi. 

Javob xatida sulton Faraj Ahmad ibn Uvays va Qora Yusuf Halab noibi tomonidan ushlangani va ularning taqdiri shu noib tasarrufida ekanini xabar qildi. So‘ng Amir Temur va Nosir Faraj o‘rtasida yana bir necha bor elchilar orqali muloqot bo‘ldi.

Keltirilgan dalillar shuni tasdiqlaydiki, xatlar almashinuvi Amir Temur uchun o‘ziga xos diplomatik “bahona” bo‘lgan. Aslida u, Misrga yurish qilishni rejalashtirmagan, balki, o‘zining eng asosiy raqiblari – usmonli turklar va Xitoyga hujum qilishdan oldin Misrni “betaraflash” va iloji bo‘lsa, uni “tinch” yo‘l bilan tobe qilib, so‘ng bu davlatdan madad – kuch olish maqsadini qo‘ygan ko‘rinadi. 

Amalda Amir Temur bu maqsadiga erishdi ham. Mazkur fikrni tasdiqlovchi yana bir muhim dalil bor. Xitoyga yurishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida Amir Temur Misr bilan sulh tuzish uchun muayyan qadamlar qo‘ygan.

Konigilda bo‘lib o‘tgan katta marosimda qatnashgan Misr sultoni elchisi orqali u zarhal harflar bilan uzunasiga 17 gaz, eniga 3 gazdan iborat qog‘ozga xayrixohlik ruhida yozilgan xat yuborgan. Ayni vaqtda sulton Farajga sulh shartnomasini imzolashni taklif etgan. 

         Misr tarixchisi Ibn Do‘qmoqning ta’kidlashicha, bunday sulh haqiqatan imzolangan va Misr sultoni Faraj o‘zini Amir Temurga vassal deb e’tirof etgan. 

Shohruh Mirzoning to‘rtta nomasi

Amir Temur vafotidan so‘ng Misr bilan munosabatlarni Sohibqironning kenja o‘g‘li Shohrux Mirzo davom ettirdi. O‘zaro aloqalarning yangi bosqichi 1429-yili Misrda Barsboy sulton hukmronligi davrida boshlangan. 

Shu yili Shohrux Misrga elchi jo‘natib, o‘zi maxsus tayyorlatgan Ka’ba kisvasini yuborishga ijozat so‘ragan. Barsboy bu iltimosni rad etgan. Chunki har yili Haj marosimi oxirida Ka’ba ustiga yopiladigan kisva tayyorlash huquqini Misrga hukmdorlik qilgan mamluk sultonlari deyarli ikki asr davomida o‘z qo‘lida saqlab kelgan. Bu ularga musulmon dunyosida rahnamolik qilish imkonini bergan. Ammo Shohrux ushbu mavzuga takror va takror qaytavergan.

Jumladan, bir yil o‘tgach, 8 ming dinorga teng hadyalar bilan sulton huzuriga elchi orqali maktub jo‘natgan. Xat orqali Barsboyga Shohrux Mirzoning Ka’baga, albatta, kisva yopajagi haqida qasam ichgani bildirilgan. 

Oqibatda sulton qasam xususida to‘rt mazhab qozilari kengashini chaqirtirishga majbur bo‘ldi. Qozilar Misrda kisva uchun ajratilgan maxsus vaqflar mavjudligi va shu tufayli xarajatlar to‘liq qoplanayotgani, Shohrux tomonidan  kisva tayyorlashga hech qanday ehtiyoj yo‘q ekanini ta’kidlagan. 

Albatta, bu javob Shohrux Mirzoni qoniqtirmagan. 1435- yili may oyida u uchinchi maktubini yo‘llab, Quddus shahrini ziyorat qilish istagini bildirgan. Ayni vaqtda Misr qozilarini noxolislikda ayblagan. Manbalarda qayd etlishicha, bu voqeadan so‘ng xalqning qo‘rqinchi orta bordi. 

1436-yilning yanvar oyida Shohrux Mirzo sulton Barsboyga to‘rtinchi maktubini yo‘llagan. Bu safar xat keskin uslubda yozilgan bo‘lib, unda Shohrux nomiga xutba o‘qilishi va uning ismi bilan tanga zarb qilinishi talabi qo‘yilgan. Biroq sulton elchini tahqirlash, xat bilan birga yuborilgan sarponi yirtib tashlashni buyurgan. 

Ikki hukmdor o‘rtasidagi munosabat shu zaylda keskin davom etib turgan. O‘sha davr tarixchilarining sharhlashicha, agar sulton Barsboy 1438-yil to‘satdan vafot etmaganida, ular o‘rtasida, albatta, urush chiqishi muqarrar edi. 

Makkaga osilgan kisva

1438-yili Barsboy vafotidan so‘ng Misr taxtiga Chaqmoq ismli mamluk sultoni o‘tirgan. Shohrux katta hadyalar bilan aloqalarni tiklashga urinib, Ka’ba kisvasini tayyorlash sharafini qo‘lga kiritish niyatidan hali ham voz kechmaganini eslatib turgan. 

Nihoyat, sulton Chaqmoq Rodos oroliga qilgan uchinchi muvaffaqiyatsiz hamlasidan so‘ng 1443 yili Shohrux Mirzoning navbatdagi iltimosiga rozilik bergan. Faqat ich tomonidan yopiladigan, ya’ni Misr sultoni kisvasi ostiga qo‘yiladigan ka’bapo‘sh tayyorlash sharti o‘rtaga tashlangan. 

Shu tariqa yigirma yillik muzokaralar natijasida kisva Qohiraga ikki shayx – Nur ad-Din ibn al-Shayx Junayd al-Kazaruniy va Ibn al-Mavla al-Abxariy boshchiligidagi ulkan temuriylar hay’ati tomonidan keltirilgan. 

Ikki hukmdorning kelishuvidan Misr amirlari va xalqi juda xafa bo‘lgan. Shu bois, Chaqmoq ulardan kisvani berkitishga harakat qilgan. Shunga qaramay, ular temuriylar elchilariga hujum qilib, yashash joylarini talon-taroj qilishdi (20000 dinorlari yo‘qoldi). Bu xabarni eshitgan Sulton Chaqmoq qo‘zg‘olonchilarni jazoladi va elchilarga yo‘qotganlaridan ko‘proq sovg‘alar bergan. 

Shu asnoda kisva Makkaga maxfiy ravishda yuborilib, 1443-yilda ichki tarafdan Shohrux Mirzo, ustidan Sulton Barsboy yuborgan ka’bapo‘sh bilan osilgan va 1452-yil sentabrgacha o‘sha yerda qolgan.

Umuman, temuriy va mamluk sultonlari o‘rtasidagi munosabatlar, xatlar almashinuvi “ikki haram egasi” sharafli nomiga erishishga bo‘lgan goh pinhon, goh oshkora intilishlarni o‘zida mujassam etgan. 

Ahadjon HASANOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori,

tarix fanlari doktori,

Zuhra ARIPOVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti, 

tarix fanlari doktori (DSc)

Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi 2023-yil 6-aprel, 68-son

Izoh qoldirish