362

Bayrog‘imiz – g‘ururimiz, orimiz!

Davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsoli sanaladi. O‘zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishlaydi. Shu bois, bayroq yoki gerbimizga nazar solganimizda, madhiyamiz yangraganda biz ruhan jo‘shqinlikni, azm-u shijoatimiz oshganini his etamiz.

Joriy yilda mustaqil O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganligiga 31 yil to‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18-noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan Davlat bayrog‘i – mamlakat suverenitetining ramzi bo‘lib tarixdan o‘rin egalladi.

Sana munosabati bilan respublikamizning turli hududlarida bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Bayrog‘imiz – g‘ururimiz, orimiz!” mavzusida tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, Yoshlar masalalari, ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokir Ro‘ziyev, fakultet dekan va o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari, professor-o‘qituvchilar, xodimlar, tuyutorlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Bayram tadbirini Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Z.Islomov kirish so‘zi bilan ochdi. Shundan so‘ng, davlat madhiyamiz yangrab, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i moviy osmon sari ko‘tarildi. Har bir kishi qalbida Vatanga bo‘lgan muhabbat, milliy qadriyatlarni o‘zida aks etgan davlat ramzlariga bo‘lgan cheksiz hurmat mustaqil, ozod va obod, jannatmakon O‘zbekistonda yashayotgan barcha fuqarolarni bir maqsad sari birlashtirib, ko‘ksimizni faxr va iftixorga to‘ldiradi.

Tadbir davomida so‘z olganlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunining mazmun-mohiyati, davlat bayrog‘ida aks etgan timsollar, ularning qanday ma’no anglatishi haqida ma’ruza qilindi.


O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish