180

Dolzarb mavzuda davra suhbati tashkil etildi

9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni hisoblanadi. E’tirof etish joiz, so‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim islohotlar amalga oshirildi. Aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli choralar ko‘rilmoqda.

Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Korrupsiya – asrimiz vabosi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda Akademiya Yoshlar masalalari, ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Shayxontohur tumani Ichki ishlar organlarini muvofiqlashtirish boshqarmasi tergov bo‘limi katta tergovchisi, podpolkovnik Doniyor Raimov, Shayxontohur tumani Ichki ishlar organlarini muvoviqlashtirish boshqarmasi huquqbuzarlik va profilaktikasi bo‘linmasi katta profilaktika inspektori, kapitan Muhriddin Hikmatov, fakultet dekan va o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari, professor-o‘qituvchilar, xodimlar, tyutorlar ishtirok etdi.

Muloqotda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida joriy etilayotgan yangi amaliyotlar, jumladan, korrupsiyaga qarshi komplayens-nazorat tizimi, korrupsion xavf-xatarlarni baholash, davlat xizmatchilarini korrupsiyaga qarshi kurashishlari uchun ularni tizimli ravishda o‘qitish borasida olib borilayotgan ishlar xususida so‘z bordi. 

Shuningdek, poraxo‘rlik, tamagirlik kabi huquqbuzarliklarni aniqlash va ularga chek qo‘yish, bunday jinoyatlarga qarshi jazo muqarrarligini har bir shaxs bilishi zarurligi haqida so‘z yuritildi.  

Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

Muxtasar aytganda, korrupsiya mamlakat taraqqiyotini ortga surib, kelajakni xavf ostida qoldiradi. Ayniqsa, ta’lim sohasidagi korrupsion holatlar rivojlanish va taraqqiyot yo‘lini tanlagan mamlakat yuksalishiga raxna soladi. Bunday jirkanch illatlarning tomir otishiga yo‘l berilsa, o‘sha joyda taraqqiyot va rivojlanish boy beriladi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

Izoh qoldirish