461

“Markaziy Osiyo davlatlarida millatlararo totuvlikni ta’minlash” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi

Poytaxtimizdagi “International hotel of Tashkent” mehmonxonasida “Markaziy Osiyo davlatlarida millatlararo totuvlikni ta’minlash” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil qilindi.

Ma’lumki, 2021-yildan boshlab, yurtimizda 30-iyul sanasi Xalqlar do‘stligi kuni sifatida keng nishonlanmoqda. Bu bo‘yicha hukumatning tegishli qonuni qabul qilingan. Ushbu bayram ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi tomonidan ko‘tarinki ruhda kutib olindi.

Mazkur sanani munosib nishonlash maqsadida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan qator hamkor tashkilotlar bilan birga yurtimizda 30-iyul – 7-avgust kunlari Do‘stlik festivali o‘tkazilmoqda.

Festival doirasida joriy yilning 5-avgust kuni “Markaziy Osiyo davlatlarida millatlararo totuvlikni ta’minlash” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar vakillari, Xorijdagi vatandoshlar, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari, Jamoat birlashmalari, Do‘stlik jamiyatlari, Milliy madaniy markazlar, O‘zbekistondagi diniy konfessiyalar, millatlararo munosabatlar masalalari bo‘yicha olimlar va ekspertlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlik mutasaddilari, OAV vakillari hamda blogerlar ishtirok etishdi.

Shuningdek, xalqaro anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov qatnashib, nutq so‘zladi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining millatlararo totuvlikni ta’minlash borasidagi axborot va ilmiy salohiyatini birlashtirish, madaniyatlarini namoyish etish va yaqinlashtirish, shuningdek kelgusida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro faol va mustahkam yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik, ishonch muhitini saqlashga hamda O‘zbekistonda xalq diplomatiyasi asosida chet eldagi vatandoshlarimiz bilan muntazam munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar va madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash orqali O‘zbekistonda yashab kelayotgan barcha millat va elat vakillarining tarixi, madaniyati, ma’naviy qadriyatlari, milliy an’analari va urf-odatlarini saqlash, har tomonlama rivojlantirish ushbu nufuzli xalqaro konferensiyaning asosiy maqsadi hisoblanadi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish