389

Kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriat “Islomshunoslik” va “Dinshunoslik” ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda.

Dastavval Akademiya Qabul komissiyasi mutasaddilari tomonidan imtihon o‘tkazish tartib-qoidalari haqida tushuncha berildi. Tartibni buzgan abituriyentlarga nisbatan dalolatnoma tuzilib, o‘sha vaqtning o‘zida ular imtihondan chetlashtirilishi haqida ogohlantirildi. Jarayon adolatli va shaffof tarzda o‘tkazilish maqsadida to‘liq onlayn translatsiya qilindi. 

Akademiya hovlisida esa abituriyentlarning ota-onalari uchun kutish va imtihon jarayonlarini onlayn kuzatish uchun maxsus joylar tashkil etildi. Shu yerning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov hamda ota-onalar o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi.

Akademiya rektori uchrashuvda so‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar haqida so‘z yuritdi. Islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda ulug‘ allomalarimiz nomi bilan ataluvchi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining ahamiyati yuqori ekanini ta’kidladi. 

Darhaqiqat, bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dunyodagi yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlari orasida o‘z nufuziga ega bo‘lib bormoqda. Akademiya rektori o‘z so‘zida davom etarkan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida xassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtai nazardan fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalarimiz ma’naviy merosini o‘rganish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.

Jumladan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda O‘mon Sultonligining taʼlim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik o‘rnatilgani, mazkur hamkorlik doirasida talabalar almashinuvi doirasida Akademiyaning 2 nafar iqtidorli talabasi Sultonlikdagi Malaka oshirish institutida arab tili bo‘yicha o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritgani haqida so‘z yuritdi. Akademiya rektori Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti 2-bosqich talabasi Otabek Mamadaliyev to‘rt oy davomida bo‘lib o‘tgan arab tili o‘quv kurslarini tamomlab, bugun yurtimizga qaytib kelganini, ilm olish va o‘z ustida ishlashdan to‘xtamaydigan talabalar uchun Akademiya tomonidan barcha sharoit yaratib berilishini qayd etdi.

– Tahsil olish bilan birga O‘mon xalqining urf-odatlari, madaniyati bilan tanishdik, – deydi Otabek Mamadaliyev. – Tarixiy obidalari, badiiy va amaliy san’at muzeylari haqida ma’lumotga ega bo‘ldik. Bundan tashqari, institutdagi professor-o‘qituvchilar hamda talabalarga Akademiyaning ilmiy salohiyati, muassasadagi talabalarga yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berdik. Ahamiyatlisi, Malaka oshirish institutidagi ustozlarimizning aksariyati yurtimiz haqida ko‘plab ma’lumotlarga egaligi, Imom al-Buxoriy, Mahmud Zamaxshariy kabi allomalarimizning ilmiy faoliyati, jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi haqida yetarlicha bilimga egaligi bizni hayron qoldirdi. Mazkur o‘quv kurslari arab tili bo‘yicha ko‘nikmalarimni yanada rivojlantirdi. 

Akademiya rektori va ota-onalar o‘rtasidagi muloqot davomida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tizimidagi tashkilotlar, bo‘limlar, ilmiy-tadqiqot markazlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Abituriyentlarning ota-onalariga farzandlari imtihon jarayonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalik baxtiga muyassar bo‘lishlariga omad tilandi.

Shundan so‘ng ota-onalar uchun Akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Shayxovantohur, To‘labek (Qaldirg‘ochbek) hamda Yunusxon maqbalariga ziyorat tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriat “Islomshunoslik” va “Dinshunoslik” ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan abituriyentlarning bugun ikki smenadagi imtihonlarida chet tilini bilish darajalari sinovdan o‘tkazildi. Ertaga 30-iyul kuni esa abituriyentlar chet tilida "Gapirish" qobiliyati va Мa’naviyat va ma’rifat asoslari bo‘yicha imtihonlarda ishtirok etishadi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish