341

Ona tilim – milliy g‘ururim

Yurtimizda har yili 21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan turli bayram tadbirlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, ilmiy-amaliy anjumanlar, soha mutaxassislari ishtirokida davra suhbatlari tashkil etish yaxshi an’anaga aylangan. Joriy yilda ham mazkur ayyom respublikamiz bo‘ylab keng miqyosda, ko‘tarinki kayfiyatda nishonlandi. Jumladan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham “Ona tilim – milliy g‘ururim” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti tomonidan tashkil etilgan tadbirda pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shodi Otamurod, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tili va adabiyoti ta’limi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori Gulnoza Jo‘rayeva, Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. 

Davra suhbatini Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng taniqli olim, tilimiz jonkuyarlaridan biri bo‘lgan Qozoqboy Yo‘ldoshev ona tili, uning millat va inson hayotidagi o‘rni, tilimizning rivojlanish bosqichlari haqida so‘z yuritdi.

Samimiy muloqot davomida shoir Shodi Otamurod tomonidan insoniylikning yuksak tuyg‘ulari aks etgan she’rlar o‘qildi. Shuningdek, fakultet talabalari o‘zlarining fikr-mulohazalari, ona tili haqidagi she’rlari bilan ishtirok etishdi. 

Tadbirda ona tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb ma’naviy burchimiz bo‘lib qolishiga e’tibor qaratildi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish