Korrupsiya – taraqqiyotga tahdid!
Har bir soha rivoji uchun korrupsiyaga qarshi to‘xtovsiz kurash olib borilmas ekan, o‘sha soha rivojlanmaydi, sa’y-harakatlar natijasiz qolaveradi va buning oqibatida davlat, jamiyat taraqqiyoti va rivoji samaradorligi pasayadi. Korrupsiyaning ildiz otishi esa mamlakatni halokatga olib keladi. Bugun, korrupsiyaga qarshi kurashish yer yuzidagi barcha davlatlarning oldida turgan eng muhim va dolzarb vazifalaridan biriga aylandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lish kundalik hayot tarzimizga aylanishi shart”. Korrupsiya inson huquq va manfaatlarining qo‘pol ravishda buzilishi yoki uchinchi shaxslar maqsadiga yetishi evaziga kimningdir huquqlari poymol bo‘lishi bilan kechadi.
Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, sohadagi islohotlardan xalqimiz, yoshlar va keng jamoatchilikni xabardor etish muhim ahamiyatga ega. Joylarda o‘tkazilayotgan tadbirlarda ham bu illatga qarshi kurashish davr talabi ekani ta’kidlanmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham korrupsiyaga qarshi kurashish, uning boshlang‘ich sabablariga eltuvchi nopok yo‘llardan bormaslik, murosasiz bo‘lish maqsadida professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talaba-yoshlar o‘rtasida muntazam ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirokida qator uchrashuv, davra suhbatlari o‘tkazilib kelinmoqda.
Aynan bugun, tashkil etilgan tadbir “Korrupsiya — taraqqiyotga tahdid!” mavzusi ostida bo‘lib o‘tdi. Unda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi tergov departamenti korrupsiya, iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar tergov qilish bo‘limining katta tergovchisi, podpolkovnik Aziz Zokirov, Shayxontohur tuman prokurori o‘rinbosari, mayor Akmal Usmonov o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etib, yig‘ilganlarga yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar, tahlil natijalari bilan tanishtirib o‘tdi.
Davra suhbatida Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, Yoshlar masalalari, ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokir Ro‘ziyev, fakultet dekan va o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari, professor-o‘qituvchilar, xodimlar, tuyutorlar ishtirok etdi.
Tadbirda yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashishda ko‘plab sa’y-harakatlarning amalga oshirilayotgani, bu bo‘yicha tegishli qaror, farmon va qonun ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilgani, korrupsiya hollatlarini bartaraf etishda huquqni muhofaza qilish organlari bilan bir qatorda jamoat tashkilotlari ham hamkorlikda ish olib borayotgani haqida ma’lumot berildi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar natijasida, bu illatning kelib chiqish sabablari, oldini olishda tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqilgani aytildi.
Shuningdek, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida joriy etilayotgan yangi amaliyotlar, jumladan, korrupsiyaga qarshi komplayens-nazorat tizimi, korrupsion xavf-xatarlarni baholash, davlat xizmatchilarini korrupsiyaga qarshi kurashishlari uchun ularni tizimli ravishda o‘qitish borasida olib borilayotgan ishlar xususida so‘z bordi. Tadbir davomida soha mutaxassislari tomonidan tinglovchilarga atroflicha ma’lumot berildi.
Bir so‘z bilan aytganda, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tegishli hujjatlar ishlab chiqilaveradi, ularning amaliyotda qo‘llanilishida esa aniq bir mexanizm yaratilishi talab etiladi. Bu jarayonda jamoatchilik nazoratining kuchayishi, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash muhim. Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish esa har bir kishining vazifasidir.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish