282

Akademiyada “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida tadbir o‘tkazildi

Bugungi kunda muqaddas islom dinimizning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish, “Jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyili asosida unib-o‘sib kelayotgan yoshlarni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalash yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Jamiyatimizda barqaror va sog‘lom muhitni ta’minlash maqsadida mutasaddilar tomonidan turli targ‘ibot tadbirlari, uchrashuvlar tashkil etilyapti. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘tkazilgan uchrashuv aynan shu mavzuga bag‘ishlandi. Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda Akademiya prorektorlari, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdi. Muloqotni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita xodimi Jahongir Meliqo‘ziyev mavzu yuzasidan ma’ruza qildi. 

Tadbir davomida milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan yondashadigan, qat’iy hayotiy e’tiqod va qarashlarga ega, milliy mentalitetimizga yot, zararli ta’sirlarga qarshi turishga qodir yoshlarni tarbiyalash, dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan, din niqobi ostida faoliyat olib borayotgan turli diniy ekstremistik tashkilotlarning yoshlarni aldov yo‘li bilan o‘z saflariga qo‘shib olayotganidan, talaba-yoshlarni bunday guruhlar tahdididan doimo ogoh va hushyor bo‘lishi kabilar to‘g‘risida fikr va mulohazalar bildirildi. 

Islom dini insoniyat, jamiyatimizda faqatgina mehr-muhabbat, do‘stlik, ezgu ishlarni amalga oshirishga da’vat etuvchi yagona din ekani, bugungi kunda tinch va osuda osmon ostida yashab, bilim olayotganimiz uchun doimo shukronalik hissi hech birimizni tark etmasligi lozimligi ta’kidlab o‘tildi. 

Shuningdek, tadbirda O‘zbekistonda davlat va din munosabatlari, huquqiy, madaniy, savodxonlik, radikalzm, ekstremizm, terrorizmga qarshi kurash hamda yoshlarga oid davlat siyosati masalalari haqida so‘z yuritildi.

Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish