491

RAQAMLI IQTISODIYOT UFQLARI

NUQTAI NAZAR

Taraqqiyotning hozirgi bosqichida raqamli iqtisodiyot xalqaro va milliy iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan segmentlaridan biriga aylanib ulgurdi. Bir tomondan, bu jarayon iqtisodiy o‘sishning lokomotivi, boshqa tomondan esa, an’anaviy tarmoqlar qiyofasini o‘zgartirib, uning yangi tipdagi iqtisodiyotga transformatsiyalashuvini ta’minlamoqda. Raqamli iqtisodiyot bilimlar, axborotlar, intellektual mehnat mahsulotlaridan foydalanishga asoslanib, iqtisodiyot, ilm-fan va madaniy hayotning barcha jabhasiga kirib bormoqda.

An’anaviy iqtisodiyot asosan, iqtisodiy o‘sishni ta’minlasa, raqamli iqtisodiyotning bosh maqsadi innovatsiyalar, ya’ni iqtisodiy rivojlanishdir. Chunki uning imkoniyati koinot kabi cheksiz. U hamma vaqt yangi mahsulot va xizmatlarni yaratishga qodir. Tasodif emaski, innovatsion rivojlangan postindustrial mamlakatlar – Gʻarbiy Yevropadagi Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Irlandiya, Lixtenshteyn, Lyuksemburg, Monako, Niderlandiya, Fransiya, Shveytsariya, Shimoliy Yevropadagi Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Janubiy Yevropadagi Andorra, Ispaniya, Italiya, Shimoliy Amerikadagi AQSH va Kanada, Osiyodagi Yaponiya, Janubiy Koreya va Isroil, shuningdek, Avstraliya va Yangi Zelandiya bu borada ancha ilgarilab ketdi. Bu mamlakatlar ilmiy salohiyati yuqori ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalarining ustunligi bilan ajralib turadi.

Raqamli iqtisodiyotni shakllantirish investitsiya jarayoni bilan bog‘liq. Yangi iqtisodiyotda asosiy ishlab chiqarish kuchi kishilarning bilim va malakasiga asoslanadi. Bunga esa ishlab chiqarishga yo‘naltiriladigan investitsiya salmog‘ini oshirish bilangina erishib bo‘lmaydi. Bu jarayon sarmoyani asosan, inson kapitaliga yo‘naltirish va iste’molni kuchaytirish, jumladan, ta’lim va inson salomatligi, qulayligiga sarflash orqali amalga oshiriladi. 

Natijada odamlarda intellektual o‘sishga, ijodiy qobiliyatini rivojlantirishga vaqt va imkoniyat ko‘payadi. Bu esa raqamli iqtisodiyot segmentini kengaytirish uchun nihoyatda zarur. Raqamlashtirish uncha katta bo‘lmagan, ixcham va moʻjaz korxonalarga nafaqat ichki, balki global bozorda ham raqobatbardosh bo‘lish imkonini beradi.

Yangi iqtisodiyotda fan sig‘imi yuqori, resurs tejaydigan va raqamli, axborot texnologiyalariga asoslangan ishlab chiqarishning ahamiyati ortadi. Raqamlashtirish jamiyat hayotining barcha jabhasi – moddiy ne’matlar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish, uy xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, hatto madaniyat va san’at sohalariga ham kirib boradi. Mexanik o‘zaro ta’sir o‘rnini endi elektron texnologiyalar egallaydi. Texnologik jarayonlar o‘zgarishining bosh trendi raqamlashtirishning o‘sishi, malakasiz mehnat o‘rnini asta-sekin mashina va kompyuterlar egallashi bo‘lib qoladi. Yalpi ichki mahsulotda sanoat va qishloq xo‘jaligi kabi an’anaviy sohalar ulushining pasayish tendensiyasi aslo bu tarmoqlar inqirozini bildirmaydi. 

Insonning axborot bilan bog‘liq faoliyati bugun iqtisodiyotning mustaqil sektoriga aylanib boshqa sektorlardan ustunlik qilmoqda. Raqamli iqtisodiyot rivojlangan mamlakatlarda yalpi ishchi kuchining 70 foiziga yaqini axborot va axborot xizmatini ishlab chiqarish bilan band. Real sektorda band bo‘lganlar ulushi esa 30 foiz atrofida. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) hisob-kitoblariga ko‘ra, raqamlashtirish bo‘yicha 2020-yilda ushbu bankka a’zo mamlakatlar orasida AQSH 95,4 ball bilan birinchi o‘rinni egallagan. Bank uslubiyatiga ko‘ra, raqamlashtirish indeksini baholash mamlakatning raqamlashtirish infratuzilmasi, bilim va ko‘nikmalar, AKT xizmatlarini taklif qilish huquqiy bazasi va elektron ko‘rinishda davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati orqali baholanadi. 

Raqamlashtirishda AQSHning qo‘li balandligi sabablaridan biri mamlakatda IT industriyasi rivojlanganidir. AKT bo‘yicha jahonning yetakchi kompaniyalari ushbu mamlakatda joylashgan. Masalan, “Amazon” 2020-yilda 220,8 milliard dollar ishlab topdi.

Undan keyingi o‘rinlarda esa “Google”, “Apple”, “Microsoft”, “Facebook”, “Walmart” kompaniyalari turibdi. Ilon Maskning “Tesla”si, Trevas Xalanikning “Uber”i o‘ta yuqori texnologiyali kompaniyalardir. Qolaversa, AQSHdan tashqarida dunyoga mashhur ko‘pchilik texnologik kompaniyalar Kaliforniyaning Kremniy (Silikon) vodiysidan start oladi. IT universal jarayon. U real sektorlar, xizmat ko‘rsatish, boshqarish, ijtimoiy sohalarga kirib, raqobat afzalligini bermoqda. 

Kremniy (Silikon) vodiysida jahon innovatsiyalari, fan sig‘imi yuqori ishlab chiqarish bilan bog‘liq startaplar dunyoga keladi. Venchur kapitalining o‘zaro aloqalari o‘rnatiladi. Bunga o‘xshash yuqori texnologiyalar markazini yaratishga urinish Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy, Tayvan va Hindiston kabi mamlakatlarda jadallashdi. Shu munosabat bilan mamlakatimiz ham o‘zining Kremniy vodiysiga ega bo‘lish fursati yetdi. U boshqa hududlardagi yuqori texnologiyali klasterlarga xalal bermasligi, aksincha, ularga yordam ko‘rsatishi, faoliyatini koordinatsiyalashtirishi, sohada yetakchi bo‘lishi kerak.

YeTTB uslubiyati bo‘yicha a’zo davlatlar (51 ta)ning raqamlashtirish reytingida O‘zbekiston 52,6 ball bilan 39-o‘rinni egallaydi. Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida raqamlashtirish indeksi bo‘yicha Qozog‘iston 71,1 ball bilan birinchi o‘rinda turibdi. Keyingi o‘rinlarni esa Qirg‘iziston – 47,1, Tojikiston – 29,7 va Turkmaniston – 23,7 ball bilan egallagan.

O‘zbekistonning mavqei 2015-2020-yillarda 17,6 birlikka (35 balldan 52,6 ballgacha) ko‘tarilgan. O‘sishni ta’minlashda mamlakatimizda bu yo‘nalishda amalga oshirilgan bir qator omillar muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasida 2013-2020-yillarda Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini kompleks rivojlantirish dasturi, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, Raqamli O‘zbekiston – 2030 strategiyasi, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va boshqa dasturlar, huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilindi.

Ko‘rsatilgan aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 2019-yildagi 10891,7 milliard so‘mdan 2021-yilda 17112,2 milliard so‘mga yetdi. 

HUDUDLAR BO‘YICHA ALOQA VA AXBOROTLASHTIRISH XIZMATI HAJMINING O‘SISH SUR’ATI (FOIZDA, MILLIARD SO‘MDA)

114,6 Qoraqalpog‘iston Respublikasi 448,6

111,2 Andijon 649,8

118,5 Buxoro 504,8

116,4 Jizzax 288,2

120,0 Qashqadaryo 599,1

115,9 Navoiy 293,5

112,9 Namangan 588,4

114,9 Samarqand 833,3

119,2 Surxondaryo 467,9

126,8 Sirdaryo 248,0

131,1 Toshkent 652,9

116,8 Farg‘ona 905,2

119,0 Xorazm 420,4

124,8 Toshkent shahri 10 211,9

Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘rsatilgan xizmatlarning 69,9 foizini telekommunikatsiya, 12,5 foizini kompyuter dasturlash, 12,6 foizini aloqa va axborotlashtirish, 5 foizini esa nashriyot xizmatlari tashkil etmoqda.

Raqamlashtirish bo‘yicha ko‘rsatkichlar bundan-da yuqori bo‘lishi mumkin edi. Buning uchun birinchi navbatda, raqamli infratuzilmaga kirish qulayligi, undan foydalanish koeffisiyentini oshirish lozim. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 36,1 balldan iborat bo‘lib, YeTTB a’zolari orasida eng past ko‘rsatkichlardan bo‘lib turibdi. 

Mamlakatimizning raqamlashtirish bo‘yicha ilg‘orlar safida bo‘lish imkoniyati bormi? Bor, albatta. Hali o‘tgan asrning 70-yillarida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi “Kibernetika” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida akademik Vosil Qobulov rahbarligida RASU (Respublika avtomatlashgan boshqaruv tizimi)ni yaratishga jiddiy urinishlar bo‘lgan. Viloyat, shahar va tumanlarda avtomatlashgan boshqaruv tizimi fragmentlarini yaratib, keyin ularni respublika miqyosida integratsiyalashtirish vazifasi qo‘yilgan. Bu hozirgi raqamlashtirishning, “Elektron hukumat”ning debochasi edi, desak xato bo‘lmaydi. Qizig‘i, bu vaqtda hali AQSHning Kremniy vodiysi dunyoga tanilmagan, “Osiyo yo‘lbarslari” mudroqda, Xitoyda Den Syaopin islohotlari boshlanmagan, Singapur baliqchilar posyolkasidan iborat dunyoning bir chekkasi edi. Ammo bu g‘oyani o‘sha vaqtda amalga oshirish imkoniyati bo‘lmadi, mavjud texnika va texnologiya, moliyalashtirish darajasi bilan bunga erishish qiyin edi. Oddiygina telefonlashtirishning o‘zi katta muammo hisoblanardi. Bugun esa vaziyat butunlay o‘zgardi, texnik-texnologik, moliyaviy, intellektual salohiyat mislsiz o‘sdi, qolaversa, xohish-istak, yaqin o‘tmish tajribasi, iroda bor. 

Prezidentimiz raqamli transformatsiyaga katta e’tibor qaratmoqda. Davlatimiz rahbari raqamli iqtisodiyotni shakllantirish unga muvofiq infratuzilmani, ulkan vosita va mehnat resurslarini talab qilsa-da, bu ishlar bilan bugun shug‘ullanish kerak, aks holda, ertaga kech bo‘ladi, keyingi besh yilda O‘zbekiston uchun ustuvor vazifa – raqamli iqtisodiyotga jadal o‘tish, deb hisoblamoqda.

Buning uchun esa, raqamli malaka va ko‘nikmalarni shakllantiruvchi ta’limni yanada rivojlantirish va unga investitsiyalarni keskin oshirish lozim. Buning sababi, bankka a’zo mamlakatlarda o‘tgan o‘n yillikda raqamlashtirish darajasi yuqori sektorlarda bandlik boshqa sektorlarga nisbatan 3 barobar ustun darajada o‘sgan. Raqamli malaka va ko‘nikmalarga talab borgan sari oshaveradi. 

Gap shundaki, ekspertlar xulosasi berishicha, bugunning o‘zida barcha kasblarning 78 foizi raqamli malaka talab qilmoqda, jahondagi kompaniyalarning 44 foizi raqamli rivojlanish strategiyasiga ega. Raqamli iqtisodiyot nafaqat vaqtni tejash, ishlab chiqarish unumdorligi va natijaviyligini oshirish vositasi, qolaversa, xufyona iqtisodiyot, ma’muriy buyruqbozlik darajasini pasaytirish imkoniyati, bozor dastaklari ishlab ketishining garovi hamdir. Prezidentimiz parlamentga 2020-yildagi Murojaatnomasida raqamli iqtisodiyotning yashirin iqtisodiyot darajasini pasaytirish bilan bevosita bog‘liqligini ta’kidladi.

Shuningdek, YAIMda raqamli iqtisodiyot ulushini, unga kiritiladigan investitsiyalar hajmini oshirish, elektron savdoni rivojlantirish ham davr talablaridan biri. Va nihoyat raqamli iqtisodiyot infratuzilmasini yaratishda davlatning o‘rni va roli oshib borishi lozim. Chunki bunday ulkan loyihani bir necha kompaniya bilan amalga oshirib bo‘lmaydi. Uni faqat davlatning yetakchiligida, kuchli tadbirkorlik va innovasion yondashuv orqali xususiy biznes, shu jumladan, chet el investitsiyalarining kuchi va imkoniyatlaridan foydalanib amalga oshirish mumkin. Bunda davlat va xususiy sheriklik tamoyilining ahamiyati katta. Davlat iqtisodiy jarayonlarni raqamlashtirishni umumiy texnologik platformalar tashkil qilish, amaldagi huquqiy-me’yoriy bazani takomillashtirish, “Elektron hukumat” tizimini yo‘lga qo‘yish, qulay soliq tizimini yaratish, IT kadrlarini tayyorlash, kibertahdidlar xavfsizligini ta’minlash, bu borada xalqaro hamkorlikni kengaytirishi orqali rivojlantirishi mumkin. 

Nurislom TO‘XLIYEV,

iqtisod fanlari doktori, professor 

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 4-iyul, 133-son

 

Izoh qoldirish