415

BAGʻRIKENGLIK – TOTUVLIK VA TARAQQIYOT GAROVI

16-noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni

1995-yil 16-noyabrda UNESCO Bosh konferensiyasining 28-sessiyasida “Bag‘rikenglik tamoyillari to‘g‘risida”gi Deklaratsiya qabul qilinib, ushbu sana “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida dunyo xalqlari tomonidan keng nishonlab kelinadi. Boisi, bag‘rikenglik — tinchlik va totuvlik, taraqqiyot asosi.

Mamlakatimizda ham o‘zaro hamjihatlik, do‘stlik va inoqlik hamisha qadrlanib kelinadi. Zero, nafaqat oilalar balki, kengroq miqyosda davlat va mamlakatlar orasidagi yaqin hamkorlik va do‘stona munosabatlar har qanday nifoqqa chek qo‘yadi. Mushtarak maqsadlar esa, elni, yurtni taraqqiyotga, farovonlikka boshlaydi. Shu ma’noda, 16-noyabr — “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” ko‘pmillatli yurtimizda an’anaviy ravishda keng nishonlanib kelinadi.

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Nufuzli anjuman Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida tashkil etildi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari, dinshunos ekspertlar, islomshunoslar ishtirok etdi. Shuningdek, etnik-madaniy birlashmalar, islomiy va noislomiy konfessiyalar vakillari, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyat, milliy madaniyat markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy xodimlar va talabalari, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlardan kelgan olimlar ishtirok etdi.

Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan ushbu konferensiyani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish, istiqboldagi belgilangan vazifalarni tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va shu yo‘nalishda o‘z yechimini kutayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdir. Zero, mamlakatning taraqqiy etishi avvalambor undagi barqarorlik, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitining saqlanishiga bog‘liq.

Anjumanda ishtirokchilar tomonidan“Yangi O‘zbekistonning vijdon va e’tiqod erkinligi sohasida tajribasi”, “Jamiyatda millatlararo totuvlikni ta’minlashda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar”, “Islom dinining millatlararo va dinlararo totuvlikni ta’minlashdagi o‘rni”, “Markaziy Osiyo xalqlari ma’naviy merosida millatlararo bag‘rikenglik masalalari”, “O‘zbekistonda Rus pravoslav cherkovining diniy bag‘rikenglikni ta’minlashdagi o‘rni”, “Milliy madaniy markazlar – O‘zbekistonda millatlararo totuvlikni ta’minlashning muhim vositasi”, “Dinlararo va millatlararo bag‘rikenglikni mustahkamlashda katolik cherkovi hissasi”, “Markaziy Osiyoda millatlararo totuvlikni mustahkamlashda O‘zbekistonning samarali hamkorligi natijalari”, “Barqaror taraqqiyotni ta’minlashda bag‘rikenglikning o‘rni”, “Farobiy qarashlarida diniy bag‘rikenglik masalalari”, “Modernizatsiya jarayonida bag‘rikenglik madaniyati fenomeni”, “Dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlashda Dinshunoslik fanini o‘qitishning ahamiyati”kabi mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi.

Qizg‘in munozara ostida o‘tgan konferensiya qatnashchilar uchun mazmunli va foydali o‘tdi. Ayniqsa, soha vakillari tomonidan qilingan ma’ruzalar anjuman ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. 

Yig‘ilganlar yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar vakillari yaxlit holda O‘zbekiston xalqini tashkil etishi, ular bir-birlari bilan hamjihat bo‘lib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotgani ta’kidlandi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish