311

Akademiyada “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” mavzusida bayram tadbiri o‘tkazildi

Bugun o‘zbek tilini rivojlantirish, e’zozlash, xalqaro nufuzini yanada oshirish borasida tarixiy ishlar amalga oshirilayotgan davrda yashayapmiz. Bu kabi ezgu sa’y-harakatlarda faollik ko‘rsatish, davlat tiliga kuyinchaklik bilan munosabatda bo‘lish har birimizning muqaddas burchimiz sanaladi. Zero, ona tili har bir millatning ruhiyatini, istiqbolini o‘zida aks ettirib, xalqning mavjudligining asosiy belgisidir. 

Darhaqiqat, til – millat ko‘zgusi. U har bir millatning boyligi, ma’naviy qiyofasi, madaniyati, ichki dunyosini aks ettiruvchi muhim vosita sanaladi. Mamlakatimizda har yili 21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan turli bayram tadbirlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, ilmiy-amaliy anjumanlar, soha mutaxassislari ishtirokida davra suhbatlari tashkil etiladi. Mazkur sana respublikamiz bo‘ylab keng miqyosda nishonlanadi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham sana munosabati bilan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri o‘tkazildi.

“Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti tomonidan tashkil etilgan tadbirda Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. 

Ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvni Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Zohidjon Islomov o‘z nutqida ona tilimiz nufuzi va mavqei yildan-yilga oshib borayotgani, uning yanada taraqqiy etishi, xalqaro maydonlarda baralla yangrashi uchun yurtimizda olib borilayotgan amaliy ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Millat ko‘zgusiga bo‘lgan chuqur ehtirom har bir kishining kundalik turmush tarzida ham namoyon bo‘lishi zarurligini ta’kidlab, barchani “O‘zbek tili bayrami” bilan tabrikladi.

Shundan so‘ng Akademiya talabalari tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiq va badiiy, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, musiqiy chiqishlar namoyish etildi. Ona tilimizga oid ma’lumotlar aks etgan viktorina o‘yini o‘tkazildi. Faol talabalar mutasaddilar tomonidan taqdirlandi. Tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb ma’naviy burchimiz bo‘lib qolishiga e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish