461

MUFTIY BOBOXONOVLAR MEROSI ISLOM SIVILIZATSIYASI MARKAZIGA TOPSHIRILDI

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Muftiy Boboxonovlar sulolasi shaxsiy kutubxonasida saqlanayotgan yozma va bosma asarlar, tarixiy hujjat va fotosuratlarni Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi fondiga qabul qilib olishga bag‘ishlab tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, Boboxonovlar sulolasi vakillari, olimlar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Tadbir  Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida tashkil etildi. 

Marosim Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi.

Dastlab O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov oxirgi yillarda mamlakatimizda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy sohada ulkan ishlar amalga oshirilayotgani borasida so‘z yuritdi. Jumladan, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilayotgani sohadagi muhim qadamlardan biri bo‘lgani, Markazdagi muzey boyitilib borilayotgani va bunda Muftiy Boboxonovlar sulolasi hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan alohida qism bo‘lishi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng Prezident maslahatchisi, Xalqaro islom akademiyasi rektori Muzafar Komilov so‘zga chiqib, Prezidentimizning Muftiy Boboxonovlar sulolasining tarixi, buyuk xizmatlarini ommalashtirish bo‘yicha alohida ko‘rsatmalari borligi, shu asosda ayni paytda ushbu ulug‘ insonlarning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab kitoblar, filmlar tayyorlanayotgani, xalqaro anjumanlar o‘tkazish reja qilingani, bunday qimmatbaho merosning taqdim etilishi katta tuhfa ekanini gapirib o‘tdilar.

Muftiy Nuriddin domla hazratlari ushbu xayrli ish Boboxonovlar sulolasining xizmatlarini asrlar davomida kelajak avlodga namoyish etish imkonini berishi, marhum muftiylar – Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon, Shayx Ziyouddinxon ibn Eshon Boboxon va Shamsiddinxon Boboxonovlar o‘ta mashaqqatli yillarda imon-e’tiqodni saqlash yo‘lida beqiyos xizmatlar qilishganini aytib o‘tdilar.

Uchrashuvda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov yig‘ilganlarga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va diniy ta’lim muassasalarida ham Muftiy Boboxonovlar sulolasi hayoti va faoliyatiga oid maxsus kurslar o‘tilayotgani haqida ma’lumot berdi.
 

Ulamolar, ziyolilar, Muftiy Boboxonovlarning safdosh va qarindoshlari ham so‘zga chiqishib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Yakunda Muftiy Boboxonovlar sulolasining hayotlari davomida jamlagan yozma va bosma kitoblari, tarixiy hujjat va fotosuratlar Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi va muzeyi fondiga berildi.


O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish