329

1-OKTABR – “O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI” MUNOSABATI BILAN O‘ZBEKISTON XALQARO ISLOM AKADEMIYASI REKTORI MUZAFFAR KOMILOVNING BAYRAM TABRIGI

Assalom-u alaykum, hurmatli ustozlar va aziz hamkasblar!

Avvalo, Sizlarni 1-oktabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Ustoz degan sharafli nomga munosib bo‘lish, o‘qituvchi kasbini ulug‘lab, kelajak avlodni barkamol voyaga yetkazish ulug‘ saodat. Shu bois, donishmand xalqimiz ustoz-muallimga hamisha o‘zgacha hurmat va e’tiborda bo‘lib keladi. “Agar shogird shayxulislom, agar qozidur, agar ustoz rozi – Tangri rozidur”, deydi Alisher Navoiy hazratlari. 

Darhaqiqat, bugungi kunda ham yurtimizda ta’lim tizimi islohotlariga ustuvor ahamiyat qaratilib, yangi bir uyg‘onish — Sharq Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda. Mazkur oliy maqsadning ro‘yobga chiqishida o‘qituvchi va murabbiylarning o‘rni va roli beqiyos ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz. Shuning uchun ham yoshlarni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida, zamonaviy bilim va kasb-hunarlar, xorijiy tillarni puxta egallagan, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatli insonlar etib voyaga yetkazishda, avvalo, sizlarga tayanamiz. 

Qadrli ustozlar!

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ta’lim-tarbiya, ilm-fan hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar natijasida boy ilmiy-tarixiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib qilish ishlari yanada jadallashdi. Shu bilan birga, dunyoda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar va ijtimoiy-siyosiy vaziyatning tahlili diniy-ma’rifiy soha faoliyati samaradorligini yanada oshirish va malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishni taqozo etmoqda. Bu o‘rinda yoshlar hayotiga tahdid solayotgan xavf-xatarlarning oldini olish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish dolzarb vazifadir.

Shu bois, yurtimiz hamda xalqaro miqyosda o‘z nufuziga ega bo‘lib borayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyati juda muhim. Albatta, bu o‘rinda siz muhtaram ustozlar, professor-o‘qituvchilar, tyutor va murabbiylarning fidokorona mehnatiga muvaffaqiyat tilayman. 

Muhtaram ustoz va hamkasblar!

“Beshikdan qabrgacha ilm izla”, deydi dono xalqimiz. Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy “Avlodlaringizga faqat bugunning emas, kelgusi zamonning ilmini o‘rgating”, deya o‘git berganlar. Shu bois, har birimiz o‘z kasbimizga sadoqat bilan yondashib, ilm-fanning ilg‘or yutuqlari hamda xalqimizning umrboqiy merosini yosh avlodlarga yetkazishimiz ham farz, ham qarzdir. Bu yo‘lda barchaning ilmiy-pedagogik, tadqiqotchilik faoliyatiga zafarlar yor bo‘lsin. 

Yana bir bor Siz, azizlarni kasb bayramingiz bilan qutlar ekanman, sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadoningizga fayz-u baraka tilayman!

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish