384

Ma’naviy rekreatsiya zamini

ZIYORAT TURIZMI

O‘zbekiston butun islom olamida haqli ravishda ma’naviy rekreatsiya, ya’ni ziyorat turizmining manzillaridan biri deb tan olingan. Bunga sabablar ko‘p. Jumladan, mamlakatimiz hududida turli konfessiyalar rivojlanishi bilan bog‘liq ko‘plab yodgorliklar va tarixiy joylar mavjud. Prezidentimizning shu yil 28-yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan Yangi O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida turizm va madaniy meros obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish hamda 8 mingdan ortiq madaniy meros obyektidan samarali foydalanish bo‘yicha Davlat dasturini qabul qilish vazifasi belgilangan. Bu esa mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish uchun jiddiy asosdir.

Ziyorat qadimgi sayohat turlaridan sanalib, ma’naviy asosga ega. “Ziyorat” so‘zi arabchadan olingan, “ko‘rishga borish (kelish)” ma’nosini bildiradi. Musulmonlarda ziyorat odatda muqaddas joylarga tashrif buyurishni anglatsa, boshqa din va elatlarda dunyo kezish tushunchalariga to‘g‘ri keladi. U kishining doimiy yashab turgan manzilidan uzoqlashgan holda diniy yoki dunyoviy muqaddas joylarga ziyorat qilishini nazarda tutadi. Lo‘nda aytganda, ziyorat kishilarning muqaddas joylarga borishi va u yerlarda muayyan amallarni bajarishi, ma’naviy-ruhiy ozuqa olishidir. Qolaversa, ziyorat odamlarning ma’naviy va jismoniy kamolotga erishishiga ko‘maklashadi. Ommaviy turizm jismoniy rekreatsiya bo‘lsa, ziyorat turizmi ma’naviy rekreatsiyadir. Shu bilan birga, u barqaror turizmni rivojlantirishning muhim segmenti sifatida milliy g‘oya va birdamlikni shakllantirish hamda mustahkamlashda ham muhim rol o‘ynaydi.

Ziyoratning diniy va dunyoviy turlarini bir-biridan ajratish lozim. Birinchisi ilohiy, ikkinchisi esa umuminsoniy qadriyatlarga asoslanadi. Agar diniy ziyorat muqaddas joylar, shaxslar, aziz avliyolar dafn etilgan manzillarga borishni bildirsa, dunyoviy ziyorat tabiiy, tarixiy va hayotiy maskanlarga borish va ularni qadrlashda o‘z ifodasini topadi.

Dunyoviy ziyorat komil inson tarbiyasi bilan chambarchas bog‘liq sayr-u sayohatdir. Xotira va qadrlash kunida “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambar qo‘yish, Toshkentdagi “Shahidlar xotirasi” majmuasini, Samarqanddagi Amir Temur qabrini ziyorat qilish, ko‘hna va boqiy Buxoro madaniy markazi yoki Xivaning Ichan qal’asiga tashrifni dunyoviy ziyoratga kiritish mumkin. 

Ziyorat turizmining ijtimoiy va ma’naviy ahamiyati katta. Muqaddas joylarga borish industrial jamiyat kishisining ruhiy kechinmalari bilan muloqotga kirishish imkoniyatini beradi. Ziyorat turizmi oilalarni birlashtirishga qulay sharoit yaratadi. Ijtimoiy jihatdan o‘sishga, insoniy birdamlik, birodarlikni mustahkamlashga, insonning shaxs sifatida shakllanishiga yordam beradi. Ijtimoiy va irqiy tabaqalanishni qisqartiradi.

Qadimda, hali zamonaviy transport va kommunikatsiya vositalari bo‘lmagan davrlarda Shohizindada dafn etilgan Qusam ibn Abbos mozorini ziyorat qilish odat tusiga kirgan. Bu majmua hozir ham ziyoratchilar bilan gavjum. Shuningdek, Samarqanddagi Imom Buxoriy, Xo‘ja Doniyol qabrlari, Hazrat Xizr masjidi, Buxorodagi “Yetti pir” memorial ansambli, Surxondaryodagi Hakim Termiziy, Abu Iso Termiziy maqbaralari muqaddas qadamjolardandir.

Ziyorat turizmini sayyohlikning boshqa shakllaridan ajratish ancha qiyin, albatta. Muqaddas joylarni ziyorat qilish uchun kelganlar faqat aziz avliyolar qabriga borish bilan cheklanmaydi. Ular shaharlarning diqqatga sazovor boshqa tarixiy, madaniy obyektlari, me’moriy obidalarini ko‘rishni istaydi. Mahalliy aholining turmush tarzi, an’ana, urf-odat, qadriyatlari, zamonaviy hayoti bilan ham tanishadi. Shahar va shaharlararo transport hamda kommunikatsiya vositalaridan foydalanadi. Milliy tansiq taomlardan tanovul qilib, har xil suvenir, milliy liboslar xarid qiladi. Demak, ziyorat turizmining iqtisodiy-moliyaviy ahamiyati ham katta. 

Shu bilan birga, ishbilarmonlik, xizmat safari, mamlakat tarixi, iqtisodiyoti, madaniyatiga qiziquvchilar, kongress bo‘yicha tashrifchilar orasida ham diniy obyektlar – masjidlar, madrasalar, sag‘ana va maqbaralarni borib ko‘ruvchilar kam emas. Toshkent shahriga tashrif buyuruvchilarning ko‘pchiligi Xastimom (Hazrati Imom) majmuasini ziyorat qilmasdan ketmaydi. 

Sof ziyorat maqsadida keluvchilar, asosan, katta yoshli, o‘ziga to‘q, hisob-kitob bilan ish yuritadigan kishilardir. Ular ortiqcha xarajatni xush ko‘rmaydi. Shu bois, tabiiyki, turli ko‘ngilochar joylarga bormaydi. Ziyorat turizmida juda katta ma’naviy, siyosiy, ijtimoiy samaradan tashqari turli moliyaviy resurslar, sarf-xarajatlar ham borki, ulardan maqsadga muvofiq foydalanish sarflangan mablag‘ni to‘la qoplabgina qolmay, foyda ham keltiradi. Buning ustiga, ziyoratchi sayyohlarga ko‘rsatiladigan barcha xizmat tekin emas.

Keyingi yillarda yurtimizda ziyorat turizmini umumiy turizmning bir tarmog‘i sifatida rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, infratuzilmasini takomillashtirish, sohani o‘rta maxsus va oliy malakali kadrlar bilan ta’minlash bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimiz maqbaralari obod qilinib, masjid va madrasalar, ziyoratchilar uchun xos mehmonxonalar qurilib, atrofida bog‘-rog‘lar barpo etildi.

Ichki va ziyorat turizmi yo‘nalishida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida hozir Turizm va madaniy meros vazirligi tizimida 2 ta ilmiy-tadqiqot instituti, 4 ta kollej, 6 ta texnikum hamda Samarqandda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti faoliyat ko‘rsatmoqda. Universitetda malakali xorijlik hamda xorijda ta’lim olgan mutaxassislar dars o‘tadi. Ziyorat turizmi yo‘nalishida magistratura ham mavjud.

Buyuk allomalarni bergan bu muqaddas zamin chet ellik turistlarni, ayniqsa, ziyoratchi sayyohlarni o‘ziga ohanrabodek tortadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, hanuzgacha ziyorat obyektlarining axborot paketi to‘la shakllanmagan, ziyoratni tashkil etishda innovatsion raqamli omillardan foydalanish mexanizmi yaratilmagan, ziyorat obyektlari xaritalari talab darajasida emas. Shu munosabat bilan mamlakatimizda ziyorat turizmi elektron integratsion platformasini yaratish dolzarb bo‘lib turibdi. Bu masalani e’tiborga olib, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida shunday elektron platforma davlat granti asosida yaratilmoqda. Bu loyiha mamlakatimizda mavjud yirik muqaddas qadamjolar, noyob obyektlar, me’moriy yodgorliklar, madaniy, ma’naviy va moddiy boyliklarning xalqaro tajribalarga asoslangan yagona integratsion reestrini tuzish, muqaddas qadamjolar, noyob obyektlar, me’moriy yodgorliklar, madaniy, ma’naviy va moddiy boyliklarning aniq tarixiy manbalarga asoslangan tavsifini yaratish, ularga xalqaro standartlar asosida brend berish, “O‘zbekiston ziyorat obyektlari” fotoalbomi, oliy ta’lim muassasalarining iqtisodiyot, tarix, dinshunoslik, islomshunoslik yo‘nalishlari talabalari uchun elektron o‘quv majmuasini tayyorlash imkonini beradi.

Prezidentimizning 2021-yil 9-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining o‘tgan yil 24-fevraldagi “Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori yurtimizda turizm bozorining turli segmentlariga yo‘naltirilgan sayyohlik mahsuloti va xizmatlarini diversifikatsiyalash, raqobatbardoshligini yanada oshirish, maqbul va qulay ichki hamda xalqaro ziyorat turizmi muhitini yaratish, transport yo‘nalishlarini kengaytirish, uning xizmatlari sifatini yuksaltirish, turizm mahsulotlarini keng targ‘ib qilish, shuningdek, mamlakatimizning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi imijini mustahkamlashga doir vazifa hamda chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Jumladan, Samarqandda turizmga xizmat qiladigan xalqaro aeroport faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Aeroport soatiga 800 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish, “ochiq osmon” rejimida faoliyat yuritish, doimiy reyslar sonini haftasiga 40 tadan 120 tagacha oshirish salohiyatiga ega. Mustaqil ekspertlar aeroport orqali yo‘lovchi oqimini yiliga 480 ming kishidan 2 million kishiga oshirish imkoniyati mavjudligini qayd etmoqda.

Xorijiy tajribadan kelib chiqib, salohiyatli shahar va tumanlarda sayyohlar hamda mehmonlar uchun xizmat ko‘rsatuvchi tungi savdo komplekslari va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan ishlar boshlangan. Dastlab Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida sayyohlar uchun sharoitlar yaratilmoqda. Sayyohlar uchun 24 soat davomida xizmat ko‘rsatishga erishish orqali aholi bandligi ta’minlanadi. Bunga o‘xshash ichki va ziyorat turizmi infratuzilmasini yaratish ishlari mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida olib borilmoqda.

Nurislom TO‘XLIYEV,

iqtisod fanlari doktori, professor

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 10-iyun, 115-son

Izoh qoldirish