373

Soha rahbarlari Samarqand imom-xatiblari bilan uchrashuv o‘tkazdi

Bugun, 27-iyul kuni Samarqand shahridagi “Yoshlar markazi” binosida Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari qatnashdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan soha rahbarlari muhtaram Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda barcha jabhalarda bo‘layotgani kabi diniy-ma’rifiy sohada ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, xususan, diniy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish, tabarruk ziyoratgoh va qadamjolar, ko‘hna masjid va madrasalarni obod qilish, buyuk ajdodlarimizning bebaho ma’naviy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish borasidagi ishlar xalqimiz va dunyo jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilayotgani aytib o‘tildi.

Yig‘ilish davomida ayni kunlarda Samarqand viloyatida Toshkentdan tashrif buyurgan va viloyatda faoliyat yuritayotgan voiz ulamolar olis va chekka hududlardagi masjidlarda ma’rifiy suhbatlar o‘tkazilayotgani, shuningdek, aholi vakillari bilan yuzma-yuz muloqotlar tashkil etilayotgani, ularda hudud ahlini yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar mazmun-mohiyati haqida xabardor qilish bilan bir qatorda, ularning dard-u tashvishlariga ko‘maklashish, fikr-mulohazalarini tinglash va diniy sohaga tegishli muammolarini joyida o‘rganib, bartaraf etish ham ko‘zda tutilgani bayon qilindi.

Shuningdek, tadbirda viloyatdagi masjid va mahallalarda o‘tkazilayotgan suhbatlarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, yoshlarni yot g‘oyalardan asrashga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish so‘ngida imom-xatiblar faoliyatini yanada yaxshilash, aholimizning diniy savodxonligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish