O‘zbekiston iqtisodiy yuksalish yo‘lida
VATANIMIZ MUSTAQILLIGINING 31 YILLIGIGA
Har yili O‘zbekiston davlat mustaqilligi bayrami arafasida o‘tgan davrga nazar solish, yutuqlarimiz va kamchiliklarimizni tahlil qilish, istiqbolni belgilash an’ana tusiga kirgan. Bu yil ham bundan mustasno emas. Albatta, yutuqlarimiz katta, imkoniyatlarimiz esa undan ham keng.
Nimadan boshlagan edik?
O‘zbekistonda davlat mustaqilligi qo‘lga kiritilishi bilanoq tashqi omillardan iloji boricha xoli bo‘lgan milliy iqtisodiyotni shakllantirishga kirishildi. Iqtisodiyotni ma’muriy-rejali boshqarishdan ko‘p ukladli bozor munosabatlariga o‘tkazish boshlandi.
Bozor iqtisodiyotiga esa tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qilmasdan o‘tib bo‘lmasdi. Qisqa vaqt ichida mulk to‘g‘risida, xususiy tadbirkorlik to‘g‘risida, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida, korxonalar to‘g‘risida, investitsiyalar to‘g‘risida, soliq va bojxona siyosati to‘g‘risida va boshqa ko‘pgina qonunlar qabul qilindi. Keyinchalik qabul qilingan boshqa qonunlar, shuningdek, hukumat qarorlari iqtisodiy o‘zgarishlar davomida tartibga solib borildi. Ayni vaqtda institutsional o‘zgarishlar davom etdi: mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllari o‘zgartirildi, bozor infratuzilmasi unsurlari – birjalar, aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari, sug‘urta kompaniyalari, lizing xizmatlari va boshqalar faoliyat yurita boshladi.
O‘tgan davr oralig‘ida eng ko‘p qonun va me’yoriy-huquqiy hujjatlar mulk munosabatlarini takomillashtirish, raqobat maydonini kengaytirish va erkin tadbirkorlikni rivojlantirish borasida qabul qilindi. Chunki bu “uchlik” har qanday mamlakatda bozor iqtisodiyotining ustunlarini tashkil etadi. Mulk munosabatlari ishlab chiqarish va jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi hamda mazmunini belgilaydi. Mamlakatimizda kichik, o‘rta va katta xususiylashtirish deya nomlangan uch bosqichli xususiylashtirish amalga oshirilganiga qaramasdan, hali ham mulk munosabatlari takomiliga yetgan deb bo‘lmaydi. Chunki bu to‘xtovsiz jarayon, bozor munosabatlarining eng birinchi talabi.
Bu jarayon, ayniqsa, 2016-yildan keyin yanada jadallashdi. Endi hatto birmuncha muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan banklar, aksiyadorlik jamiyatlari, yirik xo‘jalik birlashmalaridagi davlat ulushi sotuvga chiqariladigan bo‘ldi.
Xususiy va jamoat mulki, xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish mexanizmlari orqali shakllantirildi. Xususiylashtirish respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, aholining daromadlari darajasi unchalik yuqori emasligi, ko‘pchilikning start imkoniyatlari bir xil xususiy sektorga katta mablag‘ sarflashga qodir emasligini e’tiborga olib amalga oshirildi. Qolaversa, hali aholida bozor madaniyati ham yetarli emasdi, xususiy mulk psixologiyasini shakllantirish muammosi ham bor edi. An’anaviy xo‘jalik yuritish madaniyati maishiy xizmat, umumiy ovqatlanish, savdo-sotiq, kommunal xo‘jalik, hunarmandchilik sohalaridan nariga o‘tmasdi.
Bozor islohotlarining chuqurlashuvi natijasi o‘laroq, yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish va ish bilan band aholining asosiy qismi iqtisodiyotning nodavlat, shu jumladan, xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Qishloq, o‘rmonchilik va baliqchilik, savdo va umumiy ovqatlanish, maishiy va kommunal xizmat sohalarida deyarli 100 foiz ishlab chiqarish hamda xizmatlar yaratish nodavlat sektori ulushidan iborat.
Iqtisodiy o‘sish va iqtisodiy taraqqiyot
Mamlakatning iqtisodiy salohiyati va uning o‘sish sur’atlarini belgilaydigan ko‘rsatkichlar ko‘p. Ammo ular orasida asosiy mezon bu – yalpi ichki mahsulot (YAIM). O‘tgan yili mamlakatimizda YAIMning yillik o‘sish sur’ati 7,4 foizni tashkil etib, joriy narxlarda 734,6 trln. so‘mga yetdi. Bu pandemiya oqibatlari hali barham topmagan, ko‘pchilik mamlakatlar iqtisodiyoti repsessiyani boshidan kechirayotgan sharoitda dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Bu vaqtda sanoat ishlab chiqarish 8,7 foiz, asosiy kapitalga investitsiyalar 5,2 foiz, qurilish ishlari 6,8 foiz, chakana savdo aylanmasi 12 foiz, tashqi savdo aylanmasi 16 foizga o‘sdi. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM 5,3 foizga o‘sib, 21 mln. so‘mdan oshdi. 2021-yil yakuni bo‘yicha yalpi ichki mahsulot (yalpi qo‘shilgan qiymat) tarkibi quyidagi ko‘rinishga ega bo‘ldi.
Yalpi qo‘shilgan qiymat – 100 foiz, shu jumladan |
– qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi – 26,9% |
– sanoat (qurilish bilan) – 34,5% |
– хizmatlar – 38,6% |
YAIMning o‘sish sur’atlari barcha hududlarda kuzatilmoqda. Yalpi ichki mahsulotni shakllantirishda hududlarning ishtiroki (foizda):
Тoshkent shahri – 16,6 | Тоshkent viloyati – 11,2 |
Navoiy viloyati – 8,1 | Samarqand viloyati – 7,3 |
Farg‘ona viloyati – 6,4 | Qashqadaryo viloyati – 6 |
Аndijon viloyati – 6 | Buxoro viloyati – 5,3 |
Namangan viloyati – 4,7 | Surxondaryo viloyati – 4,1 |
Хоrazm viloyati – 3,7 | Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 3,6 |
Jizzax viloyati – 3,2 | Sirdaryo viloyati – 2,1 |
Shuni ham ta’kidlash joizki, yalpi ichki mahsulotning jismoniy o‘sishi pirovard maqsad bo‘lmasligi kerak. Iqtisodiy o‘sish, bu bir turdagi mahsulot va xizmatlarning yildan-yilga barqaror o‘sib borishidir. Bu yaxshi. Iqtisodiyotning diversifikatsiyalashuvi, ular tarkibida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, yuqori texnologiyali innovasion tovar va xizmatlar ulushining ortib borishi esa iqtisodiy rivojlanishdir. Qay biri afzal? Javob aniq.
Agar yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati aholi real daromadlari, xalq turmush farovonligi ko‘rsatkichlari barobarida kechsa, yanada yaxshi. Ana shunda sifat jihatdan o‘sishga erishgan bo‘lamiz. Bizga bozor tan oladigan, xalqning kundalik turmush talablariga javob beradigan ishlab chiqarish muhim. Bunga birdaniga erishib bo‘lmaydi. Shuni e’tiborga olib, keyingi yillarda milliy iqtisodiyotimizning tarmoq va hududiy tarkibini takomillashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Sanoatni rivojlantirish yo‘llari
Sanoat milliy ishlab chiqarishning “suyak va muskul”ini tashkil etadi va shu sababli iqtisodiy rivojlanishning borishini ko‘p jihatdan belgilaydi. Sanoat barcha sohalar, jumladan, o‘zini o‘zi ham ishlab chiqarish vositalari bilan ta’minlaydi. Shu ma’noda, u o‘zini o‘zi yaratadigan va tiklaydigan yagona noyob soha. 2021 yilda mamlakatimizda 451,6 trln. so‘mlik (YAIMga nisbatan 61,5%) sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Yillik o‘sish sur’atlari 8,7 foizni tashkil etdi. Sanoat ishlab chiqarish tarkibida asosiy o‘rinni qayta ishlash sanoat korxonalari egallab kelmoqda – 83%.
Qayta ishlash sanoat tarkibi
Sanoat tarkibi | Ulushi, foizda |
Metallurgiya | 25,7 |
Nometall mineral mahsulot | 5,4 |
Oziq-ovqat mahsulotlari | 13,4 |
Ichimlik mahsulotlari | 2,7 |
To‘qimachilik mahsulotlari | 13,7 |
Kiyim-kechak mahsulotlari | 3,5 |
Kimyo mahsulotlari | 7,4 |
Neftni qayta ishlash mahsulotlari | 3 |
Rezina va plastmassa mahsulotlari | 2 |
Elektr asbob-uskunalari | 2,8 |
Metall buyumlar | 2,7 |
Avtotransport mahsulotlari | 8,5 |
Bundan tashqari, yengil, yuk avtomobillari, qishloq xo‘jalik mashinalari, neft, ko‘mir, tabiiy gaz va boshqa ko‘plab sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Ammo oldimizda turgan, davlatimiz rahbari qo‘yayotgan sanoat sohasidagi muhim vazifalardan biri ishlab chiqarishning yangi texnologik darajasiga o‘tishdir. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda sanoat ishlab chiqarish tarkibi maqsadga muvofiq takomillashgan deb bo‘lmaydi. Chunki qayta ishlash sanoatida ishlab chiqarilayotgan tovarlarning atigi 2,7 foizi yuqori texnologiyali, 20,1 foizi o‘rta-yuqori texnologiyali, 39,4 foizi o‘rta-past texnologiyali, 37,7 foizi esa past texnologiyali ishlab chiqarishga to‘g‘ri kelmoqda. Bu innovatsion iqtisodiyotga o‘tish talablariga to‘la mos kelmaydi. Biz industrial iqtisodiyotdan ilmtalab, resurs tejaydigan iqtisodiyot turiga o‘tishga zo‘r berishimiz kerak. Bu davr, raqobat, jahon iqtisodiyoti rivojlanishi talabidir.
Sanoat qiyofasi bugun tez o‘zgarib bormoqda. O‘nlab erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar, kichik sanoat zonalari, startaplar ish boshladi.
Tabiat qo‘ynidagi iqtisodiyot
Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotning eng “injiq” sohalaridan biri. Chunki uning faoliyati iqlim, ob-havo sharoiti bilan chambarchas bog‘liq. Qishloq xo‘jaligining rivojlanishi mamlakat oziq-ovqat xavfsizligining muhim sharti sanaladi. Soha sanoatning “noni” – xomashyo manbai ham. Qishloq xo‘jaligida mineral xomashyodan farqli o‘laroq, tiklanadigan resurslar ishlab chiqariladi. Bu jihatdan ham uning ahamiyati katta. Qishloq, o‘rmon va baliqchilik mamlakat yalpi ichki mahsulotining deyarli 27 foizini bermoqda.
O‘zbekistonda qishloq xo‘jalik ishlab chiqarish sohasidagi iqtisodiy islohotlar tufayli aniq-ravshan siljishlarga erishilgani ma’lum. Avvalo, qishloqda ko‘p ukladli xo‘jalik shakllandi. Ammo bu sohada ishlab chiqarish tashkil qilish jarayoni nihoyasiga yetgani yo‘q, xo‘jalik yuritishning yangi maqbul shakllarini qidirish davom etmoqda. Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan klaster tizimi ish boshladi, lekin hali butun bo‘yi-basti bilan o‘zini ko‘rsata olganicha yo‘q. Hozirgi vaqtda barcha qishloq xo‘jalik mahsulotlarining 65,9 foizi dehqon xo‘jaliklarida, 29,2 foizi fermer xo‘jaliklarida va 4,9 foizi qishloq xo‘jalik faoliyati bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarda yetishtirilmoqda. Sutning 93,8 foizi, go‘shtning 89,3 foizi, kartoshkaning 74,7 foizi, sabzavotning 60,7 foizi, tuxumning 60,5 foizi dehqon xo‘jaliklarida yetishtirilayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu sektorga e’tiborni yanada kuchaytirish lozimligi ayon bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligidagi muhim muammolar jumlasiga hosildorlik va chorvachilik mahsuldorligini oshirish maqsadida seleksiya va urug‘chilik, naslchilik ishlarini kuchaytirish, qishloq xo‘jalik zararkunandalariga qarshi kurash, ekologik toza mahsulot yetishtirish, atrof-muhitga zararni kamaytirish, qishloq infratuzilmasini rivojlantirish va bu maqsadlarga investitsiyalarni o‘stirib borishni kiritish mumkin.
Servis iqtisodiyoti sari
Xizmat ko‘rsatish, ya’ni servis zamonaviy iqtisodiyotlarning qiyofasini belgilab bermoqda. Postindustrial mamlakatlarda xizmat ko‘rsatish sohasi ular yalpi ichki mahsulotining kamida 65-70 foizini bermoqda. O‘zbekistonda esa xizmatlar sohasi rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, yalpi ichki mahsulotning 38 foizdan ziyodrog‘iga to‘g‘ri kelmoqda. Ammo adolat yuzasidan ta’kidlash joizki, ko‘pgina xizmat ko‘rsatish sohalari sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligidan ajratilmagan, balki bizning amaliyotimizda ular bu sohalarga qo‘shib hisoblanadi. Shuning uchun ham xizmatlar sohasining ulushi milliy iqtisodiyotda ancha pastroq ko‘rsatkichga ega. 2021-yilda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 283,3 trln. so‘mni tashkil etdi. Bu undan oldingi yilga nisbatan qariyb 20 foizga ko‘proq degani. Barcha korxona va tashkilotlarning 65,7 foizi, kichik va xususiy tadbirkorlikning 51,1 foizi xizmat ko‘rsatish sohasida joylashgan. Aholi jon boshiga ko‘rsatiladigan xizmatlar miqdori 8 mln. so‘mdan oshdi.
Savdo, transport va moliyaviy xizmatlar barcha xizmatlarning 70 foizdan ziyodrog‘ini tashkil etmoqda. Aloqa va axborotlashtirish, ta’lim hamda tibbiy xizmatlar ko‘rsatish hissasi yildan-yilga oshyapti. Keyingi yillarda ko‘chmas mulk, yashash joyi va ovqatlanish, ijara va prokat, me’morchilik, kompyuterlarni ta’mirlash bilan bog‘liq xizmatlar, shuningdek, individual xizmatlar paydo bo‘ldi. AKT xizmatlari jadal o‘sish tendensiyasiga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Investitsiyalarning roli beqiyos
Iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish tarkibiy siljishlarni amalga oshirish, oxir-oqibatda esa yangi innovatsiyalashgan ishlab chiqarishni barpo etishda investitsiyalarning roli beqiyos. O‘zbekistonda iqtisodiyot va ijtimoiy sohani rivojlantirishga 2021-yilda moliyalashtirishning barcha manbalari bo‘yicha asosiy kapitalga 245 trln. so‘mlik investitsiya o‘zlashtirildi. O‘sish sur’atlari 5 foizdan yuqori bo‘ldi. Investitsiyalarning 40 foizga yaqinini korxonalar va aholi vositalari, qolgan 60 foizdan ziyodrog‘ini esa jalb qilingan mablag‘lar tashkil etdi.
Umumiy investitsiyalarning 12,3 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyasidan iborat. Kafolatlanmagan va boshqa chet el investitsiya va kreditlari 23 foizdan oshdi. Barcha investitsiyalarning 9 foizini aholi daromadlari tashkil etmoqdaki, bu qariyb Respublika byudjetidan ajratiladigan mablag‘larga teng. Chet el investitsiyalari gaz-kimyo, uglevodorod, elektr energiyasi majmualarini rivojlantirish va magistral gaz-transport tizimlarini modernizatsiya qilish ishlariga sarflanmoqda. Asosiy kapitalga investitsiyalarning 51,3 foizi mashina, asbob-uskuna va inventarlarni sotib olishga sarflanayotgan bo‘lsa, qolgan 43,2 foizi qurilish-montaj ishlari, 5,5 foizi boshqa tegishli maqsadlarga qaratilgan. Mashina va asbob-uskunalar ulushining balandligi hozirgi sharoitda mamlakatimizda keng miqyosda modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, ya’ni texnologik yangilash yangi zamonaviy iqtisodiyotni barpo etish maqsadlaridan kelib chiqmoqda. Bunday iqtisodiy siyosat yaqin kelajakda o‘zining samarasini berishi shubhasiz.
Barcha investitsiyalarning yarmidan ko‘prog‘i yangi qurilish, 26,4 foizi kengaytirish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilishga ketmoqda.
Asosiy kapitalga investitsiyalarni iqtisodiy soha turlari bo‘yicha taqsimlaganda asosiy – chorak qismidan ko‘prog‘i qayta ishlash sanoatiga sarflanyapti. Undan keyingi o‘rinlarda esa tog‘-sanoat majmuasi, turar joylar qurilishi, elektr va gaz ta’minoti turibdi. Qishloq xo‘jaligi, qurilish industriyasi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, savdo, aloqa va axborot hamda boshqa sohalardagi qurilish ishlari ham e’tibordan chetda qolmayapti.
Dunyoga chiqish uchun
O‘zbekistonning geografik joylashuvi milliy iqtisodiyotni rivojlantirish uchun ham kuchli, ham zaif jihatlarni oldindan belgilab qo‘ygan. O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar bilan chegaradosh ekanligi uning mintaqa bozorlaridagi ahamiyatini oshiradi. Hudud bo‘ylab o‘tgan Buyuk ipak yo‘li yurtimizga katta manfaat keltirgan.
Ikkinchi tomondan, mamlakatimiz Yevropa va Osiyo bozorlariga bir necha davlatlar orqaligina chiqish imkoniyatiga ega. Arzon dengiz yo‘liga chiqish qiyin. Shuning uchun ham hukumatimiz temir yo‘l va avtomobil xalqaro koridorlarini tashkil qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan xalqaro mintaqaviy loyihalarda faol ishtirok etmoqda. Natijada ichki va tashqi yo‘lovchi va yuk tashish aylanmalari yildan-yilga oshib boryapti.
2021-yilda barcha transport turlari orqali 1,5 mlrd. tonnadan ziyod yuk tashilgan. Uning 91 foizi avtomobil transporti orqali tashilgan bo‘lsa, qolgan qismi temir yo‘l, havo yo‘li va quvur transportiga to‘g‘ri kelmoqda. O‘sish sur’atlari 10 foizdan yuqori. Shu yili barcha transport vositalari orqali 5,8 mlrd. yo‘lovchi tashuvi yo‘lga qo‘yildi. Bu ko‘rsatkich undan oldingi yilga nisbatan 8,7 foizga yuqori bo‘lsa-da, 2019-yilga nisbatan ancha past. Buning sababi ma’lum – pandemiya. Barcha yo‘lovchilarning 97 foizi avtomobil transportiga, qolganlari esa temir yo‘l, havo va shahar elektr transportiga to‘g‘ri keladi. Eksport va import operatsiyalarini amalga oshirishda transport, aloqa va boshqa kommunikasiya vositalari muhim rol o‘ynaydi. Aloqa xizmatlari tarkibida mobil aloqa 48,5 foizni tashkil etgan. Aholining mobil aloqa vositalari bilan ta’minlanishi 73 foizdan oshdi. Mamlakatimiz jahon axborot tizimiga faol integratsiyalashib bormoqda.
Savdo-sotiqning o‘sishi
O‘zbekistonda savdo-sotiqning qadimiy an’analari mavjud. Ammo bu yerda Buyuk ipak yo‘lining ta’sirida faqat tashqi savdogina rivojlanib qolmagan. Ichki savdoni rivojlantirmay, o‘sha vaqtda hunarmandchilik, to‘qimachilikni rivojlantirish, so‘ngra esa zavod va fabrikalar barpo etishning iloji yo‘q edi. Mamlakatimizda iste’mol bozori ham tez sur’atlarda rivojlanayotgan segmentlardan hisoblanadi. O‘tgan yili chakana savdo aylanmasi 250 trln. so‘mga yaqinlashdi. Yillik o‘sish sur’atlari 12 foizni tashkil etdi. Chakana savdo aylanmasining 73,8 foizi kichik korxona va mikrofirmalarga, 17,9 foizi yirik korxonalarga, 8,2 foizi esa uyushmagan savdoga, chakana savdoning 25 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda. O‘tgan davrda ko‘tara savdo hajmi 158 trln. so‘mga, o‘sish sur’atlari esa 17,5 foizga yetdi. Ko‘tara savdoda ham davlat sektori ulushi muttasil kamayib boryapti, bu ham ijobiy tendensiyalardan, ya’ni bozor iqtisodiyoti talablaridan hisoblanadi.
O‘tgan yili mamlakatimizning tashqi savdo aylanmasi 42 mlrd. AQSH dollaridan oshdi, bu undan oldingi yilga nisbatan 16 foizga ko‘p demak. Tashqi savdoning 16,6 mlrd. dollari (39,5%)ni eksport, 25,5 mlrd. dollari (60,5%)ni import tashkil etdi.
Eksport tarkibida tovarlar ulushi 59,9, xizmatlar 15,3 va oltin 24,7 foizni tashkil etmoqda. Import tarkibida esa 93,2 foiz tovar, 6,8 foizi xizmatlardir. Bu yerda yoqimsiz holat tashqi savdo aylanmasida 8,9 mlrd. dollarga teng passiv savdo balansi shakllangani va eksport tarkibida xomashyo yo‘nalishiga hali batamom barham berilmaganligidir. Iqtisodiy taraqqiyotning hozirgi bosqichida chet eldan tayyor mahsulot, yangi texnika va texnologiya import qilishga majburmiz.
Bugungi kunda O‘zbekiston jahonning 182 mamlakati bilan savdo munosabatlariga kirishgan. Ular orasida yirikroq mavqega Rossiya Federatsiyasi, XXR, Qozog‘iston, Turkiya, Koreya Respublikasi, Qirg‘iziston va Turkmaniston ega. Keyingi yillarda MDH davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalar sezilarli rivojlandi va mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasida 37,7 foizni tashkil etmoqda. Albatta, bundan keyin ham tashqi savdo tarkibi va geografiyasi takomillashib boradi.
Kichkina demang bizni...
Xususiy biznes va kichik tadbirkorlik O‘zbekiston iqtisodiyotiga xos voqea bo‘lib qoldi. Hozirgi paytda mamlakatimizda 462,8 ming kichik korxona va mikrofirmalar faoliyat olib bormoqda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 98,9 (dehqon va fermer xo‘jaliklarisiz) ming kichik korxona yangidan ish boshladi. Kichik tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulotni yaratishdagi ulushi 55 foizga yetdi. Sanoat mahsulotlarining 27, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaliklari mahsulotining 96,7, qurilish ishlarining 72,4, investitsiyalarning 47,9 savdoning 82,1, xizmatlarning 51,1, yuk tashishning 49,4, yo‘lovchi tashishning 92,8, eksportning 22,3 va importning 48,7 foizi ana shu “karliklar” hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Kichik korxona va mikrofirmalar “kapillyar” tomirlarda iqtisodiyotni oziqlantiradi, barcha bo‘g‘inlarga yetib boradi. Yirik va o‘rta ishlab chiqarishda hosil bo‘ladigan “yoriq”larni to‘ldiradi, resurslardan samarali foydalanish imkonini beradi, do‘konlarni arzon va zarur tovar va xizmatlar bilan to‘ldiradi, raqobatni kuchaytirish hisobiga mahsulot sifatini oshirish hamda arzonlashtirishga olib keladi. Kichik biznes manyovrchan, bozor konyunkturasiga tez moslashadi. O‘zi kichkina bo‘lsa ham uning xizmati katta.
Agar ular bozorga o‘z holicha, tavakkalchilik bilan emas, balki buyurtma asosida yirik korxonalar bilan integrallashib chiqadigan bo‘lsa, natija bundan ham yaxshi bo‘lishi aniq.
Biz qanday yashayapmiz?
Aholi turmush farovonligini xarakterlashda oila va alohida kishilarning yalpi daromadlari muhim ahamiyatga ega, ular hajmi hozirgi paytda 516 trln. so‘mdan oshib ketdi. Yillik o‘sish 12 foizga teng bo‘lmoqda. Aholi jon boshiga yalpi daromad 14,8 mln. so‘mni tashkil etgan.
Aholining yalpi daromadlari birlamchi (ishlab chiqarish, mulk, mehnat faoliyatidan, shaxsiy iste’mol uchun xizmatlardan, yollanma ishchilar daromadlari va mustaqil bandlikdan) hamda transfertlardan (ijtimoiy va boshqa joriy to‘lovlardan) shakllanmoqda. Birlamchi daromadlar aholi daromadlarining 73,7 foizini, qolgan 26,3 foizini transfert daromadlar tashkil etadi. Birlamchi daromadlarning 71,5 foizi ishlab chiqarishdan, atigi 2,2 foizigina mulkdan keladi. O‘zbekiston aholisining yalpi daromadlari iqtisodiyotning tarmoqlari, hududi, xodimning ma’lumoti va malakasiga qarab farqlanadi. Masalan, Navoiy viloyatida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi daromad Sirdaryo yoki Surxondaryo viloyatiga qaraganda, deyarli ikki barobar ziyod. Nisbatan yuqori o‘rtacha oylik ish haqi bank, sug‘urta, lizing va kredit-vositachilik, kompyuter dasturlash, konsultativ hamda axborot xizmatlariga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, mamlakatimizda yashash sifatini oshirish – ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, qulay turar joy, toza ichimlik suv, kanalizatsiya bilan ta’minlash va ekologiyani yaxshilash, maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Nufusimiz yaxshi, nufuzimiz-chi?
2022-yil boshida mamlakatimiz aholisi 35,3 mln. kishini tashkil etdi. O‘zbekiston faol demografik vaziyatga ega mamlakatlar jumlasiga kiradi. Bu yerda tug‘ilish sur’ati nisbatan yuqori bo‘lib, tabiiy o‘sish yiliga 731 ming kishini, ya’ni yillik o‘sish sur’ati 2,1 foizni tashkil etmoqda. Mamlakatimiz umumiy aholisi tarkibida erkaklar va ayollar, shahar va qishloq aholisi nisbatan deyarli tenglashgan.
Mehnatga yaroqli yoshdan past aholi 31,2 foiz, mehnatga yaroqli yoshdagilar – 57,6 foizni va mehnatga yaroqli yoshdan yuqorilar mamlakat aholisining 11,2 foizini tashkil etmoqda.
Aholi zichligi (1 kv. km.ga to‘g‘ri keladigan odam) o‘smoqda va 2022-yil boshiga 78,6 kishini tashkil etdi.
Kattalar, go‘daklar va ayollar o‘limining pasayganligi, nikohlar darajasining yuqoriligi va ajralishlarning nisbatan kamaygani, milliy va diniy an’analarning barqarorligi, tibbiy xizmat hamda aholi turmush darajasining yaxshilanib borayotgani mamlakat aholisining tabiiy o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, aholi sifati degan tushuncha ham bo‘lib, inson rivojlanish indeksi (IRI) bilan o‘lchanadi. Ushbu indeksning uchta asosiy ko‘rsatkichi bor. Undan faqat bittasi – mamlakat aholisini ta’lim bilan qamrab olish bo‘yicha dunyoda oldingi o‘rinlarda turamiz. Ammo umr uzunligi, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichlari bo‘yicha hali ko‘p ishlarni amalga oshirishga to‘g‘ri keladi. Nufuzimiz nufusimizga yarasha bo‘lishi kerak.
Nurislom TO‘XLIYEV,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 17-avgust, 166-son
Izoh qoldirish