516

“Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” mavzusida Bosh imom-xatiblar uchun navbatdagi o‘quvlar boshlandi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazida 2021-yilning 18-yanvar kuni respublikada faoliyat olib borayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlar va tuman/shahar bosh imom-xatiblari uchun “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvlari boshlandi. Ushbu malaka oshirish o‘quvlarida 108 nafar tinglovchi ishtirok etmoqda.

Mazkur o‘quvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, bosh imom-xatiblarimizni yurtimizda va dunyoda bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy, diniy-ma’rifiy, iqtisodiy vaziyatdan xabardor qilishdir.

Shuningdek, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, aholining kayfiyatini ko‘tarish, yoshlarda vatanga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish, mehr-oqibat, bugungi kundan shukronalik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni har bir tuman, shahar imom-xatiblarning o‘zi yashab turgan hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda o‘sha hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlarni aholining keng qatlamiga to‘g‘ri targ‘ib qilish, tinchlikning qadriga yetish, tinch hayotimizning eng katta ne’mati ekanini tushuntirish ham bugungi kun imom xatiblari oldida turgan muhim vazifalardan biri sanaladi.

Shiddat bilan o‘zgarayotgan bugungi kunda imom-xatiblarimiz o‘zlarining bilim, malaka, ko‘nikma va hayotiy tajribalarini kun sayin oshirib borishlarini talab etmoqda. Barcha sohalarda yangilik va kashfiyotlar paydo bo‘lmoqda. Fan, texnika va axborot almashuvlari jiddiy sur’atlar bilan kuchayib bormoqda. Mana shunday sharoitda imom-xatiblarimiz, diniy ulamolarimiz bugungi kun bilan, zamon bilan hamnafas bo‘lib ishlash, har bir g‘arazli maqsadlarga ilmiy asoslantirilgan raddiyalar berish bu uchun ilmiy saviyalarini oshirishlarini zamonning o‘zi taqozo qilmoqda.

Shuning uchun, mazkur malaka oshirish o‘quvlarida belgilangan ekstremistik tashkilotlarning iddaolariga raddiyalar berish, davriy nashrlarda ekstremizm va terrorizm mavzularini tizimli ravishda yoritib borish, ijtimoiy tarmoqlarda ekstremizmga qarshi kurash, zamonaviy fiqhiy masalalarda fatvo berish shartlari, mutaassib guruhlar ta’siriga berilishning psixologik asoslari va ularni sog‘lom hayotga qaytarish usullari, Qur’on oyatlari va hadislardan hukm chiqarish qoidalari, mazhabga taqlid qilishning ahamiyati kabi mavzular imom-xatiblarning kelgusi faoliyatlarini yanada samarali tashkil etishlarida muhim dastur bo‘lib xizmat qiladi.

Izoh qoldirish