425

Ma’naviyat mustahkam joy olgan qalbda yovuzlik bo‘lmaydi

Aslida, ma’naviyat yillar, asrlar davomida sayqallanib boradi. Ma’naviyatga qanchalik kuchli e’tibor qaratilsa, shunchalik yuksalaveradi.

U odamlarning har bir xatti-harakatida, fikr tarzida, o‘y-xayollari tilida so‘zga aylanganida namoyon bo‘ladi. Ha, haqiqatdan ham bugun ma’naviyat masalasi ayrim kimsalar tomonidan ko‘p bora “Ma’naviyat kerakmi?” degan iddaoli chiqishi bilan o‘zining hamon dolzarbligini ko‘rsatmoqda.

Prezidentimiz 19-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’naviyat masalasi haqida ochiq haqiqatni aytdi. Ilm, ziyoli ahli, jamiyatning vazifalarini belgilab berdi.

“Ma’naviyat” kalimasiga istiqlol tufayli zarurat kuchaydi. Zero, milliy, diniy qadriyatlarimiz, xalqimizga xos urflarga qaratilgan turfa ta’sir, tazyiq shunga majbur qildi bizni. O‘tgan davr mobaynida qaysidir tahdid barham topdi, boshqasi, aksincha, kuchaydi. Bunda har birimiz yo tomoshabin bo‘ldik yoki bevosita ishtirokchiga aylandik.

Bugun ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ayrimlari ma’naviyat yoshini yashab bo‘lganini, undan voz kechish vaqti yetganini da’vo qilayotgani g‘oyat afsuslanarli. Shunday bo‘lishi mumkinmi? Ma’naviyat eskiradimi? U keraksiz matohga aylanishi mumkinmi? Agar shunday bo‘lsa, ajdodlarimiz minglab yillar davomida 20-30 yillik o‘tkinchi davrga hozirlik ko‘rgan ekan-da?

Ma’naviyat o‘zgaruvchanmi? Uning muqobili nima? Balki “ommaviy madaniyat” yo turli ko‘rinishdagi ekstremizmdir? Yoki bo‘lmasa, uning o‘rniga har qanday vayronkor g‘oyalar urchishi uchun imkoniyat eshiklarini ochuvchi mutlaq erkinlik taklif etilmoqdami?

Qo‘yilgan savollar noto‘g‘ri tuyular, ammo unutmaslik lozim, ma’naviyat – ehtiyoj. Kechaning, bugunning, ertaning ehtiyoji, zarurati. Undan yuz o‘girish qaysidir soha ravnaqiga xizmat qilishi mumkindir balki. Lekin bu taraqqiyotning to‘lovi og‘ir bo‘lishi aniq. Chorva ahli yaxshi biladi, echki tez semiradi-yu, go‘shti arzon. Qo‘y sekin semiradi va qimmat. Quvvati ham ko‘p. Baraka, shifo. Demak, vaqtda ham hikmat bor. Manbalarda vaqt o‘tkir qilichga o‘xshatilgan. Undan ma’rifat yo‘lida unumli foydalanish zarur. Aks holda, u inson zarariga xizmat qiladi.

Biz istamagan, rozi bo‘lmagan tuzumning parchalanganiga 30 yil to‘lmoqda. Lug‘at boyligimizda “Ma’naviyat” so‘zining paydo bo‘lganiga ham shuncha bo‘ldi. Xo‘sh, undan qanday manfaat topdik o‘zi?

Eng avvalo, ma’naviyat bizga ekstremizm oqibatlaridan saboq berdi. Uni tanamizda his etish shart emasligini, dunyoda sodir bo‘layotgan ishlar bashariyat uchun saboq ekanini bildirdi. “Din – ezgulik, tinchlik”, deya e’tiqod qilgan holimizda undan qanday yo‘llarda foydalanish mumkinligini ko‘rdik. Din, e’tiqodni yolg‘on maqsadlar ro‘yobi uchun xizmat qildirishga urinishlarga guvoh bo‘lib, bunga ma’naviyat vositasida kurashdik. Chunki qalbida ma’naviyat mustahkam inson imoni va qalbi amriga bo‘ysunib, aldovlarga chidamli bo‘ladi. Manfaatdor kuchlar insonlarning imoni, tabiati, xislatlaridagi nozik jihatlarni nishonga oladi. O‘ljasiga psixologik yondashadi. Shunda imon, e’tiqod insonning eng nozik nuqtasiga aylanadi. Natijada imon, itoatga moyillar ekstremizm, zamonga hamnafaslikka intiluvchilar esa “ommaviy madaniyat” domiga tortiladi. Ma’naviyat ustuvorligi sabab jamiyatimizda bu kabi unsurlardan ma’lum darajada g‘olib chiqdik. Ammo haqiqatda, hali qilinadigan ishlar ham, hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar ham ko‘p.

Jamiyatning barcha a’zolari bir tanu bir jon bo‘libgina ularni ildizi bilan yo‘q qilishi mumkin.

Ma’naviyat “ommaviy madaniyat”dan ham saboq berdi. Uning mazmuni-yu maqsadlarini ochib berdi. Chunki “ommaviy madaniyat” bir ko‘rinishda beozor, yoqimli. Uning asl maqsadi yillar o‘tgach namoyon bo‘ladi. Birdan. Og‘riqli. Harakatlarimizda. Turmush tarzimizda. Taqlid tufayli. Ilmsizlik sabab. E’tibor qilsak, liboslarimiz o‘zgardi, hayotimizda g‘arbona tarz ustuvorlik qila boshladi, er-xotin munosabati, ota-ona va farzandlari o‘rtasidagi oqibat, silayi rahm... Bu ro‘yxat uzun. Bular – yo‘qotganlarimiz. Saqlab qolganlarimiz ham bor. Rivojlantirganlarimiz ham.

Eng muhimi, ma’naviyat bu masalalarda bizga ongli yondashuvni o‘rgatdi. Shunisi muhim. Zero, bitta bo‘lsa ham, ongli qabul qilingan ezgu amal bardavom bo‘ladi. Shunga ko‘ra, fuqarolarda yot g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi filmlar, seriallarga nisbatan negativ munosabat shakllandi; kitob tanlash madaniyati mustahkamlandi; dunyo xalqlaridan o‘rganish barobarida ularga ma’naviyat, madaniyat ulashishni ham o‘zlashtirdik. Zero, xalqimiz bunga munosib, haqdor. San’atda ustuvorlikka erishgan g‘arb musiqasi, san’ati o‘rnini azaliy maqom egallamoqda. Bunga yurtimizda nishonlanayotgan xalqaro maqom festivallari yorqin dalil bo‘la oladi. Barkamol qalb in’ikosi, nidosi, munojoti bo‘lgan maqomni xalqimiz tinglashga, anglashga tayyor. Intiq.

Yana bir jihati shuki, ma’naviyat bizga tarbiyaning neligini o‘rgatdi. Sharq va G‘arb qiyos qilinganda, ta’lim va tarbiyaning muddati muhim hisoblanadi. Chunki ta’lim, ya’ni ilm o‘rganish va o‘rgatish odam bolasi uchun bir umrlik. Islom dinida sunnat va hatto farz sanaladi. Ammo tarbiya masalasi o‘zgacha. U G‘arbda balog‘at yoshida amalda to‘xtaydi. U yog‘iga yoshlarni “hayotning o‘zi tarbiyalaydi”. Sharqda tarbiya – bir umrlik ish. Bu yurtlarda tarbiyachining o‘zi ham tarbiyalanuvchidir. Hatto keksalarimiz nabiralariga qarab o‘rganadi, hayot tarzini belgilaydi. Xalqimizdagi “odobni odobsizdan o‘rgan” hikmati ham shundan. Binobarin, hayo, ilm, imonning hududi – kattaligi, hajmi, ko‘lami, odob-axloq darajasi tarbiyaning muddatiga bog‘liq. Shuning uchun Sharq hayoda, ilmda, e’tiqodda – ma’naviyatda peshqadam. Shu boisdan aytish mumkinki, hozir sharqona hayo G‘arb uchun tahdid, ular qabul qilishi mushkul odatdir.

Yana bir muhim tomoni, ma’naviyat ajdodlarimizni tanitdi. Shu paytga qadar ularni sof manbashunoslik, matnshunoslik jihatdan o‘rganar edik. Endi allomalarimizning ilmiy merosiga murojaat kuchaydi. Ularni hayotga keng joriy etish yo‘llari izlanmoqda. Birgina moturidiya ta’limotining yorqin vakili, taniqli teolog Abul-Muin Nasafiyni olaylik. “Bundan ming yil oldin jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashgan alloma” o‘z davrida bugunning buzg‘unchi g‘oyalariga qarshi samarali kurashish yo‘llarini o‘rgatib ketgan edi. Asarlarida isyondan qaytarib, ilmga targ‘ib qilgan alloma merosi qaytadan tirildi go‘yo, asarlari sharh va izohlari bilan tarjima qilindi. Hayoti va ilgari surgan ilg‘or g‘oyalariga bag‘ishlangan, birlamchi manbalarga tayanib, suratga olingan hujjatli-badiiy film xalqimiz e’tiboriga havola etildi.

Ko‘rinib turganidek, Abu-l-Muin Nasafiy singari yurti, dini, xalqi uchun jon fido qilgan yuzlab, balki minglab allomalarimiz ilmiy merosini ilmiy asosda izchil o‘rganish, ulardan keng xalq ommasi, ayniqsa, yoshlarimizni xabardor qilish dolzarblik kasb etmoqda.

Ma’naviyat isrofni eslatdi. Isrof turlicha. U mol-u dunyoda ham, ilmda ham bor. Ortiqcha xarajat ham, noo‘rin sarf ham isrof. Hadislarda keltirilganidek, ziyofatning yomoni muhtojlar qolib, qorni to‘qlar jamlanganidir. Ilmni har kimga o‘rgatish ham, befoyda ilmga ruju qo‘yish ham isrof. Demak, shogird tanlash ham mahorat va aql ishidir. Yuksak ma’naviyatli inson bularning barchasiga tafakkur bilan yondashadi. To‘y va marosimlarni kamxarj qiladi. O‘g‘lini oriyatli qilib tarbiyalab, kelinning sepiga ko‘z tikmaydi.

Bizningcha, fitnachi, johil insonlar bilan befoyda bahsu munozaraga kirishish vaqt va ilm isrofidir. Ularni shunchaki unutish, asossiz so‘zlarini e’tiborga olmaslik, tinglamaslik maqsadga muvofiq. Uning o‘rniga maqsadli ezgu ishlarga rag‘bat qilish, vaqtini ilmga sarf qilish maqsadga muvofiqki, ma’naviyat shundan kuch oladi.

Ma’naviyat oila madaniyatini isloh qildi. Yaxshi va yomon xulq oilada shakllanadi, tarbiya etiladi. Uning rahbari – tarbiyachisi bor. Oila rahbarining ma’naviyatiyu madaniyati – qolgan a’zolar uchun ibrat, namuna. Oila ma’naviyati shuning uchun kerak. Aslida, har bir oila a’zosining burch va vazifalari, majburiyatlari aniq belgilangan. Qadriyatlarimiz bilan tartibga solingan. Ularga ko‘ra, ota – rahbar, ona – tarbiyachi, farzandlar – o‘rganuvchi, itoat etuvchi, hurmat qiluvchi, tinglovchi... Keksalar – duogo‘y. Yoshi ulug‘larda jamlangan uzoq yillik hayot tajribasi yoshlarga atalgan. Yoshlarning kuch-quvvati, xizmati esa kattalarga. Bugun shuni angladik. Oilada farzandlar hurmatdan xizmatga o‘tdi. Shu sabab keksalarimiz izzatda, uyning to‘rida.

Ma’naviyat shu asnoda dinni anglatdi. Din boshqa, e’tiqod, ixlos boshqaligini bildik. Har qanday din da’vosi ham mukammal imon emasligini tushundik. Diniy masalalarga ongli yondashuv shakllandi. Bunda buyuk ajdodlarimiz merosiga tayandik. Xususan, samarqandiylar, buxoriylar, termiziylar, shoshiylar, farg‘oniylar, nasafiylar, ustrushoniylar, subaxiylar... qoldirgan benazir ilmiy meros muhim. Ular orqali islomning asl haqiqatini angladik. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, hozir din borasidagi o‘zgacha tahdidlar tobora ko‘paymoqda. Ahli ziyo, ma’naviyat vakillari bu tahdidlarni chuqur anglaydi, qarshi kurash yo‘lida birlashadi. Bunga ishonamiz. Demak, ma’naviyat ahli oldidagi vazifalardan yana biri ijtimoiy tarmoq orqali keng targ‘ib qilinayotgan mafkuraviy tahdidlarga o‘rinli, asosli kurashishdir.

Ma’naviyat shukrni targ‘ib qildi. Shukr har kimda bor va turfa. Rahbarning shukri – uning adolati, xodimniki – itoati, ota va onaning shukri – mas’uliyatni his etishi, farzandniki – xizmatga shayligi, olimning shukri – bilganlarini boshqalarga yetkazishi, ogohlantirishi, tarbiya qilishi, johil (ilmsiz)niki – o‘rganishga jahd qilishi... Xullas, har kim o‘z burchiga sadoqat ko‘rsatishi – shukr. Bundan tashqari, ma’naviy shukr ham bor. U qadriyatlarni e’zoz bilish, ilmga rag‘bat qilish, o‘tganlarga hurmat, kelajak avlodga mas’uliyatli bo‘lishdirki, bu barchaga birdek tegishli.

Ammo unutmaslik lozim, bularning barchasida me’yor bor. Ma’naviyat shuni o‘rgatdi. E’tiqodda me’yorni bilmaslik yo ekstremizm, yo missionerlik sari yo‘ldir. Ijtimoiy odatlarda haddan oshish “ommaviy madaniyat” girdobiga tortadi. Taomning va hatto asalning ko‘pi – zahar. Suv, boylikning ko‘pi va yo haddan ozi – ofat. Mo‘’tabar manbalarda ta’kidlanishicha, amallarning eng yaxshisi uning o‘rtachasidir. Demak, nimaiki o‘rtacha bo‘lsa, yaxshidir. Istak, niyatlarda-da me’yor lozim. Unutmaslik lozim, Alloh har bir mavjudot, maxluqotni aniq o‘lchov, me’yor bilan yaratgan. Uni buzishga intilish – tanazzul. “Haddini (ya’ni chegarasini) bilgan horimas” naqli bejiz emas, axir. Ma’naviyat mana shu hadni bilish, bildirishdir.

Ma’naviyat tabiatning bir bo‘lagi ekanimizni anglatdi. Uning tartib-nizomiga xiyonat qilishga haqli emasmiz. Boyliklarini asrash, tejab foydalanish – barcha zamonlar talabi. Tabiiy boyliklarni adolatsiz sarflash natijasidan Orol xabar bermoqda. Bu fojeadan yuz minglab insonlar aziyat chekayotgani – ayni haqiqat. Yerosti va yerusti boyliklarining ko‘pligi bilan kibrlanish oqibatidan dunyoning ayrim mamlakatlari ibrat bo‘lmoqda. Zero, urushlar uchun bir sabab – boylik. Uni asramaslik, isrof qilish, ko‘z-ko‘z qilish, qurolga aylantirish oqibati – shu. Shunga ko‘ra, tabiatni hurmat qilish, uning boyliklarini, o‘zini asrash lozim. O‘zimiz – har birimiz, qolaversa, kelajak avlod uchun, tinchlik, to‘kinlik uchun.

Umuman, ma’naviyat insoniyatga ezgulikni eslatadi, yodga soladi, o‘rgatadi. Jamiyat hayotini isloh qiladi. Tavsiya beradi. Amallarimiz oqibatidan ogohlantiradi.

Har jabhada bo‘lgani kabi ma’naviy sohada ham yechimini kutayotgan muammolar bor. Ularni bartaraf etish millat ravnaqi, jamiyat tinchligi uchun zarur. Shukrni ziyoda qilish uchun darkor. “Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukr”, deydi dono xalqimiz. Dunyoga boqaylik. Ma’naviyatdan kechganlar ahvoliga nazar solaylik. Ma’naviyatni qadr qilgani bois taraqqiy etganlardan hayratlanaylik. Zero, hayratdan ma’naviyat paydo bo‘ladi. Ma’naviyat mustahkam joy olgan qalbda esa yovuzlik bo‘lmaydi!

Munira Qahhorova,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bo‘lim boshlig‘i.

Izoh qoldirish