Sharq allomalarining islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi
Mamlakatimiz dunyo tamadduni va islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar yurti sifatida shuhrat qozongan. Ajdodlarimiz bebaho merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni yanada rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ezgu ishlar O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi nufuzini yanada oshirish, yoshlarimizni milliy qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday ezgu islohotlarni davom ettirish borasidagi ishlar qatorida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Sharq allomalarining islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiya markazi, O‘zFA Sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
So‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan tub islohotlar mazmun-mohiyatini keng yoritish, qadim va boy ilmiy-tarixiy merosimizni chuqur o‘rganish asosida xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodni yot va buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilish konferensiyaning ustuvor maqsadlaridan etib belgilandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarovning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabriklari o‘qib eshittirildi.
Shuningdek, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ICESCO) rahbari, doktor Salim al-Malik, Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) rahbari, professor, doktor Mahmud Erol Qilich, Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, Bosh muftiy Naurыzbay xoji Taganulы, Qirg‘iziston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Zamir qori Rakiyev, Malayziya Milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti direktori Fariza Sham, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari Firdavs Halimov o‘zlarining tabrik so‘zlari bilan ishtirok etishdi.
– Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati ko‘hna va boy tarixga ega. Buni, eng avvalo, ushbu zaminda eramizdan avvalgi davrlardayoq qadimgi baqtriya, so‘g‘d, o‘rxun, xorazm yozuvlari ixtiro qilingani isbotlaydi, – deyiladi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning tabrigida. – Miloddan avvalgi II asrdan milodiy XV asrga qadar Buyuk Ipak yo‘lining aynan Markaziy Osiyoning bir necha shaharlaridan o‘tgani esa, ushbu yurtda nafaqat savdo-sotiq, balki ilm-fan va madaniyat taraqqiy etishiga zamin hozirladi. Tinchlik-totuvlik muhiti hamda sivilizatsiyalararo do‘stona muloqot esa ilk davlatchilikning qaror topishi va taraqqiy etishiga ham sharoit yaratgan.
So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ygan xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy barkamolligini namoyon qilishi bilan bir qatorda, Uchinchi Renessans davriga poydevor ilm-ma’rifat maskanlari bo‘lishi, shubhasiz.
– Sharq qadim sivilizatsiya chorrahasi bo‘libgina qolmay, ilm-fan, san’at, adabiyot namunalarining asosi va beshigi bo‘lib, qadimgi va zamonaviy olamning madaniy xilma-xilligi bilan ajralib turadi, – deydi Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ICESCO) rahbari, doktor Salim al-Malik. – Islom tarixida sivilizatsiya markazlari ko‘p bo‘lgan. Buning natijasida ushbu zaminlardan ko‘plab olim-u ulamolar yetishib chiqdi. Misol uchun astronomiyada Abu Rayxon Beruniy, tibbiyotda Abu Ali ibn Sino, falsafada Abu Nasr Forobiy, matematikada al-Xorazmiy va shuningdek, hadis, fiqh, shariat ilmlari bo‘yicha ulamolar kamol topdi. Ilm-fanning rivojlanishi o‘rta asrlardagi Uyg‘onish davri asosi bo‘ldi. Insoniyat tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan bu zotlar haqida har qancha gapirsak ham oz.
– Mazkur anjuman ishiga muvaffaqiyat tilab qolaman, – deydi Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) rahbari, professor, doktor Mahmud Erol Qilich. – Islom sivilizatsiyasining oltin asrida Sharq sivilizatsiyasining asosiy bosqichini tashkil etdi.
Islom dinining ma’naviy tafakkur, aqliy salohiyat va empirik kuzatish haqidagi ta’limotlaridan ilhomlangan ulug‘ allomalarimiz tufayli bir necha asrlar davomida Sharq va Gʻarb yarim sharlarida islom ilmiy faoliyati gullab-yashnadi. Islomning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi tufayli Sharq bir necha asrlar davomida taraqqiyotning o‘zagi bo‘lib kelgan. Bugun ham uning nuri umumbashariy madaniy va ilmiy meros sifatida keng nur sochmoqda.
Ilm-fan birinchi marta Mesopotamiya, Misr, Xitoy, Hindiston, qadimgi Yunoniston va Rimda rivojlangan. Islom dini paydo bo‘lgach, Sharq yana yetakchilikni qo‘lga oldi. Matematika va tabiiy fanlar, shuningdek, falsafa va adabiyotda son-sanoqsiz asarlar yaratildi. Ilmiy va zamonaviy sivilizatsiyalarning tegishli fanlari tarjima va sharhlar orqali tadqiqotlarga kiritildi. Ayni paytda islom olamidagi yirik ilmiy tadqiqot markazlarida ilg‘or talabalar tomonidan keng ko‘lamli ilmiy izlanishlar olib borilayotgani e’tiborlidir Bunda ayniqsa, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda faoliyat boshlagan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari bu boradagi izlanishlarni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonamiz.
– Ilm-fan – inson kamolotiga poydevor, – deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev. – Ma’rifat va ma’naviyat esa barkamollik ustunlaridir. Zero, qadim Sharqda ta’lim va tarbiya hech vaqt ayro yoki biri ikkinchisidan ustun baholanmagan. Bu esa dunyo tamadduniga tamal toshlarini qo‘ygan Imom Buxori-yu Al-Xorazmiylar, Imom Nasafiylar-u Al-Farg‘oniylar kabi ne-ne dovrug‘i dunyoga doston ulug‘ qomusiy allomalar bebaho merosida ham namoyon.
Ulug‘ ajdodlarning donishmandlik an’analariga amal qilib, bugun O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. So‘nggi besh yilda mamlakatimizda turli millat va konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro hurmat, birdamlik va hamkorlik muhitini mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni qo‘llab-quvvatlash hamda tinchlik va totuvlikni ta’minlashga qaratilgan izchil va puxta o‘ylangan siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda.
– Sharq zaminida kamol topgan minglab olimlar va mutafakkirlar Islom dini rivojiga juda katta hissa qo‘shganlari ma’lum-u mashhurdir, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov. – Allomalarning ilm-fanga baxshida etgan umri, erishgan yutuqlari va kashifiyotlari hozir ham insoniyatni hayratga solmoqda. Misol uchun, Xorazm diyoridan olis Arabistonga borib, arab tili grammatikasini mukammal tarzda ishlab chiqqan Mahmud Zamahshariyni esga olaylik. O‘zining jismoniy nogironligiga qaramasdan, dunyoning ko‘plab mamlakatlariga safarlar qilgan, chuqur bilimi va ilmiy salohiyati bilan hammani lol qoldirgan.
So‘nggi yillarda Sharq allomalari ilmiy merosi chuqur o‘rganilmoqda. Mutafakkirlarning ilmiy asarlari o‘sib kelayotgan avlod uchun bilim va tarbiya manbai bo‘lishi bilan birga yangi kashfiyotlarga yetaklaydi.
Konferensiyada Peshovar universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo tadqiqot markazi direktori Xon Shobir Ahmad, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bosh ilmiy xodimi Ahmad Sa’d Damanhuriy, “Nur Muborak” Misr Islom madaniyati universiteti qoshidagi Abu Xanifa ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shamshadin Kerim, Turkiya Anqara universiteti Ilohiyot fakulteti professori So‘nmaz Qutlu, Gyote nomidagi Frankfurt universitetining Islom dini va madaniyatini o‘rganish instituti direktori Umar Uzsoy, Britaniya kutubxonasining turkiy va turk tilidagi qo‘lyozmalari kuratori Maykl Jeyms Erdman, Malayziyadagi Kebangsaan universiteti, Islom Hadhari instituti direktor o‘rinbosari, dotsent Mohd al Adib Samuri, Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) Bosh direktorining dasturlar bo‘yicha maslahatchisi Ashirbek Muminov hamda 200 dan ortiq mahalliy, xorijiy olimlar, soha mutaxassislari, taniqli ekspertlar, ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Zohidjon Islomov olib bordi.
Xalqaro konferensiya “Sharq allomalari merosida islom ilmlarining o‘rganilishi”, “Movarounnahrda, ijtimoiy, tabiiy va aniq fanlar rivoji”, “Musulmon olimlarining jahon ilm-fani taraqqiyotiga ta’siri” hamda “Musulmon allomalarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi” kabi shoʻba yig‘ilishlarida davom etdi.
Ilm mashvaratida “Markaziy Osiyo allomalarining san’at, gumanitar fanlar, dinshunoslik, ijtimoiy fanlar rivojiga qo‘shgan hissasi”, “Musulmon Sharqi olimlarining islom sivilizatsiyasi rivojida tutgan o‘rni: Imom Dorimiy”, “Somoniylar davrida ilmiy hayot ko‘rinishlari va Movarounnahr olimlarining ilm-fanga qo‘shgan hissasi”, “Klassik islomshunoslik va sharqshunos islomshunoslik o‘rtasidagi zamonaviy islom ilohiyotshunosligi: muammolar va imkoniyatlar”, “Sahihi Buxoriyda fitrat tushunchasi va hadislar sharhi”, “Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan O‘zbekiston tarixiga oid nodir qo‘lyozmalar taqdimoti”, “Uyg‘onish davri Markaziy Osiyo mutafakkirlari dunyoqarashida bag‘rikenglik g‘oyalari” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Xalqaro anjumanda O‘zbekiston zamini islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri bo‘lib, diyorimizda kamol topgan buyuk mutafakkirlar islom ilmlari bilan bir qatorda dunyoviy fanlar rivojiga ham ulkan hissa qo‘shganlari, ularning boy ilmiy-ma’naviy merosi o‘zining ahamiyati bilan hozirgi davrda ham xalqaro jamoatchilik tomonidan ham keng e’tirof etilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, konferensiya ishtirokchilari tomonidan yangi O‘zbekistonda allomalar ilmiy-ma’rifiy, madaniy-ma’rifiy merosini tiklash, uni o‘rganish va keng targ‘ib qilish hamda jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini ko‘rsatib berish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani, bunda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ajdodlarimiz nomi bilan atalgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlariga asos solinishi yuqori baholandi.
Tadbir so‘nggida anjumanda ma’ruza bilan ishtirok etgan mutaxassislarga sertifikatlar topshirildi. Dolzarb ilmiy mavzular asosida yakuniy xulosa va tavsiyalar qabul qilindi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish