369

Bosh imom-xatiblarning 2-davra malaka oshirish o‘quvlari bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyat, tuman-shahar Bosh imom-xatiblari uchun “Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi doirasida din soha xodimlarining oldida turgan vazifalar” yo‘nalishida 36 soatlik malaka oshirish o‘quvlarining ikkinchi davrasi bo‘lib o‘tdi. Unda 108 nafar tinglovchi ishtirok etdi.

Ushbu o‘quvlarning ikkinchi kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safayev “Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish”, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov “Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish” va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, dotsent Davronbek Maxsudov tomonidan “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda diniy-ma’rifiy soha xodimlari mas’uliyati” mavzularida dars mashg‘ulotlari olib borildi.

Darsdan keyin soat 17:00 da tinglovchilar Yangi O‘zbekiston bog‘iga tashrif buyurishdi. U yerdagi bunyodkorlik va obonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishib chiqdilar. Jumladan, tinglovchilar milliy davlatchiligimizning ramzi bo‘lgan Sohibqiron Amir Temur saltanatining moviy gumbazi, yulduzlar olamiga qarab yuksalgan Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, dunyo ilm-fani va sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ mutafakkir bobolarimizning eng nodir ilmiy kashfiyotlari tasvirlangan Mustaqillik monumentini ziyorat qildilar. Mazkur yodgorlik yurtimizda yangi O‘zbekistonni – Uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasi bilan uyg‘un holda barpo qilingan. 

Malaka oshirish o‘quvlari davom etmoqda.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish