441

Ezgu maqsadlar sari intilamiz


MUNOSABAT

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida hamkasb professor-o‘qituvchilar bilan birga tingladik. Davlatimiz rahbarining har bir ma’ruza va chiqishlari tom ma’noda tarix yaratuvchanlik salohiyatiga ega. Kuni kecha Oliy Majlisga qilingan Murojaatnoma mamlakatimizning tarixida tub burilish yasaydigan hujjatlar va amaliy faoliyatga asos yaratadi, degan fikrdaman.

Yilning sarhisobi o‘laroq yangragan ma’ruzada keltirilgan fakt va raqamlarning ko‘pligi butun jahon ahliga katta sinov sifatida kechgan 2020-yilda ham O‘zbekistonda islohotlar jadal suratda olib borilganidan dalolat beradi. Koronavirus pandemiyasi, Buxoro va Sardobadagi texnogen ofatlardan zarar ko‘rgan aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kuchli ijtimoiy siyosat yurgizilishi hokimiyat hamda uning manbai bo‘lgan xalqning yakdil va yagona ekanligining amaliy ifodasi bo‘ldi. Ayniqsa, “Mehr” operatsiyasi orqali aldangan va adashgan fuqarolarimizning urush maydonlaridan o‘z ona yurtlariga olib kelinishi, O‘zbekistonda har bir fuqaro davlat himoyasida ekanini yaqqol namoyon etdi.

Mamlakatning rivojlanishi strategiyasida ilm-fan taraqqiyotiga bog‘liq holda fanni rivojlantirish orqali yuksalishning yangi marralarining ko‘zlanishi bir ziyoli sifatida meni quvontirdi. Ma’ruzada haqli ravishda ta’kidlanganidek, bizning vatanimiz bashariyat ahliga ustoz va murabbiy, ma’naviy rahnamo bo‘lgan allomalarning yurti hisoblanadi. Ammo biz faqat bobolarimiz merosi bilan faxrlanish bilan kifoyalanib qolmasdan, buyuk ajdodlarga munosib avlodni tarbiyalashimiz kerak. Yangi Renessans poydevorini qo‘yish uchun avvalgi ikki Renessans namoyandalarining merosini ham chuqur o‘rganib, yoshlarimizga o‘rgatish yo‘lida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining o‘rni benihoya katta.

Ma’naviy merosimizning asosiy qismi arab, fors va eski o‘zbek tilida yaratilgani bois, akademiyada ushbu tillarni mukammal o‘rgatish alohida ahamiyat kasb etadi. Bu bebaho merosni o‘rganish va tadqiq etish uchun bilimli va fidoyi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Gʻamxo‘r ustozlar va bilimga chanqoq yoshlar birlashgan muhitda sog‘lom fikr, samarali mehnat va yuksak natijalar vujudga keladi.

Prezidentimiz tomonidan belgilangan islohotlar sari, bugun yaxshi niyatlar bilan juda katta marralarni o‘zimizga belgilab oldik. 2021-yilda oldimizda har qachongidan ham zarur va o‘ta muhim vazifalar turgani aniq. Albatta, ularga erishish oson bo‘lmaydi.

Hayotimizning turli sohalarida muammo va kamchiliklarimiz ham yetarli. Joylarda ishni to‘g‘ri tashkil etmaslik, ayrim rahbarlarda saviya va malaka yetishmasligi, korrupsiya holatlari, loqaydlik va beparvolik kabi nuqsonlar ham borligi sir emas. Yo‘limizda katta g‘ov bo‘lib turgan to‘siqlarni bartaraf etish uchun boshlagan islohotlarimizni og‘ishmasdan davom ettirishimiz kerakligini yana bir bor tushunyapmiz.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, yangi yilda yanada katta safarbarlik ruhida ishlashga to‘g‘ri keladi. Hayot oldimizga yana qancha sinov va muammolarni qo‘yishi mumkin va biz har qanday holatga tayyor turishimiz kerakligini esimizdan zinhor chiqarmasligimiz kerak. Ammo bu mashaqqat va sinovlar biz tanlagan demokratik islohotlar yo‘lidan hech qachon ortga qaytarolmaydi. Chunki biz kechagi xalq emasmiz. Bugungi O‘zbekiston ham kechagi O‘zbekiston emas.

Nargiza Shoaliyeva,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi katta o‘qituvchisi

Izoh qoldirish