281

Xalqaro haftalik tadbirlari davom etmoqda

“Markaziy Osiyo – Islom sanʼati oʻchogʻi” nomli xalqaro forum Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida davom etmoqda.

“Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” doirasida oʻtkazilayotgan forumning asosiy tadbirlari sirasidagi “Qurʼoni karimning Oʻzbekistonda saqlanayotgan qadimiy nusxalari koʻrgazmasi” hamda Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati tomonidan tayyorlangan “Katta Langar Qurʼoni: kecha va bugun” loyihasi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Koʻrgazma ochilishida soʻzga chiqqanlar forum tadbirlarining mohiyati, shuningdek, koʻrgazmada namoyish etilayotgan ishlar nusxalarining ahamiyati va nodir qiymati haqida maʼlumotlar berdi.

Tadbirda Qurʼoni karimning Oʻzbekistonda saqlanayotgan 50 ga yaqin qadimiy nusxalari, IRCICA tashkiloti tomonidan har yili Turkiyada oʻtkaziladigan xattotlar musobaqasi gʻoliblarining 40 dan ziyod ishlari hamda yurtimizdagi tarixiy obidalar peshtoqlaridagi bitiklar mazmuniga oid Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati tomonidan tayyorlangan 10 dan ortiq toʻplam namoyish etildi. 

Qurʼoni karimning Oʻzbekiston fondlarida saqlanayotgan qadimiy nusxalari koʻrgazmasini oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad yurtimiz uzoq tarixdayoq milliy va diniy qadriyatlar, ilm-fan, sivilizatsiyalar markazi boʻlganini yana bir bor keng jamoatchilikka, xalqaro ilmiy doira vakillariga namoyon etishdan iborat. Koʻrgazmada Toshkentda saqlanayotgan Hazrati Usmon Musʼhafining teriga koʻchirilgan nusxasi, Katta Langar Qurʼonining koʻchirilgan va faksimile nusxalari hamda yurtimiz fondlarida saqlanayotgan Qurʼoni karimning qadimiy nusxalari namoyish qilindi.

Koʻrgazmaga tashrif buyurganlar mutafakkirlarimiz nafaqat matematika, geografiya, astronomiya, falsafa, tibbiyot, grammatika, etnografiya kabi dunyoviy ilmlar, shuningdek, meʼmorlik, naqqoshlik va rassomlik singari nafis sanʼat bobida, balki diniy ilmlar sohasida ham yaratgan oʻlmas asralari orqali yuksak natijalarga erishganiga yana bir karra ishonch hosil qildi. Ushbu tadbir orqali IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining “oltin davri”ga aylanishida aynan Movarounnahr olimlarining hissasi beqiyos boʻlgani ham targʻib etildi.

Ayni paytda ushbu koʻrgazma xalqaro jamoatchilik, xorijdagi manfaatdor ilmiy doiralar uchun ham gʻoyat foydali tadbir boʻldi. Chunki chet elliklar Qurʼoni karimning eng qadim nusxalari bilan tanishish barobarida, xalqimizning milliy va diniy qadriyatlarga sadoqati, buyuk ajdodlar xotirasiga hurmat-eʼtibori, ilm-fanga boʻlgan munosabatiga guvoh boʻldi. Yangi Oʻzbekistonda yosh avlodni ham jismonan, ham maʼnan yetuk insonlar etib voyaga yetkazish borasidagi yutuqlar, milliy-maʼnaviy sohalardagi islohotlar berayotgan yuksak natijalardan bahramand boʻldi. 

Forum tadbirlari davom etmoqda.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish