371

Millat, ma’naviyat va ma’rifat bayrami

Bugun yurtimizda 21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat maqomi berilganining 33 yilligi hamda O‘zbek tili bayrami kuni millat, ma’naviyat va ma’rifat bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Aytish joizki, so‘nggi yillarda ona tilimiz mavqei va maqomini yuksaltirish borasidagi ishlar mutlaqo yangicha bosqichga ko‘tarildi.

Mamlakatimizda har yili mazkur sana munosabati bilan turli bayram tadbirlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etiladi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” mavzusidagi tadbir ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi. Tantanali marosimda Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. 

Bayramni Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Zohidjon Islomov o‘z nutqida tilimiz rivojlanish bosqichlariga to‘xtalib o‘tdi. Ona tilimiz nufuzi va mavqei yildan-yilga oshib borayotgani, uning yanada taraqqiy etishi, xalqaro maydonlarda baralla yangrashi uchun yurtimizda olib borilayotgan amaliy ishlar haqida so‘z yuritdi.

“Islom tarixi va manbashunosligi – IRCICA kafedrasi mudiri Ne’matullo Muhamedov ham so‘zga chiqib, ona tilimizga davlat tili maqomi berilishi tarixi, uning jamiyat rivojidagi ahamiyatini alohida ta’kidladi. 

Tadbirda talabalar tomonidan o‘zbek tilining boy tarixi, xususan, Mahmud Qoshg‘ariy, Alisher Navoiy, Nodira, Jahon otin Uvaysiy, Abdulla Qodiriy, Muhammad Yusuf kabi buyuk ajdodlarimizning ona tilimiz rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritishdi.

O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish uchun uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga kiritishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarurligi hamda har birimizdan tilimizga hurmat bilan yondashish talab etilishi qayd etildi.

Kuy-qo‘shiq va badiiy, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, musiqiy chiqishlar namoyish etildi. “Eng yaxshi kitobxon” talaba ko‘rik-tanlovining Akademiya bosqichi g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish