308

21-oktabr – “O‘zbek tili bayrami” munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning TABRIGI

Assalom-u alaykum, hurmatli ustozlar va aziz talaba-yoshlar!

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga bu yil 33 yil to‘ldi. Mazkur sana mamlakatimizda “O‘zbek tili bayrami” sifatida keng miqyosda nishonlanmoqda. Zero, jondan aziz Vatanimiz mustaqilligi, xalqimiz huquq va manfaatlari himoyasida ona tilimizning yuksak maqomga ega bo‘lgani muhim ahamiyat kasb etgan. 

Shu munosabat bilan barchani 21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan chin qalbdan tabriklayman!

Muhtaram, professor-o‘qituvchilar, aziz talabalar!

Dunyodagi ko‘hna va benazir tillardan hisoblangan o‘zbek tili xalqimizning qadim kechmishi, orzu-maqsadlari, ulkan ma’naviy-ma’rifiy merosi xazinasidir. Shu o‘rinda ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning “Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurgon oyinayi hayoti til va adabiyotdir. Milliy tilni yo‘qotmak millat ruhini yo‘qotmakdur”, – degan hikmatli o‘gitlari hamisha yodimizda bo‘lmog‘i lozim.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ona tilimiz qadr-qimmati, uning yoshlarimiz istiqbolidagi o‘rni xususida so‘z yuritarkan, “Bugungi kunda biz yangi O‘zbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz”, degan fikrlari bejiz emas.

Darhaqiqat, o‘zbek tilining nufuzini oshirish, uning jahon minbarlarida yangrashi borasida davlatimiz tomonidan ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida “Navoiy tili”da nutq so‘zlashi ona tilimizning xalqaro e’tirof etilgan tillar qatoridan joy egallashida muhim voqelik bo‘ldi. Bu har bir yurtdoshimiz ko‘nglida g‘urur-iftixor tuyg‘usini yanada oshirganiga ishonchim komil. 

Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham davlat tilida ish yuritilishini ta’minlash, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, barcha rasmiy hujjatlari, kitob va to‘plamlar hamda internet saytimizda e’lon qilinayotgan ma’lumotlar davlat tili me’yorlariga muvofiq tayyorlanmoqda. Akademiyada faoliyat yuritayotgan “O‘zbek tili va mumtoz Sharq adabiyoti” kafedrasi tomonidan esa talaba-yoshlarni o‘zbek tili, madaniyati, ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini chuqur o‘rganish, Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasida darslar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. 

Hurmatli hamkasblar, aziz yoshlar!

Ona tilini qadrlash insonning o‘z onasi, xalqi va Vataniga bo‘lgan hurmati belgisi hamdir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu o‘rinda Is’hoqxon To‘ra Ibratning “O‘z tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”, degan hikmatlari asosli. 

Shunday ekan, ona tilimizni e’zozlash bilan birgalikda bir necha xorijiy tillarni ham mukammal bilish, dunyo ilm-fani taraqqiyotiga hamohang odimlash Vatanimiz istiqboli va xalqimizning yorug‘ kelajagini ta’minlovchi muhim omil ekanligini har birimiz qalban anglamog‘imiz lozim. 

So‘zim yakunida yana bir bor Siz, azizlarni 21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!

Bashariyat tamaddunida o‘z munosib o‘rniga ega bo‘lgan O‘zbek tilimiz yanada taraqqiy etib, barchamizning g‘urur va iftixorimizga aylanishiga ishonaman!

 

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish