XALQNING OBRO‘SINI KO‘TARGAN ZOTLAR
Nurislom TO‘XLIYEV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi kafedrasi professori,
“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi:
– Kuni kecha davlatimiz rahbarining O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigini har doimgidan-da kuchli hayajon bilan eshitdik. Sababi, bu gal bayramimiz ShHTning nufuzli mehmonlarini qabul qilgan Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida o‘tkazildi. Dunyoning manaman degan davlat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillariga mezbonlik qilgan bu maskanda kasb bayramimiz nishonlangani ustozlarga ko‘rsatilgan yuksak ehtiromning yana bir dalili bo‘ldi. Yuqori saviyada tashkil etilgan tadbir shukuhi biz, murabbiy va pedagoglar ruhiyatiga ko‘chib, kayfiyatimizni nihoyatda ko‘tardi. Umrining qirq yildan ortig‘i ta’lim sohasida kechgan pedagog sifatida muallim zotiga ko‘rsatilayotgan ehtiromdan benihoya mamnun bo‘ldim.
O‘qituvchilik, murabbiylik – ulug‘ kasb. Pedagog sohaning qaysi bo‘g‘inida xizmat qilmasin, millatning, xalqning bolalarini tarbiyalaydi, o‘qitadi, kasb-hunar o‘rgatadi, ko‘nikma va malakasini oshiradi. Shifokor inson tanasi bilan, muhandis jism bilan ishlaydi. Muallim esa odamning ma’naviyati, ma’rifati, pirovardida, ruhiyatini kamolga yetkazish bilan shug‘ullanadi. Shu bois, ustoz deb sharaflanadi. Zotan, bu ulug‘ maqom hammaga ham nasib etmaydi. Har gal shogirdlarim menga “ustoz”, deb murojaat qilganida xuddi birinchi marta bu so‘zni eshitayotgandek yuragim faxrga to‘ladi. Tarix shohid: ne-ne buyuk insonlarni ham ustoz kamolga yetkazgan. Tarbiyalab, ilm o‘rgatib, insoniylik sabog‘ini bergan, yetuklik cho‘qqisiga olib chiqqan.
Yangi O‘zbekistonda o‘qituvchilarga ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom, izzat-ikrom yildan-yilga oshayotganini nafaqat hamkasblarim, balki xalqimiz ko‘rib, e’tirof etayotir. Yoshlar orasidan pedagoglikka havasmandlar ko‘paymoqda. Davlatimiz ko‘rsatayotgan e’tibor tufayli o‘qituvchilik jamiyatdagi obro‘li kasblardan biriga aylanmoqda. Odamlar shu kasb orqasidan baraka topyapti. Qo‘yni-qo‘nji ham, ko‘ngli ham to‘lyapti. Bu, albatta, ajoyib. Chunki tarixdan ma’lumki, ilmning bahosi baland, muallimning mavqei yuqori davlatning yo‘li oydin, istiqboli yorug‘ bo‘lgan. Mana shu yangilanishlar bardavom ekan, Yangi O‘zbekiston ham rivojlanish, taraqqiyot cho‘qqisiga jadal ko‘tariladi.
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi
2022-yil 1-oktabr, 202-son
Izoh qoldirish