33

Akademiya professor-o‘qituvchilari “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021-yil 10-fevralda qabul qilingan qonunga asosan O‘zbekistonda 30-iyul sanasi Xalqlar do‘stligi kuni sifatida keng nishonlanmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan mamlakatimizda millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shgan mahalliy va xorijiy jismoniy va yuridik shaxslarning fidoyi mehnatini munosib taqdirlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 1-iyundagi 335-sonli qaroriga asosan “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan.

Joriy yilning 5-avgust kuni poytaxtimizdagi “International Hotel” mehmonxonasida ana shu mukofotlarni o‘z egalariga tantanali tarzda topshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Bayram tadbirida yurtimizda millatlararo munosabatlarni mustahkamlashda qo‘shgan hissasi uchun OAV vakillari, do‘stlik jamiyatlari faollari va hamkor tashkilotlar xodimlaridan bir guruhiga ayni mukofotlar topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbanov yuksak mukofotga sazovor bo‘lganlarni samimiy muborakbod etib, bugun yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan hamyurtlarimizga katta muvaffaqiyatlar tiladi va yuksak mukofotlarni egalariga topshirdi.

Unda 283 nafar yurtdoshlarimiz va xorijiy hamkorlar “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar. E’tiborlisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasidan — siyosiy fanlar doktori, professor Zohidullo Munavvarov, Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti dekani, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Ilyos Mirziyotov, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi mudiri, tarix fanlari nomzodi, dotsent Mahfuza Alimova mazkur ko‘krak nishonga munosib ko‘rildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi ustozlarni erishgan yutug‘i bilan muborakbod etib, kelgusidagi ishlariga muvaffaqiyat tilaydi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish

Izohlar