Xorijiy oliy ta’lim muassasalarida dinshunoslik fanlarining o‘qitilishi qanday tashkil etilgan?
Xabaringiz bor, Akademiyada Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan hamkorlikda “Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Ayni damda mazkur nufuzli anjumanga Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlardan kelgan olimlar bilan soha vakillari, o‘qituvchi va talabalar ishtirokida davra suhbati, uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Bugun, shu maqsadda “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi anjumanlar zalida Bursa Uludag‘ universiteti professori Mehmet Fatih Birgul (Turkiya), Nur-Muborak Misr Islom madaniyati universiteti “Dinshunoslik” kafedrasi mudiri, dotsent Ayimjan Riskiyeva (Qozog‘iston), Nur-Muborak Misr Islom madaniyati universiteti professori Kairat Zatov (Qozog‘iston) ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
“Xorijiy oliy ta’lim muassasalarida dinshunoslik fanlarining o‘qitilishi” mavzusida tashkil etilgan uchrashuvda Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Zokir Ro‘ziyev, “Islomshunoslik” fakulteti dekani Jahongir Tohirov, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi mudiri, tarix fanlari nomzodi, dotsent Mahfuza Alimova, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar qatnashdi.
Davra suhbatida dinshunos olimlar tomonidan sohada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, yaratilgan adabiyotlar, shu yo‘nalishda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan yangiliklar bo‘yicha Turkiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari tajribalari o‘zaro o‘rtoqlashildi.
Shuningdek, kuni kecha “Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ko‘tarilgan dolzarb mavzular, soha rivojida bildirilgan taklif va tashabbuslar haqida ham fikr yuritildi.
Samimiy va do‘stona o‘tgan davra suhbati davomida soha vakillari, talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga malakali mutaxassislardan atroflicha javob olishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish